Yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi
07/09/2016 - 11:29 8164
“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan “TELECOM INNOVATIONS” O‘zbekiston-Singapur-Xitoy qo‘shma korxonasi raqamli televideniye signallarini qabul qilish uskunasi, ADSL modemlar va DSLAM qurilmalari ishlab chiqarishda yetakchi korxonalardan biridir.
Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi bayrami munosabati bilan bu yerda Xitoyning “ZTE” kompaniyasi yangi loyihalari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi evaziga raqamli signallarni qabul qilish qurilmasining IPTV hamda modemlarning Home gateway seriyali yangi turlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
– Qo‘shma korxonamiz 2010-yilda tashkil etilgan, – deydi korxona direktori Firdavs Aliyev. – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi vaqtida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan korxonada zamonaviy tele va aloqa vositalari ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, yangi turdagi mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasining “ZTE” kompaniyasi qo‘shma korxona ta’sischilari qatoriga jalb etildi. Natijada ishlab chiqarish hajmi yanada ortdi.
Ayni paytda korxonada mehnat qilayotgan 40 ishchining aksariyati yoshlardir. Mutaxassislar malakasini oshirish, yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish va sifat ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash maqsadida Xitoy Xalq Respublikasining “ZTE” universitetida maxsus o‘quv va malaka oshirish yo‘lga qo‘yilgan.
Korxonada amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari samarasida qurilmalar turi 5 dan 15 taga yetkazildi. Natijada 2013-yilda 1 ming 600 qurilma ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2015-yilda bu ko‘rsatkich 16 ming 460 ga yetdi.
ISO 9001:2009 sifat menejmentiga ega korxona 2015-yilda sifat, yetakchilik va mukammallik yo‘nalishida International Quality Crown Award (IQC) mukofoti bilan taqdirlangan.
Manba: O‘zA