Qonun ustuvorligini ta'minlash - asosiy burchimiz

06/12/2015 - 13:38 8335

Iqtisodiyot vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligi hamda O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 5 mayda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini izchil ta'minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati, ularning oshkoraligi haqida jamoatchilikni keng xabardor qilish, aholi bilan davlat organlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan tadbir - seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Davlatimiz rahbarining 2015 yil 9 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishining yigirma uch yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4570-sonli Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan ma'rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Toshkent davlat yuridik instituti professor-o‘qituvchilari Gulchehra Tulyaganova hamda Farrux Malikovlar qatnashdilar.

Ma'ruzachilar 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan asosiy - bosh Qomusimizning mazmun-mohiyati, uning xalqimiz hayotida muhim, hal qiluvchi o‘rin tutishi, mustaqil - suveren demokratik davlat barpo etishda, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy huquqiy va qonunchilik poydevori ekanligi haqida, shuningdek, Qomusimizning mustaqillik yillarida qabul qilinishi tarixiga doir qiziqarli dalil va misollarni o‘z chiqishlarida keltirib o‘tdilar.

Shuningdek, respublikamizda barcha qonun hujjatlari O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq holda ishlab chiqilayotganligi va qabul qilinayotganligi yana bir bor ta'kidlab o'tildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas'ul xodimi Imomnazar Mirzayev “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning muhim jihatlariga, jumladan, davlat organlari faoliyati va tajribasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha zamon talablaridan kelib chiqib ishlash xususiyatlariga, qonunning tegishli moddalari orqali fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish muddati, tartibiga alohida to‘xtaldi.

Ma'ruzachi, shuningdek, axborotdan foydalanuvchining so‘rovi ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e'tiboran, ko‘pi bilan 15 kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi; OAVning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan 7 kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi; Agar axborotdan foydalanuvchining so‘rovini ko‘rib chiqish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlariga kirmasa, so‘rov so‘ralayotgan axborotni taqdim etish vakolatiga kiritilgan organga ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida yuborilishi va axborotdan foydalanuvchining bu haqda xabardor qilinishi; Rasmiy nashrlarda, OAVlarida e'lon qilingan (chop etilgan) yoxud rasmiy veb-saytlarda joylashtirilgan axborot so‘ralganda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari so‘rovga beriladigan javobda so‘ralayotgan axborot e'lon qilingan (chop etilgan) rasmiy nashrning, OAVning nomi, chiqarilish sanasi hamda raqamini va (yoki) so‘ralayotgan axborot joylashtirilgan rasmiy veb-saytning elektron manzilini ko‘rsatgan holda havola berilishi mumkinligiga alohida urg‘u berib, shular bilan bog‘liq bugungi kunda ko‘p uchraydigan holatlar yuzasidan tushuntirishlar ham berib o‘tdi.

Shu bilan birga, agar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari olingan so‘rov bo‘yicha davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlari vakolatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarga ega bo‘lmasa, axborotdan foydalanuvchiga so‘rov ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida tegishli javob yuborilishi tartiblarida ayrim yuz beradigan holatlar ham ma'ruzachi tomonidan seminar ishtirokchilariga atroflicha tushuntirildi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining mas'ul xodimlari Zafar Mustafaqulov, Eldor Shodmonovlar tomonidan ham mazkur qonun talablarini so‘zsiz va sifatli tarzda bajarilishi bilan bog‘liq jihatlarni o‘z ichiga olgan taqdimotlar  o‘tkazildi.

Tadbir davomida vazirlik xodimlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.