O‘zbekiston moliya va bank tizimi tarixining bizga ma’lum va noma’lum bo‘lgan jihatlari haqida
15/06/2016 - 15:50 19202
Mustaqillik yillarida nisbatan qisqa davrda jahonning eng ilg‘or andozalariga mos keladigan, har qanday tashqi va ichki bo‘hronlarga bardosh bera oladigan, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi uchun mustahkam asos vazifasini o‘taydigan zamonaviy moliya va bank tizimi yaratildi.
Biroq bunga erishish oson bo‘lmadi, mamlakat rahbariyati va mutaxassislarimiz qanchalik og‘ir vaziyatda mehnat qilib, biri biridan murakkab sinovlardan o‘tganini ko‘pchilik bilmasligi mumkin. Buni chuqurroq his etish, anglash uchun yaqin o‘tmishdagi voqea-hodisalarni eslashga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston tom ma’nodagi mustamlaka mamlakat edi. Ahvol shu darajaga borib yetgandiki, Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlab o‘tganidek, o‘zbek xalqi yaratgan boylik to‘laligicha sobiq markaz ixtiyorida bo‘lib, uning kichik bir qismi yurtimizga qaytarib berilardi. Lekin bu go‘yoki Ittifoq hukumatining o‘zini o‘zi boqishga qodir bo‘lmagan O‘zbekistonga «yordami» sifatida ko‘rsatilardi. Aslida bu gap xalqimizni kamsitish, «biz sizlarni boqayapmiz, bizsiz kuningiz o‘tmaydi», degan da’voni ilgari surish edi. Bu mutlaqo asossiz da’vo ekani mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, qisqa muddatda isbotlandi.
O‘zbekiston 1994 yildayoq sobiq ittifoq hududidagi davlatlar bilan tashqi savdoda ijobiy qoldiqqa erishdi. Soddaroq qilib aytganda, biz bilan iqtisodiy hamkor davlatlarga ko‘proq mahsulot berib, ulardan kamroq oldik. Mustaqillikkacha yurtimizdan olib ketilayotgan boyliklarning hisob-kitoblari moskvalik mutaxassislar tomonidan yuritilardi. Biz yetkazib berayotgan paxta, oltin va boshqa xomashyo mahsulotlari qanchaga sotilayotgani, qancha daromad ko‘rilayotganini mutlaqo bilmasdik.
Shu bois 1989-1991 yillarda O‘zbekiston Davlat byudjeti daromadining o‘rtacha 30-40 foizi sobiq Ittifoq byudjetidan bizga qaytib beriladigan subvensiyadan (sodda tilda aytganda, o‘zini o‘zi boqa olmaydigan respublikaga moliyaviy yordamdan) iborat edi. Haqiqatda esa, O‘zbekistonni «boqimanda» respublikalar qatoriga kiritishga hech qanday iqtisodiy asos yo‘q edi.
Bunga birgina misol keltirish kifoya. 1988 yildagi hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistondan olib ketilgan bir yillik paxta tolasidan 25 milliard rubl daromad olingan, ya’ni bu bizga «subvensiya»ga berilgan 2,5 milliard rubldan 10 baravar ko‘p edi. E’tibor bering: paxta tolasi bizdan sobiq markazga tashib ketilgan boyliklardan biri edi, xolos! O‘sha davrda yurtimizdan olib ketilayotgan yer usti, yer osti boyliklar esa juda-juda ko‘p edi!
1991 byudjet yilida O‘zbekiston uchun yanada og‘ir moliyaviy ahvol yuzaga keldi. Ittifoq hukumati bilan murosasiz kurash yo‘liga o‘tgan Yelsin boshliq Rossiya Federatsiyasi rahbariyati SSSR davlat byudjetiga Rossiya hududidan yig‘ib olinadigan mablag‘larning tushishini barcha qonun-qoidalarga zid ravishda mutlaqo to‘xtatdi. Hokimiyat uchun kurashning bu usuli mohiyatini sobiq Ittifoq rahbariyati o‘z vaqtida tushunib yetmadi. Mazkur holat SSSR byudjetidan O‘zbekistonga qaytishi mo‘ljallangan subvensiya hajmining oldinroq qisqara boshlashiga, keyin esa butunlay to‘xtashiga olib keldi. O‘zbekiston davlat byudjeti taqdirning bunday kutilmagan zarbasiga tayyor emas edi, shu sabab uning iqtisodiyoti butunlay izdan chiqib ketish xavfi ostida qoldi.
Aytish mumkinki, o‘sha og‘ir sharoitda iqtisodiy mustaqil davlat sifatida O‘zbekiston ham dunyoning ko‘p mamlakatlari kabi tashqi moliyaviy yordamsiz yashab keta olmasligi kerak edi. Lekin bunday bo‘lmadi, yashab ketdi.
Qisqa muddatda bir-biridan murakkab qator, ya’ni 80 foiz doni chetdan olib kelinadigan mamlakat xalqini oziq-ovqat bilan ta’minlash, qaram iqtisodiyotni mustaqil davlat iqtisodiyotiga aylantirish va bozor munosabatlarini shakllantirish kabi vazifalarni hal etish jarayonida xalqimizga xos va mos evolutsion yo‘lning tanlanishi, eng asosiy strategik va taktik masalalarning oqilona yechimini topa olish, ayrim davlatlarga o‘xshab, eski tuzumdan qolgan barcha narsalarni buzib tashlab, keyin uning vayronalari ustida yangi bino qurish yo‘lidan ketmaslik, ya’ni yangi uy qurmay turib, eskisini buzmaslik, xalqimizning o‘z rahbariyatiga bo‘lgan cheksiz ishonchi, oddiy xalqning fidokorona mehnati kabi omillardan qidirish to‘g‘ri bo‘lganini hayotning o‘zi tasdiqladi.
Bir vaqtning o‘zida mustaqil O‘zbekistonning mustaqil moliya, bank va soliq tizimiga asos solish rejali iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish obyektiv zaruriyatga aylangan murakkab bir sharoitga to‘g‘ri kelganini va bu vazifa respublika rahbariyatining uzoqni o‘ylab nozik iqtisodiy siyosat yurgizish asosida amalga oshirilganini ham qayd etib o‘tish kerak.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida, ya’ni yo‘l tanlashda biz, eng avvalo, xalqimizning urf-odatlari, serfarzand oilalar ko‘pligi, asosan otalar mehnat qilishi hisobga olinib, «falaj qilib davolash» («shokovaya terapiya») usulidan foydalanmaslikka qaror qildik.
Mustaqil davlatchilik talablari asosida va yangi qonunchilik negizida moliya, soliq va bank tizimi sohalarining boshqaruv organlari butunlay qaytadan barpo etildi. Masalan, Moliya vazirligi tizimi tubdan qayta tashkil etilgan bo‘lsa, Davlat soliq qo‘mitasi butunlay yangidan barpo qilindi. SSSR Davlat bankining O‘zbekiston filiali negizida O‘zbekiston Respublikasi mustaqil Markaziy banki, SSSR davlat ixtisoslashtirilgan tarmoq banklari O‘zbekiston filiallari asosida paychilikka asoslangan tijorat banklari tuzildi. Aralash mulk va xususiy mulkchilikka asoslangan o‘nlab yangi tijorat banklari tashkil etildi.
O‘zbekiston jahon moliya-kredit siyosatini belgilovchi eng nufuzli xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a’zosi bo‘lib kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Yuqorida sanab o‘tilgan chora-tadbirlar natijasida 1991-1992 yillar mobaynida mustaqil davlatga xos bo‘lgan moliya, soliq va bank tizimlari shakllana boshladi. O‘z daromadlarimizdan oqilona foydalanish evaziga, xarajatlarimizni qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, o‘zimiz qoplay boshladik. Sal yuqoriroqda ta’kidlab o‘tganimizdek, bu davrga kelib, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda bozor iqtisodiyotini barpo etishning asosiy strategik masalalari, uning tamoyillari ishlab chiqildi.
Baxtga qarshi, taqdir endigina mustaqil nafas ola boshlagan O‘zbekiston uchun yana bir zarba tayyorlab qo‘ygan ekan. Hamdo‘stlik davlatlari rahbarlari 1992 yil oktabrda «Yagona rubl zona»sini tashkil etish va rubldan umumiy foydalanish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Keyinroq O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari, Markaziy banklari pul tizimlarini birlashtirish haqidagi ikki tomonlama shartnomani tuzishdi. Biz vaqtincha shunday yo‘l tutishga majbur edik. 1993 yil namunasidagi yangi rubllar O‘zbekiston hududiga jo‘natila boshlandi.
Shu o‘rinda kutilmagan hodisa yuz berdi. Davlatlararo shartnomalar imzolanib, uni ijro etish boshlangandan keyin, ya’ni yangi rubl solingan samolyotlar Toshkentga yetib kelib, pul O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki omboriga joylab bo‘lingan, qolgan qismi kutilayotgan paytda sobiq Markaz tomonidan hech qanday asossiz ravishda to‘xtatildi.
Bu voqealardan sal oldinroq, ya’ni 1993 yilning 10 mayida Qirg‘iziston to‘satdan o‘z milliy valyutasi — «som»ni muomalaga kiritdi. «To‘satdan» deganimning boisi shundaki, Hamdo‘stlik davlatlaridan birortasi o‘z milliy pul birligiga o‘tishga qaror qilsa, bu haqda boshqa a’zolarni uch oy oldin rasman ogohlantirish shartligi haqida maxsus davlatlararo bitim bor edi. Mazkur bitimga uning ishtirokchi davlatlari rahbarlari bir marta, A. Akayev esa ikki marta imzo chekkandi. Taqdirning o‘yinini qarangki, shu bitim imzolanayotgan majlisda Qirg‘iziston Prezidenti raislik qilgan va majlis raisi sifatida ikkinchi imzoni qo‘ygandi.
Qirg‘izistonda rubl o‘rniga somning muomalaga kiritilishi ustiga Rossiya Federatsiyasi rahbariyatidagi ayrim kimsalar, ayniqsa, o‘sha paytdagi moliya vaziri B. Fyodorov kabi shaxslarning qarshiligi tufayli kechagina imzolangan shartnomalar qog‘ozda qolib ketdi. Natijada 1993 yil kuziga kelib, yagona rubl zonasi yaratish g‘oyasi chippakka chiqdi.
Taassuflar bo‘lsinkim, bu o‘yinlar bizga juda qimmatga tushdi. Nainki bizga, bu hodisa qolgan barcha davlatlar iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi, iqtisodiy islohotlar samarasini sezilarli darajada pasaytirib yubordi, uning ilk natijalarini yo‘qqa chiqardi. Eng yomoni esa shundaki, SSSR parchalangandan keyingi davrda O‘zbekistonda endigina shakllanib kela boshlagan moliya va pul muomalasi tizimini qaytadan jar yoqasiga keltirib qo‘ydi. Mamlakat iqtisodiy hayoti o‘z maromida davom etishi uchun zarur vositalardan biri bo‘lmish pul tizimi va pul birligisiz qoldi. Tasavvur qilib ko‘ring-a: mustaqil davlat bor, lekin uning puli yo‘q!
Yuz bergan favqulodda vaziyatda zudlik bilan Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 12 noyabrda imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi hududida parallel to‘lov vositasi sifatida «So‘m-kuponlar»ni muomalaga kiritish to‘g‘risida»gi qarori asosida 15 noyabrdan boshlab, biz uchun o‘ta nomaqbul sharoitda so‘m-kuponlarni muomalaga kiritishga majbur bo‘ldik. Yaxshiyamki, uzoqni ko‘ra oladigan va davlatlararo shartnomalarni bajarishdagi «o‘yin»larni yaxshi bilgan Yurtboshimiz har ehtimolga qarshi so‘m-kuponlarni tayyorlatib qo‘ygan ekan. Ularning 1, 3, 5 va 10 so‘mliklari Angliyada chop etilgan edi.
Inglizlarning pul fabrikasi xo‘jayinlari «so‘m-kuponlar»ning asosiy qismini ham o‘zida bosib chiqarish va bundan mo‘may foyda ko‘rish umidida o‘tirgan bir pallada, 25, 50, 100 so‘mlikdan 10 ming so‘mlikkacha bo‘lgan so‘m-kuponlarni o‘z pul fabrikamizda bosib chiqara boshlaganimiz jahonning shu sohadagi nufuzli tashkilot va mutaxassislarini hayratga soldi. Chunki pul bosish tarixida shu paytga qadar, hech qaysi davlat bunday tezkorlik bilan o‘z pulini o‘z fabrikasida mustaqil ishlab chiqara olmagan ekan!
Pul belgilarini ishlab chiqarish g‘oyatda murakkab, nozik aqliy mehnat va yuqori salohiyat talab etadigan jarayon bo‘lib, unga erishish yuksak texnik va texnologik tayyorgarlik bo‘lishini taqozo qiladi. O‘ta qisqa fursat ichida, ya’ni 1993 yildayoq zamonaviy texnika va texnologiya asosida pul, boshqa qimmatli qog‘oz va tanga ishlab chiqara oladigan «Davlat belgisi» davlat ishlab chiqarish birlashmasining qurilib, ishga tushirilganligi noyob iqtisodiy hodisa hisoblanadi.
O‘rni kelganda shuni ham aytib qo‘yaylik, o‘zining «pul fabrikasi»ga ega bo‘lishga har qanday davlat va davlat rahbarining jur’ati yetmaydi. Buning uchun davlat iqtisodiy salohiyati darajasining o‘zigina yetarli emas. Mustaqil «pul fabrikasi»ga ega bo‘lish to‘g‘risidagi tegishli qarorga kelish uchun davlat rahbaridan siyosiy jasorat ham talab qilinadi. 1993 yilda dunyoning bor-yo‘g‘i 8 mamlakatida ana shunday «pul fabrikasi» mavjud bo‘lib, O‘zbekiston bu borada salohiyatli davlatlar ro‘yxatiga kira oldi.
«Yagona rubl zona»si g‘oyasi barbod bo‘lganligi bilan bog‘liq ko‘plab salbiy oqibatlarni bartaraf etishni so‘m-kuponlar o‘z ustiga oldi va o‘ta qisqa muddat ichida O‘zbekiston o‘zining to‘laqonli pul birligi — so‘mni 1994 yil 1 iyuldan muomalaga kiritish uchun zarur iqtisodiy sharoit yarata oldi. Milliy valyutamizning muomalaga kiritilishi mamlakatimizda mustaqil iqtisodiyotni barpo etish tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.
Shu davrda yurtimizda mustaqil moliya asoslarini yaratish jarayoniga noxush ta’sir ko‘rsatgan voqealardan yana biri aholining sobiq SSSR jamg‘arma banki tizimida saqlanayotgan omonatlari masalasiga tegishli bo‘ldi (o‘sha paytda bu muassasa xalq tilida eski nomi bilan «Omonat kassalari» deb atalar edi). Ma’lumki, SSSR davrida aholi jamg‘armalari bilan ishlaydigan mazkur bank bitta bo‘lib, uning tizgini to‘laligicha Markaz ixtiyorida edi. Qolgan respublikalarda uning filiallari faoliyat ko‘rsatar va barcha yig‘ilgan mablag‘ aniq ko‘rsatma bilan ishlatilar edi.
1991 yil oxirida esa bizga har bir sobiq ittifoqdosh respublika o‘z hududida uzoq muddat davomida yig‘ilgan, lekin Moskva tasarruf qilgan aholi jamg‘armalari bo‘yicha o‘zi javob bersin, deb taklif berishdi. Uzoq tortishuv va janjallar samarasiz tugadi, Sobiq markaz o‘zi yeb tugatgan jamg‘armalarni egasiga qaytarib berishdan voz kechdi.
Bu masala 1991-1995 yillar davomida havoda muallaq holda turdi. Nihoyat, 1995 yil kuzida Yurtboshimiz mamlakatimiz moliya tizimiga, ayniqsa, davlat byudjetiga qanchalik og‘ir yuk bo‘lib tushmasin, sobiq SSSR hukumatining O‘zbekiston Respublikasi aholisi oldidagi qarz majburiyatini o‘z yelkamizga olganligimizni e’lon qildi.
Biz bank tizimini shakllantirish jarayonida ham stixiyali bozor munosabatlaridan foydalanmadik. Endigina mustaqillikka erishgan Hamdo‘stlik davlatlarining o‘sha davrdagi o‘ta og‘ir moliyaviy sharoitini ko‘rib, ularga «yordam» bermoqchi bo‘lgan davlatlar, xalqaro moliya va kredit tashkilotlari ko‘p bo‘ldi.
O‘z qaddini o‘zi rostlayotgan O‘zbekistonga ham bu masalada yordam berish niyatida bo‘lganlar oz emasdi. Biroq ularning hammasining ham niyatlarini xolis, deb bo‘lmasdi. Bu narsani o‘z vaqtida to‘g‘ri anglab olgan va to‘g‘ri xulosa chiqargan davlat rahbarigina o‘z xalqining kelajagini o‘zgalar qo‘liga topshirmaslik yo‘lini tanlaydi.
To‘g‘ri, rivojlangan mamlakatlarda davlat tashqi qarzi miqdori yuqori bo‘lishi oddiy hol hisoblanadi. Lekin bir paytning o‘zida qarzi katta davlatdan boshqa davlatlar ham qarzdor bo‘lishi mumkin. Yosh, mustaqil davlatlar esa asosan boshqa davlatlardan qarz olishadi. Negaki, rivojlanayotgan davlatlarning aksariyati boshqa davlatga qarz berishga yoki investitsiya kiritishga hali qodir bo‘lmaydi. Shu bois rivojlanayotgan davlat tashqi qarzining ko‘payib ketishi uning moliyaviy holatini keskin yomonlashtiradi. Chunki davlat olingan qarzni foizi bilan qaytarish uchun yanada ko‘proq xarajat qilishga majbur bo‘ladi.
Xorijdan «beg‘araz» yordamni rosa olgan va olayotgan, Vatani hamda xalqini, hatto kelajak avlodni qarz botqog‘iga botirib qo‘ygan rahbarlar buni bilishmadi yoki bilishni istashmadi. Xalqining kelajagini emas, faqat prezidentlik kursisini o‘ylagan rahbarlar boshqargan mamlakatlarda tashqi davlat qarzi ularning YaIM miqdoridan oshib ketayapti...
O‘zbekiston esa mustaqillikka erishgandan boshlab jahonda tashqi davlat qarzi darajasi eng kam davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin oldi.Tashqi davlat qarzi mamlakatimiz YaIMning asosan 7-12 foizi atrofida (juda og‘ir yillardagina u sal oshishi mumkin) muqim ushlab turildi. Jon boshiga hisoblaganda esa bu ko‘rsatkich juda ham kam — 100-150 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi!
Zero, har qanday shart bilan tashqaridan yordam olish bizning milliy tabiatimizga mos kelmaydi. Davlatlararo yoki xalqaro uchrashuvlarda O‘zbekiston Prezidentining bu sohadagi pozitsiyasi hammani lol qoldirar edi! Chunki u kishi hech qachon hech kimdan yordam so‘ramagan, balki hammaga biz bilan teng huquqli hamkorlar sifatida ishlashni taklif etardi. Biz bilan hamkorlikka kirishmoqchi bo‘lgan davlat va tashkilotlar xalqaro maydonga g‘ururi baland Rahbar bosh bo‘lgan, g‘ururi baland Millat yashaydigan, g‘ururi baland Yurt muloqotga chiqqanligini tezda tushunib yetdi.
Parvardigor bizning yurtimizga farovon yashash uchun hamma zarur shart-sharoitni ato etgan: tabiiy boyliklar, saxiy zamin, serquyosh osmon, eng muhimi, mehnatkash xalq va xalqning ishonchiga sazovor bo‘lgan rahbariyatni. Bularning hammasi qo‘shilib kelgan yurtda esa baxtli kelajak bo‘lmasligi mumkin emas.
Bosib o‘tilgan yo‘limizdan ko‘rinib turibdiki, taqdir bizni yetarli darajada sinab ko‘rdi. Ammo bu sinovlar xalqimiz qaddini buka olmadi, aksincha, bizni chiniqtirdi, o‘zimizga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi, buyuk kelajak sari qadamimizni tezlashtirdi. O‘zbekistonning imkoniyatlarini, ham iqtisodiy, ham intellektual salohiyatini dunyo tan oldi. Bugunga kelib, mamlakatimiz bank tizimi barqaror faoliyat yuritayotgani nufuzli xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan e’tirof etib borilmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2015 yildagi missiyasi ham yurtimiz bank tizimi barqarorlik, izchil kapitallashuv va yuqori likvidlik darajasini saqlab qolayotganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Jahon iqtisodiy forumining reyting natijalariga ko‘ra, dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 davlat qatoridan joy olgani, BMT ko‘magida AQShning Kolumbiya universiteti o‘tkazgan ijtimoiy tadqiqotlar asosida e’lon qilingan «Butunjahon indeksi»da 158 mamlakat o‘rtasida 44-o‘rinni, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida esa 1-o‘rinni egallagani fikrimizning dalilidir. Bu yutuqlarga Yurtboshimiz tomonidan uzoqni ko‘zlab, kutilgan va kutilmagan sinovlarni hisobga olib yuritilgan oqilona siyosat hamda xalqimizning fidokorona mehnati hisobiga erishildi. Bundan keyin O‘zbekistonning taraqqiyot jarayoni yanada tezlashadi, xalqimiz turmushi bundan-da yuksaladi deyishga asos ham, ishonch ham yetarli.