Yangi korxonalar – yangi mahsulotlar

05/08/2016 - 16:38 7710

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklardan samarali foydalanayotgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi ko‘paymoqda.

Aholiga parhez go‘sht yetkazib berishni maqsad qilgan tadbirkor Do‘stnazar Qo‘shimov yaqinda “Plutos Lapin” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilib, besh nafar yigit-qizni doimiy ish bilan ta’minladi. Bu yerda Italiya va Yangi Zelandiyadan keltirilgan zotdor quyonlar boqilmoqda.

– Tez kunlarda xorijdan yana 200 bosh quyon keltiramiz, – deydi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari D.Qo‘shimov. – Bu quyonlar tez ko‘payishi va sifatli mo‘yna berishi bilan mahalliy turdoshlariga qaraganda bir muncha afzalliklarga ega. Shifokorlarning ta’kidlashicha, Italiya oq quyonining go‘shti oshqozonda tez hazm bo‘lish bilan birga, qandli diabet xastaligining oldini olishga yordam beradi.

Korxona jamoasi kelgusida boqilayotgan quyonlar sonini 10 mingga yetkazib, yiliga 2 tonna parhez go‘sht yetishtirishni rejalashtirgan.

Tumandagi “Nurbek oq oltin” mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa yiliga 12 ming dona akkumulyator tayyorlash quvvatiga ega yangi sex ishga tushirildi.

– Bir milliard so‘mdan ziyod investitsiya hisobiga xorijdan zarur jihozlar keltirib o‘rnatildi, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Rasuljon Mukarramov. – Zamonaviy dastgohlarni o‘zimizning yoshlar boshqarib, yuqori sifatli mahsulot tayyorlamoqda.

Korxonaning yangi mahsulotiga ichki bozorda talab ortib borayotir.

O‘zA