Loyiha ekspertlari ilmiy anjumanda qatnashdilar
17/09/2015 - 18:14 10894
Joriy yilning 15 sentyabrida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 5 may kuni tasdiqlangan “2015-2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada energiya sig’imini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari Dasturi to’g’risida”gi PQ-2343-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 oktyabdagi “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo’yicha Kommunikatsion strategiya to’g’risida”gi topshirig’iga binoan, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo’mitasi hamda O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiya va O’zbekiston Respublikasi Oliy va maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida “O’zbekiston respublikasida energiya tejamkorligi, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qo’llanishini rivojlantirish” mavzusida Respublika ilmiy anjumani bo’lib o’tdi.
Ushbu anjumanda Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi “Sanoat korxonalarning energiya samaradorligini oshirish” loyihasining ekspertari ham ishtirok etdilar.
Mazkur tadbirda O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Energetika va avtomatika Instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, shuningdek, Iqtisodiyot vazirligi, Muqobil energiya korxonalari uyushmasi va boshqa muassasalarning olimlari va ekspertlari qatnashdilar.
Tadbirda Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi “Sanoat korxonalarning energiya samaradorligini oshirish” loyihasi mutaxassislari loyihaning mohiyati, yutuqlari hamda rivojlantirish istiqbollari haqida to’xtab o’tdilar.
Loyiha ekspertlari ta’kidlab o’tganidek, Jahon banki tomonidan ajratilgan mablag’lar evaziga mamlakatimizning 30-dan oshiq energiyani ko’p miqdorda iste’mol qiluvchi sanoat korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradoligini oshirish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur konferentsiyaning muhokamalari quiyidagi yo’nalishlarga bag’ishlandi:
- energiya samaradorligi, energiya tejamkorlik va qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan foydalanishning qonuniy asoslari va zamonaviy holati;
- energiyani tejaydigan texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan unumli foydalanish masalalari;
- energiyadan samarali foydalanish bo’yicha ilmiy izlanishlar natijalari va tadqiqotlarni tashkil etishda yoshlarning o’rni.
Bundan tashqari, ekspertlar energiya tejaydigan texnologiyalarga o’tish iqtisodiy rivojlanish jarayonini qo’llab-quvvatlash uchun davr talabi, shuningdek mazkur sohada olib borilayotgan ilmiy-innovatsion faoliyat esa O’zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan maqsadlarga erishishda muhim omillardan ekanligi haqida fikr yuritishdi. Shu bilan birga olimlar o’zlarining energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi ilmiy izlanishlari natijalari haqida so’zlab berishdi.
Ilmiy konferentsiyada yetakchi ilmiy va o’quv markazlari fan arboblari, ekspertlar va yosh olimlar, shuningdek turli energetika tarmoqlari korxonalarining mutaxassislari faol ishtirok etdilar.
Tadbir yakunida yuqoridagi masalalar bo’yicha anjuman qatnashuvchilari tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.