Korrupsiyaga qarshi kurashishning mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
14/07/2016 - 19:34 9757
Bugun Iqtisodiyot vazirligida xodimlar huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan Ma'naviyat-ma'rifat soati hamda Iqtisodiyot vazirining 2016-yil 18-yanvardagi "Korrupsiyaga qarshi kurashda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi 5-son buyrug‘ining ijrosini ta'minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi mavzusiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlik va tizimdagi tashkilotlar xodimlari faol ishtirok etdilar.
Seminarni vazir o‘rinbosari D.R.Turdiyev olib bordi. U seminar ishtirokchilarini kun tartibi bilan tanishtirish barobarida ushbu tadbirning maqsadi va korrupsiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish borasida Hukumat tomonidan belgilab berilgan qator choralar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Respublika ma'naviyat targ‘ibot markazi va Toshkent davlat yuridik universiteti mutaxassis-xodimlari o‘z ma'ruzalari bilan qatnashdilar.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi prokurori B.Qobilov so‘zga chiqib, korrupsiyaning oldini olish masalalariga, xususan:
Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish Konvensiyasining hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Istambul harakat rejasining mazmun-mohiyatiga;
Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor davlat idoralari bilan hamkorlikda idoralararo komissiya tuzilganligi hamda ushbu komissiyaga mutasaddi xodimlar jalb qilinganligiga;
2015 yilda Bosh prokuratura tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 49 ta davlat tashkilotlarida monitoring olib borilganligi va ushbu monitoring natijasida davlat tashkilotlarining reytingi tasdiqlanganligiga asosiy e'tiborini qaratdi.
Shuningdek, ma'ruzachi tomonidan 2016 yil 2 martda Vazirlar Mahkamasining 62-son Qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarining maqsadi va mohiyati tushuntirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining mas'ul xodimi K.Muxsimov “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi” mavzusidagi ma'ruzasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonida korrupsiyaga olib kelinadigan omillar va ularni bartaraf etish masalalariga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
“Korrupsiya va ma'naviyat” nomli ma'ruza Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi, yuridik fanlar doktori F. Muhiddinova tomonidan taqdim etildi. Ma'ruzachi tomonidan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning darajasi, uning amaliy samarasi ko‘p jihatdan huquq-tartibot, prokuratura va sud organlari tizimida bu illatga qarshi qanday kurash olib borilishiga bevosita bog‘liq ekanligi haqida fikr yuritildi.
Ma'ruzada korrupsiyani vujudga keltiruvchi shart-sharoitlar - ijro etish tizimining sust faoliyati, huquqiy nigilizm, jamiyatda insonlar huquqiy madaniyatining pastligi, iqtisodiy aspektlar ta'siri ta'kidlab o‘tildi. Shuningdek, korrupsiyani keltirib chiqaradigan omillarning rivojlanish tarixi, chet el tajribasi, ko‘zga ko‘ringan huquqshunos olimlar hamda milliy qonunchilikning o‘rni bilan bog‘liq mezonlar ham ko‘rsatib o‘tildi.
Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi eksperti M.Eshnazarov tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurash - davr talabi” mavzusidagi ma'ruza ham seminar ishtirokchilari tomonidan qiziqish bilan kutib olindi. Ma'ruzachi ushbu sohaning eksperti sifatida korrupsiyaning oldini olish borasida muhim bo‘lgan asosiy jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Seminar ishtirokchilari bilan ma'ruzachilar o‘rtasidagi o‘zaro savol-javoblar qizg‘in va jonli tarzda davom etdi.
Bo‘lib o‘tgan seminar yakunida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotda qo‘llanishini har tomonlama o‘rganish, ularni yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish huquqshunoslar oldida turgan muhim vazifalardan biri ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shunday ekan, mazkur illatga qarshi kurashda nafaqat davlat idoralari, balki jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas'ulligi, shuningdek, faqatgina davlat va jamiyat ushbu illatga qarshi kurashda o‘z kuchlarini birlashtirgan holdagina barham berishi mumkinligi qayd etildi.
Ma'ruza so‘nggida ko‘rib o‘tilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi va ishtirokchilarning fikrlari eshitildi.
Vazirlik Axborot xizmati