BAXTLI, SAODATLI KUNLAR SHUKUHI
31/08/2016 - 18:45 7845
Bugun Iqtisodiyot vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik markaziy appparati xodimlari, shuningdek vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Iqtisodiyot vaziri Galina Karimovna yig‘ilish qatnashchilarini eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz munosabti bilan chin yurakdan muborakabod etdi. Vazir o‘z tabrik so‘zida, o‘tgan yigirma besh yil mobaynida mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahbarligida amalga oshirilgan ulkan yangilanishlar va bunyodkorliklar to‘g‘risida gapirarkan, quyidagi hayotiy dalil va misollarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lining 25 yilligi davomida, eng avvalo, kuchli siyosiy iroda, mavjud muammolarning chuqur talqini, rivojlanishning aniq strategiyasi hamda davlat va jamiyat manfaatlari uyg‘unligiga erishilganligi ko‘zlangan aniq maqsadning ro‘yobga chiqishini ta'minladi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ishlab chiqilgan, keyinchalik xalqaro e'tirof bo‘yicha «o‘zbek modeli» deb nomlangan ijtimoiy yo‘naltirilgan erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish modeli beshta tamoyilga qat'iy rioya qilinishi tufayli 1996 yilda mamlakatimizda boshqa davlatlarga nisbatan qisqa muddatda iqtisodiy tanazzulga barham berilib, makroiqtisodiy muvozanat ta'minlandi va iqtisodiyotning tizimli o‘zgarishlari bilan bog‘liq, bozor tamoyillari asosida rivojlanayotgan ustuvor iqtisodiy masalalarning hal etilishiga o‘tildi. Ya'ni, bu aholi manfaatlarini hisobga olgan holda ijtimoiy konsensus asosida olib borildi.
«O‘zbek modeli»ning barqarorligi va muvaffaqiyatini ob'yektiv faktlar ham tasdiqlaydi, masalan: mamlakatimiz mintaqaviy va jahon iqtisodiyotining 1997-1998, 2008-2009 yillardagi va hozirgi kungacha davom etayotgan inqiroz davrining barcha «stress-testlari»dan munosib tarzda o‘tdi. Ushbu davrlarda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sur'atlarining pasayishi kuzatilmadi. Bundan tashqari, so‘nggi 11 yil davomida o‘sishning yillik o‘rtacha sur'atlari 8 foizdan kam bo‘lmadi va mamlakatimiz iqtisodiyoti jahon kon'yunkturasi va hamkor mamlakatlardagi iqtisodiy sharoitning eng nomuvofiq o‘zgarishlariga yuqori moslashuvchanligini namoyon etdi.
Bundan tashqari, Jahon bankining «Biznesni yuritish» xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston 2014-2015 yillarda biznesni yuritish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratgan mamlakat-islohotchilarning birinchi o‘nligi qatoridan joy oldi.
YUqorida qayd etilgan fikrlarni umumlashtirgan holda, aytish mumkinki, mustaqillik davrida O‘zbekiston iqtisodiyoti deyarli olti martaga, aholining real daromadlari esa to‘qqiz martaga yaqin o‘sdi. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot ulushi 6,9 ming doll.gacha ortdi, bu esa, O‘zbekistonga o‘rta darajadagi daromadli davlatlar guruhiga kirishga imkon berdi.
Jahon banki reytingiga binoan iqtisodiy darajasiga ko‘ra, O‘zbekiston 190 ta mamlakat orasida 63-chi o‘rinni egalladi. Butunjahon iqtisodiy forumi bahosiga ko‘ra, 2014-2015 yillar yakuni va 2016-2017 yillar o‘sish prognozlari bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi eng jadal rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy oldi.
Bugun O‘zbekistonda 2030 yilgacha iqtisodiyot tarmoqlarini uzoq muddatli rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilyapti. Bunda amalga oshirish ko‘zda tutilayotgan xomashyo resurslarini uch-to‘rt bosqichli chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish hisobiga qayta ishlovchi tarmoqlarning jadal rivojlanishi uchun katta imkoniyatlar eshiklari ochib beriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston nisbatan qisqa davrda ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi va bundan keyin ham izchil va barqaror rivojlanishni, barcha davlatlar bilan teng huquqli o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik yo‘lidan dadil qadamlar bilan yuksak marralar tomon intilmoqda.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan vazirlik tizimida ko‘p yillik samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bir guruh xodimlarga davlatimizning «O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil» esdalik nishonlari hamda vazirlikning faxriy gramotalari (yorliq) topshirildi.
Tadbir ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik Axborot xizmati