Muhim uchrashuv
13/10/2015 - 12:07 7433
2015-yil 12-oktyabr kuni Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari D. Turdiyev Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi janob Vinod Kumarni qabul qildi.
Uchrashuvda tomonlar 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi rahbarining Hindiston Respublikasiga hamda 2015-yilda Hindiston Respublikasi Premyer-ministrining O‘zbekiston Respublikasiga qilgan tashriflari yakunlari, shuningdek, 2014-yil 3-5-mart kunlari Dehli shahrida o‘tkazilgan O‘zbek-Hind Hukumatlararo savdo-iqtisodiy hamkorlikning 10-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha imzolangan hujjatlarning amalga oshirilishini muhokama qildilar.
Uchrashuvda ikkitomonlama qulay iqtisodiy hamkorlikni mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalangan holda sifat va amaliy jihatdan yanada kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi.
O‘zbekiston tomoni asosiy e'tiborni o‘zaro savdo, xususan Hindiston bozoriga respublikamizda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni eksport qilishga qaratdi.
Shu bilan birga, istiqbolli iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlari sifatida farmatsevtika, charm-poyabzal, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari, dasturiy mahsulotlar tayyorlash, tibbiyot va ilm-fan sohalariga alohida e'tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida Hindiston tomoni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan O‘zbek-Hind Hukumatlararo savdo-iqtisodiy hamkorligining navbatdagi yig‘ilishiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish masalalari xususida ham axborot berib o‘tdi.