Yengil sanoat: xomashyodan tayyor mahsulotga
03/10/2016 - 15:58 8193
Mustaqillik yillarida yengil sanoatda amalga oshirilgan islohotlar natijasida bugun yurtimiz xomashyoni qayta ishlash orqali tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mamlakatga aylanib bormoqda.
Ayni paytda ushbu sohada 8 mingga yaqin korxona faoliyat yuritib, ularda 95 ming nafardan ziyod kishi mehnat qilmoqda. Bu korxonalarda bo‘yalgan ip kalava, gazlama va matolar, xushbichim tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari, zamonaviy choyshablar va gilam kabi tayyor mahsulotlarning 350 dan ortiq turini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
So‘nggi 10 yil ichida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish 4,3 barobarga, mahsulotlar eksporti esa qariyb 4 barobarga o‘sdi va ishlab chiqarish tarkibida tayyor mahsulotlarning ulushi 65 foizdan ortdi.
Agarda mustaqillikning dastlabki yillarida butun tarmoqning eksport salohiyati bor-yo‘g‘i 7 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytda yengil sanoat mahsulotlarining eksporti 1 milliard dollardan ziyoddir. Shuningdek, tarmoqda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik hamda tayyor kiyim-kechak mahsulotlari jahonning 60 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda Braziliya, Chili, Xorvatiya, Nigeriya kabi mamlakatlarga ham ko‘plab turdagi yengil sanoat mahsulotlarining eksporti yo‘lga qo‘yildi.
Bunday yuksak natijalarga erishishda tarmoqda amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Jumladan, butunlay to‘xtab qolgan eski ip-yigiruv kombinatlari o‘rniga zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan xorijiy hamda qo‘shma korxonalar tashkil etildi. Ko‘plab korxonalar modernizatsiya qilinib, ularda jahon andozalari darajasidagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarila boshlandi. Korxonalarga berilgan imtiyoz va preferensiyalar ham ularning tashqi bozorda mustahkam o‘rin egallashiga qulay imkon yaratdi. Ushbu imtiyozlardan samarali foydalanish evaziga iqtisod qilingan mablag‘lar esa yangi quvvatlarni barpo etishga hamda zarur xomashyo va materiallarni xarid qilishga yo‘naltirildi.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ayniqsa, paxta tolasini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishga katta e’tibor berilayotir. 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish dasturi asosida to‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati qariyb 1,0 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 77 muhim loyiha amalga oshiriladi. Eng e’tiborlisi, mazkur investitsiya loyihalari asosida vertikal integratsiyalashgan, ya’ni qayta ishlashning 3 bosqichli tizimiga tayangan holda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan to‘qimachilik majmualari bunyod etiladi.
Bu tizimning mohiyati shundaki, birinchi bosqichda paxta tolasini qayta ishlash orqali birlamchi yarim tayyor mahsulot – ip kalava ishlab chiqariladi. Ikkinchi bosqich esa ip kalavani asosiy yarim tayyor materiallar, ya’ni gazlama va matoga aylantirish siklini qamrab oladi.Uchinchi – so‘nggi bosqichda gazlama va matolardan tayyor mahsulotlar hamda kiyim-kechaklar ishlab chiqariladi.
Natijada yuqori sifatli ekologik toza hamda xaridorgir tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston yengil sanoatini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishga mustahkam zamin bo‘ladi.
Bunyod RAJABOV,
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bo‘lim boshlig‘i.