Milliy forum qiziqarli tarzda bo‘lib o‘tdi
17/11/2015 - 18:08 7734
Dolzarb mavzu
Ma'lumki, har qanday axborot muayyan bir strategik maqsadni amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, o‘zida ulkan - har qanday ijtimoiy qatlamning ongu shuuriga ta'sir qiluvchi qudratli kuchga ega. Shu bilan birga, uning xolis yoki noxolis ekanligiga, asosli yoxud biron-bir manba bilan asoslantirilmaganligiga ham bog‘liq.
Rostdan ham, bugungi turli-tuman, to‘g‘ri-noto‘g‘ri, asoslantirilgan yoxud hech bir asosga ega bo‘lmagan, g‘arazli, foydasiz yoki o‘ta muhim voqyealarni xolis sharhlashga qaratilgan cheksiz axborot va ma'lumotlarni o‘z ichiga qamrab olgan dunyo media olami murakkab vaziyatni boshidan kechirmoqda. Dunyo media olamida yangicha davr, yangicha ijtimoiy munosabatlar paydo bo‘lmoqda va ushbu munosabatlar shiddat bilan jahon hamjamiyati tafakkuriga singib bormoqda. Shunday bir sharoitda Mustaqil O‘zbekistonimiz media olamining o‘rni va mavqyei qanday bo‘ladi, to‘g‘ri va xolis axborot hamda ma'lumotlarni qayerdan, qay tarzda olish mumkin degan savollar muhim ahamiyat kasb etadi.
Aynan shunday dolzarb, ya'ni kishilik jamiyatini o‘yga soladigan masalalar mavzusiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston matboti” V Milliy Forumi bugun poytaxtimizning “International Hotel Tashkent” mehmonxonasining anjumanlari zalida bo‘lib o‘tdi.
Sh. Mansurov olgan surat
Shu ma'noda, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan va qator tashkilotlarning hamkorligida tashkil etilgan mazkur Forumning mavzusi “Yangi davr, yangicha ijtimoiy munosabatlar - ommaviy axborot vositalarining dolzarb vazifalari” deb nomlanishi ham bejiz emas.
Forumda milliy bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, vazirliklar, muassasa va tashkilotlar axborot xizmati rahbarlari bilan birgalikda xorijiy ekspertlar ham ishtirok etishdi. Tadbirda so‘z olganlar, yuqorida tilga olingan masalalar bilan bir qatorda, yurtimizda mustaqillik yillarida barcha sohalar qatori, milliy axborot olamida ro‘y bergan yangilanishlar, o‘zgarishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tishdi. Jumladan, mamlakatimizda axborot sohasini demokratlashtirish, erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jurnalistning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va mavqyeini yuksaltirish, shuningdek soha xodimlarining o‘ta mashaqqatli va sermahsul mehnatini moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish borasida keng ko‘lamli va tizimli ishlar amalga oshirilganligi dalil va raqamlar orqali qayd etildi.
Bundan tashqari, o‘tgan davr mobaynida axborot sohasiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini izchil joriy etishga qaratilgan o‘ndan ortiq qonunlar, ko‘plab tegishli qonun osti hujjatlari qabul etilganligi ham e'tirof etildi.
Qatnashchilar tomonidan o‘z chiqishlarida mazkur Forumning amaliy ahamiyatiga, uning an'anaviy tadbirga aylanganligiga, dolzarb muammolarning kun tartibiga qo‘yilayotganiga, yil sayin Forum ishtirokchilari tarkibining kengayib borayotganliga va rang-barangligiga e'tibor qaratildi.
Sh. Mansurov olgan surat
Shu bilan birga, tadbirda:
yurtimizda so‘z va axborot hamda fikr bildirish erkinligida erishilgan sifat o‘zgarishlari;
ma'naviy olamga qarshi kuchayib borayotgan tahdid va xatarlar sharoitida axborot xavfsizligini ta'minlash;
mamlakat milliy manfaatlarini himoya qilish va ilgari surish, jamiyatda adolat va insonparvarlik tamoyillarini o‘rnatishda jurnalistning fuqarolik mas'uliyati;
an'anaviy jurnalistikadan onlayn mediaga o‘tishning istiqbollari;
raqamli, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi sharoitida nodavlat nashriyotlar va matbaa korxonalarini taraqqiy ettirish istiqbollari;
milliy OAVning media makonda munosib o‘rin egallashning dolzarb vazifalari kabi masalalar to‘g‘risida so‘z bordi va o‘zaro fikr almashildi.
Ushbu Forumning yana bir o‘ziga xos jihati, unda to‘rtta, ya'ni “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, fuqarolarning axborot olishga oid konstitutsiyaviy huquqini ta'minlashning muhim kafolati: O‘zbekiston tajribasi”, “O‘zbekiston Internet-nashrlari: rivojlanish yo‘nalishlari va ijod texnologiyalari”, Jahon media makonida mamlakat imijini rivojlantirish imkoniyatlari va jurnalistikada mahorat masalalari”, “Mamlakat media imijini rivojlantirishda milliy ommaviy kommunikatsiya vositalarining o‘rni: nazariy va amaliy aspektlar” deb nomlangan risolalar tadbir ishtirokchilariga tarqatildi.
O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi buyurtmasi asosida tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko‘magida chop etilgan ushbu kitoblar, shubhasiz, yurtimiz OAVlari vakillari, davlat tashkilotlari axborot xizmati xodimlari, qolaversa, oliy o‘quv yurtlari jurnalistika fakultetlari talabalari uchun muhim manba va ishonchli qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
Shunday qilib, mamlakatimizda an'anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur Forum jonli muloqotlar va munozaralar ruhida bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik Axborot xizmati