Elektron xarid tizimi tadbirkorlarga katta qulaylik yaratmoqda
12/10/2016 - 10:26 9792
Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga qulay imkoniyatlar yaratish tizimi yildan-yilga takomillashmoqda. Davlat xaridlari tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilgani, ya’ni tadbirkorlar uchun elektron xarid qilish imkoniyati yaratilgani katta qulayliklar yaratayotir.
Bu borada Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan izchil ishlar olib borilmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari elektron shakldagi korporativ xaridlar tizimiga keng jalb qilinayotir. Bu raqobatni rivojlantirib, tovarlar narxlarining oshkoraligini ta’minlash va optimallashtirishga yo‘l ochmoqda.
2011-yildan buyon mazkur birjada davlat xaridlarining elektron tizimi joriy etilgan. Bu boshlang‘ich narxlarni pasaytirish bo‘yicha elektron auksion savdolar o‘tkazilishi, davlat byudjeti mablag‘laridan samarali foydalanish va kichik biznes subyektlarining davlat buyurtmalaridagi ishtirokini kengaytirishga imkoniyat yaratdi.
Bunda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yil 7-fevraldagi “Davlat xaridlari tizimini maqbullashtirish va ularga kichik biznes subyektlarini jalb etishni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘ldi.
Elektron xaridlar tizimi davlat va korporativ xaridlar savdo platformalaridan iborat bo‘lib, ular boshlang‘ich narxlarni pasaytirishga qaratilgan elektron auksion savdolar shaklida amalga oshiriladi. Davlat xaridlarini amalga oshirishning barcha bosqichlari, ya’ni tovarlarni sotib olish to‘g‘risidagi e’lonni berishdan tortib, to tovarni yetkazib beruvchini aniqlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkazilgani xaridlarni amalga oshirish jarayoni va ularning natijalariga inson omilining ta’sir etishini imkon qadar chekladi.
Hozirgi kunda birja orqali oziq-ovqat, kiyim-kechak, choyshablar, mebel, komputer texnikasi singari bir necha turdagi mahsulotlarni elektron tizim orqali sotish va sotib olish imkoniyati yaratilgan.
Ayni paytda birjaning elektron kimoshdi savdo tizimida 25 mingdan ortiq buyurtmachi va 44 mingdan ziyod yetkazib beruvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Yetkazib beruvchilarning 98,6 foizi kichik biznes subyektlaridir.
Joriy yilning o‘tgan davrida birja orqali amalga oshirilgan davlat xaridlarining hajmi to‘rt yuz milliard so‘mga yaqinlashdi. Byudjet mablag‘larining tejalishi 83,7 milliard so‘mga yetdi.
– Davlat xaridlari tizimi muntazam ravishda takomillashtirilmoqda, – deydi Respublika tovar-xomashyo birjasi kichik biznes subyektlari mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlash markazi mutaxassisi Murod Zokirov. – Davlat va korporativ xaridlarning ochiqligi va raqobatdoshligini oshirish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-iyuldagi “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining maxsus axborot portali hamda davlat va korporativ xaridlarni amalga oshirish jarayonlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etdi. Shu asosda davlat va korporativ xaridlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar birjaning maxsus axborot portaliga joylashtirilmasa, ularni o‘tkazish usulidan qat’i nazar, xarid bo‘yicha shartnoma tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Birja axborot portalida majburiy tarzda xaridlar to‘g‘risidagi e’lonlar, ularning reja-jadvallari, davlat va korporativ xaridlarning natijalari, statistik ko‘rsatkichlar va bir qator boshqa ma’lumotlar joylashtirilgan. Portaldan agentlar, kafolatlovchi va nohalol yetkazib beruvchilar ro‘yxatlari, birja tovarlari uchun o‘rtacha narxlar ham joylashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida “Elektron hukumat” tizimini joriy etish doirasida davlat organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining vakolatli organlar bilan o‘zaro hamkorligining bevosita muloqot qilmaydigan shakllarini kengaytirish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish vazifasi qo‘yilgan. Bu elektron muloqot doirasi kengayishi, tadbirkorlarga yanada keng imkoniyatlar yaratilishiga yo‘l ochadi.
– Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar faoliyatimizni yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi “Magnitik group” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Suhrob Rasulov. – Firmamiz orqali hisoblagich va komputer texnikalarini tashkilotlarga yetkazib bermoqdamiz. Avvallari bozorda maxsus do‘kon ochib savdo qilgan bo‘lsak, hozirgi kunda mahsulotlarni elektron savdo orqali amalga oshiryapmiz. Bunda bizga Respublika tovar-xomashyo birjasi har jihatdan ko‘maklashmoqda. Elektron savdo tizimida savdo qilish mamlakatimizning turli hududlarida mahsulotlarimizni masofadan turib sotish imkonini bermoqda. Bu vaqtimizni tejashga, sarf-xarajatlarni keskin kamaytirishga yordam bermoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, elektron savdolar sohasida olib borilayotgan ishlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratmoqda. Bu ularning samarali faoliyat yuritishiga, iqtisodiyotimizdagi o‘rni va ulushi yanada mustahkamlanishiga zamin yaratayotir.
Manba: O‘zA