Ishlab chiqarish hajmini qanday ko‘rsatkichlar ifodalaydi?
04/10/2016 - 09:23 14703
«Iqtisodiyot saboqlari» rukni ostida berilayotgan navbatdagi mashg‘ulotni iqtisodchi Akrom Mo‘minov olib boradi.
Savol: Mamlakat miqyosida ishlab chiqarish hajmini qanday ko‘rsatkichlar ifodalaydi?
Javob: Ushbu ko‘rsatkichlar quyidagilardan iborat:
Yalpi ishlab chiqarish — bu keng ma’noda mamlakatda ishlab chiqarilgan barcha tovar va xizmatlarning pul qiymatidir. Uni hisoblayotganda ishlab chiqarishga sarflangan moddiy va nomoddiy sarf-xarajatlar qiymati (oraliq iste’mol) chiqarib tashlanmaydi. Shuning uchun ushbu ko‘rsatkich tarkibida takroriy hisob mavjud. Yalpi ishlab chiqarish boshqa makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblash uchun asos vazifasini bajaradi.
Yalpi ichki mahsulot — bu muayyan vaqt davomida mamlakat rezidentlari va norezidentlari tomonidan ishlab chiqarilgan pirovard tovar hamda xizmatlarning bozor bahosidagi qiymatidir.
Yalpi ichki mahsulot (YaIM) — mamlakatning iqtisodiy salohiyatini ifodalovchi asosiy mikroiqtisodiy ko‘rsatkich hisoblanadi. U muayyan davrda rezident va norezidentlar tomonidan mamlakat hududida yaratilgan pirovard tovar va xizmatlarning bozor narxlaridagi qiymatini aks ettiradi.
Rezidentlar — xalqaro andozalarga binoan (milliy hisoblar tizimi qoidalariga ko‘ra) iqtisodiy qiziqishi shu mamlakat iqtisodiy hududida bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar (institutsional birliklar) bo‘lib, ular uzoq vaqt davomida (bir yil va undan ortiq) faoliyat olib boradi (O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligida rezidentlikka mansublik muddati 183 va undan ortiq kun qilib belgilangan).
Rezident institutsional birliklarga quyidagilar kiradi:
— mamlakat hududida doimiy yashaydigan jismoniy shaxslar (uy xo‘jaligi a’zolari);
— yuridik shaxslar va mamlakat hududidagi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi subyektlar;
— mamlakatning xorijdagi diplomatik, konsullik, savdo ishlari vakillari va boshqa rasmiy vakillar.
Norezidentlar — hozirgi vaqtda muayyan bir mamlakat hududida bir yildan kam bo‘lgan muddatda iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan, ammo asosiy daromad olish manbai va doimiy yashash joyi boshqa mamlakat hisoblangan institutsional birliklar.
Yalpi milliy daromad — bu yalpi ichki mahsulot va mamlakat rezidentlarining chet eldan olgan birlamchi daromadlari saldosi (qoldig‘i)ning yig‘indisidir.
Yalpi ixtiyordagi milliy daromad — bu yalpi milliy daromad va chet eldan olingan hamda chet elga berilgan ikkilamchi daromadlar (joriy transfertlar) saldosining yig‘indisidir.
Transfert — bu bir iqtisodiy birlikning ikkinchi iqtisodiy birlikka tovar va xizmatlar yoki mulkni qaytarib olmaslik sharti bilan berishidir. Transfertlarning harakati bir tomonlamalik xususiyatiga ega.
Yalpi jamg‘arish — bu yalpi ixtiyordagi milliy daromad va iste’mol xarajatlari orasidagi farqdir. Yalpi ixtiyordagi milliy daromaddan ikki maqsadda — yalpi iste’mol va yalpi jamg‘arish maqsadida foydalanish mumkin.