Dolzarb mavzudagi tadbir: Qonun ustuvorligini ta'minlash - barchaning burchi
23/02/2016 - 20:46 8283
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasida mazkur mavzuga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashda ommaviy axborot vositalari roli”ga bag‘ishlangan mazkur tadbirda, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini izchil ta'minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati, ularning oshkoraligi haqida jamoatchilikni keng xabardor qilish, aholi bilan davlat organlari o‘rtasidagi aloqani yanada mustahkamlash masalalariga ham e'tibor qaratildi.
Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev seminarni ocharkan, O‘zbekistonda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi masalasiga jiddiy e'tibor qaratilayotgani, xususan, mazkur yo‘nalishdagi qonunchilik bazasining so‘nggi yillarda yanada takomillashgani, dunyodagi demokratik davlatlar qonunchiligida kamdan-kam holatlarda kuzatiladigan o‘ta muhim hujjatlar ishlab chiqilgani va amaliyotga izchil tadbiq etilayotganiga alohida to‘xtaldi.
Oliy Majlis deputati Rasul Kusherboyev O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 5 mayda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunining muhim jihatlariga, jumladan, davlat organlari faoliyati va tajribasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha zamon talablaridan kelib chiqish xususiyatlariga ham atroflicha tushunchalar berib o‘tdi.
Seminarda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Ibrohim Xalimbekovning “OAV va davlat hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligi - ochiqlikni ta'minlashning muhim omili”, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayevning “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash yuzasidan monitoring qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyatining ustuvor vazifalari”, FJShMQMI loyihasining rahbari Salim Doniyorovning “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash bo‘yicha ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlari monitoringi natijalari” deb nomlangan chiqishlarida mazkur qonun talablarini so‘zsiz va sifatli tarzda bajarilishi, davlat va boshqaruv organlari axborot xizmati rahbarlarining aynan shu masalada shaxsiy mas'ulliklarini oshirish bilan bog‘liq jihatlarini o‘z ichiga olgan taqdimot o‘tkazildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari bugungi kunda yoshlarimiz ongu tafakkuriga xavf solib turgan axborot xurujlarining oldini olish, axborotlarning ishonchli manbalardan tezkorlik bilan olish masalalariga ham to‘xtalishdi.
Seminar amaliy va jonli tarzda bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik Axborot xizmati