Energiya samaradorligiga erishish masalasi endi "Nuqtai nazar" teleko‘rsatuvida muhokama qilinadi

21/10/2015 - 17:50 8270

Joriy yilning 22 oktyabr kuni “Yoshlar” teleradiokanalida “O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish” mavzusida “Nuqtai nazar” teleko‘rsatuvi efirga chiqadi. Mazkur “Nuqtai nazar” teleko‘rsatuvi, ya'ni yoshlar tok-shousida mamlakatimizda energiyani tejash masalalarining dolzarbligini yoritish bilan birga,  O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Jahon bankining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” qo‘shma loyihasining faoliyati va mohiyatini ochib berishga bag‘ishlanadi.

Ushbu teleko‘rsatuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 5 may kuni tasdiqlangan “2015-2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada energiya sig‘imini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi PP-2343-sonli qarori ijrosini ta'minlash hamda “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha Kommunikatsion strategiya”ni amalga oshirish doirasida “Yoshlar” milliy teleradiokanali va “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi hamkorligida tashkil etildi.

Teleko‘rsatuvda qator vazirliklar, idoralar va sanoat korxonalarining vakillari faol qatnashdilar. Unda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, “O‘zdavenergonazorat” va “O‘zdavneftegazinspeksiya” davlat inspeksiyalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Fanlar akademiyasining Energetika va avtomatika instituti, “O‘zstandart” agentligi, “Asakabank”, “O‘zsanoatqurilishbanki”, shuningdek, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” aksionerlik jamoasining ekspert-mutaxassislari yoshlar bilan ochiq muloqot olib borishdi.

Ekspertlarning fikricha, televideniye orqali efirga uzatiladigan bunday muhokamalar aholining energiya samaradorligi va tejamkorligi bo‘yicha xabardorlik va qiziqish darajasini oshirib, ularning ijtimoiy faolligining yuksalishiga xizmat qiladi.

Energiya samaradorligiga bag‘ishlangan mazkur ko‘rsatuv joriy yilning 22 oktyabr kuni soat 20:20 da efirga uzatiladi va 23 oktyabr (15:20) hamda 25 oktyabrda (01:30) takroran efirga uzatilishi kutilmoqda.