Trening faoliyati natijasida sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi

29/09/2016 - 16:05 7910

Joriy yilning 29 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Jahon banki hamkorligidagi “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida uyushtirilgan “Tog‘-kon va metallurgiya, neft-gaz va kimyo tarmoqlari mutaxassislarining energiya samaradorligi borasidagi salohiyatini oshirish” mavzuida treningning ikkinchi bosqichi yakunlandi.

Bundan bir hafta oldin o‘tkazilgan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, yirik sanoat korxonalarining yigirma nafar mutaxassislari «INTEGRATION Environment & Energy GmbH» (Germaniya) kompaniya ekspertlari tomonidan tayyorlangan amaliy seminarda ishtirok etdilar.

Birinchi kun davomida ishtirokchilar o‘zlarning korxonalarida energiya resurslarini iste'mol qilish hajmining ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmiga bog‘liqligini tahlil qilish bilan shug‘ullanishdi. Ya'ni, mutaxassislar ishlab chiqilgan bir dona mahsulot miqdoriga sarflangan energiya resurslarini iqtisod qilishni o‘rganishdi. Treningda namoyish qilingan ma'lumotlarni tahlil qilish usuli ishtirokchilarga ishlab chiqarishda energiya xarajatlarni kamaytirish muammosi yechimining yangi yo‘llarini ko‘rsatib berdi.

Amaliy seminarning ikkinchi kunida energetik-injenerlar tomonidan o‘tkazilgan tahlillar asosida yuqorida qayd etilgan tarmoq korxonalarining ayrim bo‘linmalarida energiya samaradorligini ta'minlash orqali energiya hajmini qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Xalqaro ekspertlar taqdim etilgan ushbu takliflar va fikrlarni loyiha shakliga qo‘yishida ko‘maklashdi.

Uchinchi kuni tuzilgan va takomillashtirilgan loyihalarning taqdimoti  bo‘lib o‘tdi. Ekspertlar ko‘magida ishtirokchilar biznes-rejalarni ishlab chiqishdi, shuningdek, ular loyiha samaradorligini baholash va uning xarajatlarni qoplash, moliyalashtirish manbalarini topish masalalariga ham to‘xtalishdi. Xalqaro ekspertlar ishlab chiqilgan biznes-rejalarni tatbiq etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berdilar.

Trening natijasida milliy sanoatimizda bir qator  energiya hajmini qisqartirish borasida istiqboldagi salohiyatli loyihalar taklif qilindi. Ushbular yetarli darajada o‘rganilgan taqdirda, salohiyatli loyihalar sifatida amaliyotga tatbiq etish imkoniyati yaratilib, ushbular Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi mablag‘lari orqali ham moliyalashtirilishi mumkinligi qayd  etildi.

“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini muvofiqlashtirish guruhi

Vazirlik Axborot xizmati