Toshkent viloyatida 527 transformator punkti kapital ta’mirdan chiqarildi

09/09/2016 - 13:13 7285

“Toshkent elektr tarmoqlari hududiy korxonasi” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2016-yil 10-iyundagi respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2016-2017-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida 1 ming 517 kilometrdan ortiq havo tarmog‘i, 527 transformator punktini mukammal ta’mirdan chiqardi.

Ayni paytda korxona tomonidan elektr energiyasini tejash va undan oqilona foydalanishni ta’minlash, energiya tejaydigan moslamalardan samarali foydalanish bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi yildan-yilga ortib borishi soha xodimlari mas’uliyatini yanada oshiradi, – deydi “Toshkent elektr tarmoqlari hududiy korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktori I.Suvorov. – Viloyatda energiya ta’minoti uzluksizligini ta’minlash, elektr uzatish liniyalarining uzatuvchanlik qobiliyatini kuchaytirish hamda iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘ta yuklanish bilan ishlayotgan 18 transformator yuqori quvvatlisiga almashtirildi. Mukammal ta’mirlash ishlari bajarilishi natijasida 214 mahallada elektr energiya ta’minoti yaxshilandi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari energiya ta’minoti sohasiga ham jadal kirib kelayotgani aholiga qator qulayliklar yaratmoqda. Masalan, bugungi kunda elektr energiyasi uchun to‘lovlarni onlayn tartibda amalga oshirish, foydalanilgan elektr energiyasini hisobga olish uskunalaridagi ko‘rsatkichni “SMS-xabar” orqali komputer bazasiga kiritish imkoniyati yaratildi. Buning samarasida hisoblash uskunalari ko‘rsatkichlarini hisob-kitob qilish va ro‘yxatga olish yaxshilandi. To‘lovni amalga oshirganlik haqidagi ma’lumot to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanuvchining shaxsiy hisob-raqamiga tushmoqda. Bugun deyarli barcha to‘lovlar aynan shu usulda amalga oshirilmoqda.

“Toshkent elektr tarmoqlari hududiy korxonasi” aksiyadorlik jamiyati vakillari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 2-iyundagi “Energiyani tejaydigan lampalar ishlab chiqarishni tashkil etish va ulardan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

Korxona mutaxassislari tomonidan lyuminessentli lampa amaldagi cho‘g‘lanma lampaga nisbatan yorug‘lik berish darajasining 180 lyumen yuqoriligi, ish koeffitsiyentining 35-37 foiz, xizmat muddatining kamida 4 ming soat ko‘pligi, elektr energiyasini 5-marta kam sarflashi bilan har tomonlama qulayligi tushuntirilmoqda. Hududdagi yirik korxonalar, tashkilot va muassasalarda elektr energiyasi sarfini kamaytirish bo‘yicha ko‘zlangan natijalarga erishilmoqda.

Yil davomida elektr ta’minotining barqarorligi iste’molchilarga ham bog‘liq ekanini unutmaslik lozim. Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining elektr energiyasidan oqilona foydalanishi hamda to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashi ta’minotda uzilishlar bo‘lishining oldini olishda alohida ahamiyatga ega.

Manba: O‘zA