O‘zbekiston mustaqillik va mustabidlik yillarida
21/06/2016 - 10:15 12800
Xalqimiz odatda kutilmagan yo xayolga kelmagan voqea-hodisaga, yangilik yo o‘zgarishga duch kelganda, o‘z hayratini «Ta’rifiga so‘z yo‘q» iborasi bilan ifodalaydi.
Mana shu iborani bugungi Andijon shahri va viloyatiga nisbatan ham hech ikkilanmasdan ishlatsak, xato bo‘lmaydi.
Kechagi Andijon shahri esa asosiy ko‘chalari old tarafiga ikki, nari borsa uch qavatli imoratlar tizilgan, orqasi esa qadimiy hovli-joylar va egri-bugri ko‘chalardan iborat maskan — viloyat markazi edi. Boshqa shahar va tumanlarning qiyofasi haqida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi.
Bugungi Andijon shahri xalqimizning me’morchilik, shaharsozlik, uysozlikdagi qadimiy an’analarini zamonaviy andozalar bilan uyg‘unlashtirgan benihoya ko‘rkam va sarbaland bir mo‘jizadir.
Kechagi Andijon aholisi bor umidini yerga tikkan, paxta yakkahokimligidan ezilgan edi.
Bugungi Andijon esa nafaqat mirishkor dehqonlar, mo‘l hosil ustalari, sohibkor bog‘bonlar diyori, balki milliy avtosanoatimizning qudratli tayanchidir. 1994 yil iyun oyida birinchi g‘isht qo‘yilgan avtomobil zavodida 1996 yil mart oyida ilk avtomobil — «Damas», oradan uch oy o‘tib «Tico» va «Nexia» ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Bugun esa «Matiz», «Spark», «Lasetti», «Cobalt», «Saptiva», «Malibu» singari zamonaviy rusumdagi avtomashinalar nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham o‘zining xaridorlarini topib, Asaka shahrining, Andijonning, O‘zbekistonning dovrug‘ini dunyoga taratmoqda.
Andijon shahrining Bog‘ishamol dahasida joylashgan Bobur nomidagi milliy istirohat bog‘i bugungi kunda yurtdoshlarimizning sevimli maskaniga aylangan. Bog‘ning yuqorisida faoliyat yuritayotgan «Yoshlar dunyosi» ilmiy-ma’rifiy markazida koinot sirlari haqida ma’lumot beruvchi rasadxona qurib bitkazildi.
Qaytadan qurilgan Istiqlol, Milliy tiklanish, O‘zbekiston ko‘chalarining ko‘rki, jamoli mehmonlarni emas, andijonliklarning o‘zini ham lol qoldirayotgani mubolag‘a emas. Endi eski shaharning nomi qolayapti xalos.
Bugun viloyatning shaharlari emas, qishloqlarining qiyofasi ham tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Istiqlol yillarida namunaviy loyihalar asosida 6191 zamonaviy uy-joy qurilgani, shuncha xonadonning hovli to‘ylarini nishonlagani ham tahsinga loyiqdir.
Andijon shahrida shu yil Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida foydalanishga topshirilgan 300 o‘rinli muhtasham qo‘g‘irchoq teatri «Hayratlar saroyi» deb e’tirof etilmoqda. Ushbu teatr zamonaviy sharoitlari va qulayligi jihatidan mamlakatimiz qo‘g‘irchoq teatrlari orasida yagonadir.
Viloyatda so‘nggi yillarda sanoat sohasida yangi korxonalarni tashkil etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish hisobidan 103 ishlab chiqarish quvvati foydalanishga topshirildi. Ip-gazlama, paypoq, tikuv-trikotaj mahsulotlari tayyorlash o‘zlashtirildi. Oziq-ovqat, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi ortdi. Mashinasozlik, kimyo, charm-poyabzal, farmatsevtika yo‘nalishlarida ham iste’mol uchun zarur turdagi mahsulotlar tayyorlashga erishildi.
To‘g‘risi, Andijon viloyatida yuz berayotgan o‘zgarishlarning ta’rifiga so‘z ojiz. Ming eshitgandan ko‘ra, bir marta bo‘lsada ko‘rgan afzal.
ANDIJON: BUGUN VA KECHA
«O‘zbekiston» ko‘chasining bugungi va kechagi ko‘rinishi.
Andijon davlat universiteti binosining yangi va avvalgi ko‘rinishi.
Viloyat teatrining bugungi ko‘rki hamda eski qiyofasi.
Andijon shahri aeroporti yaqinidagi ko‘prik: hozirda va o‘tmishda.
Viloyat qo‘g‘irchoq teatri: bugun va kecha.
Bugungi zamonaviy qishloq uylari va yaqin o‘tmishdagi qishloq uylari...