Intensiv bog‘: amaliyot va tajriba

22/06/2016 - 10:45 11153

Andijon viloyatida 2011-2016-yillarda 3 ming 332 gektar maydonda intensiv bog‘lar barpo etildi.

Prezidentimiz rahnamoligida agrar sohani tubdan isloh qilish jarayonida bog‘dorchilikni yanada rivojlantirish, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, aholining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, yangi bog‘lar barpo etish, ko‘chatlarni turli kasalliklardan asrash, navlarni yangilash va meva-sabzavot eksport hajmini oshirish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Jumladan, intensiv bog‘lar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Andijon viloyatida 28,4 ming gektar maydonda bog‘, 5,5 ming gektar uzumzor parvarishlanmoqda. Viloyatda bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan 7 ming 730 fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. 2016-yilda 493,6 ming tonna meva, 71,4 ming tonna uzum yetishtirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, umumiy qiymati 517 million dollar miqdoridagi 339 ming tonna meva-sabzavot eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.

– 2011-2016-yillarda 3 ming 332 gektar intensiv bog‘ yaratildi, – deydi Andijon viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdumutallib Sulaymonov. – Yangi bog‘larga xorijdan keltirilgan olma, nok, olxo‘ri, gilos, olcha hamda shaftolining pakana va yarim pakana navli ko‘chatlari o‘tqazildi. Dastlabki yillarda barpo etilgan bog‘lar ayni paytda gektaridan 300-400 sentnerdan hosil bermoqda.

Intensiv bog‘lardan yuqori hosil olish uchun mavsumiy agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida, sifatli olib borilmoqda. Bunda ilg‘or usullarning qo‘llanilayotgani ish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Bog‘i Furqat” fermer xo‘jaligida “o‘tloqi bog‘dorchilik” kombinatsiyasi bo‘yicha mutlaqo yangi yo‘nalishdagi bog‘dorchilik usuli joriy etilgan. Ushbu yangi texnologiyaga ko‘ra, gektaridan 500-550 sentner hosil olingani uning nechog‘li afzalligini amalda ko‘rsatadi. Bu usul mehnat sarfini 50-60 foizga kamaytirib, hosildorlikni 25-30 foizga oshirish imkonini beradi.

– Xo‘jaligimizda 16 gektar intensiv bog‘ mavjud, – deydi Asaka tumanidagi “Kujgon chorvadori” fermer xo‘jaligi rahbari Mahfuza Ahmedova. – Uch yil avval Serbiyadan keltirilgan olma ko‘chatlari bu yil to‘la hosilga kirdi. Bugun bog‘da tovlanib turgan shig‘il mevalar har qanday kishining havasini keltiradi.

Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik-uzumchilik va vinochilik ilmiy-tekshirish institutining Andijon eksperimental ko‘chatchilik xo‘jaligida 2015-yilda 250 ming tup, 2016-yilda 300 ming tupdan ziyod olma va nokning intensiv texnologiyaga asoslangan sifatli ko‘chati tayyorlanib, xo‘jaliklar va aholiga yetkazib berildi. Andijon qishloq xo‘jalik instituti olimlari hamda viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan viloyat sharoitida intensiv bog‘lar yaratish, ko‘chatlarni joylashtirish, ekish texnologiyasi, qalamchalar tayyorlash, umuman, ilg‘or usullarni joriy etish bo‘yicha tavsiya va uslubiy qo‘llanmalar tayyorlanib, fermerlarga tarqatilgani ularning bu boradagi bilim va tajribasini boyitmoqda.

Andijonda bog‘dorchilik borasida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Bog‘ parvarishida ilg‘or texnologiya va tajribalar amaliyotga tatbiq etilayotgani, turli kasalliklarga qarshi belgilangan tartibda ishlov berilayotgani bog‘lardan yuqori hosil olish imkonini bermoqda. Ayniqsa, mavjud bog‘larning ko‘chat qator oralariga sabzavot va poliz ekinlari ekish va mo‘l hosil olish borasida ham katta yutuqlarga erishilmoqda. Bu sabzavot va poliz mahsulotlari mo‘l-ko‘lchiligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Manba: O‘zA