Loyihaning o'rta-mudatli natijalari bo'yicha matbuot anjumani

08/06/2015 - 14:59 7019

2015-yil 5 iyun kuni Xalqaro biznes markazida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Jahon bankining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” qo‘shma loyihasining amalga oshirilishi o'rta-muddatli yakunilariga bag‘ishlangan hisobot taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mahalliy idoralar va yuqori samaradorli uskuna va texnologiyalarni O‘zbekistonda joriy etayotgan bir qator tashkilotlar rahbarlari qatnashdi. Ushbu tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri va Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari tashrif buyurdilar.

Mazkur anjumanda resurs va energiya samaradorligini oshirish loyihalarni moliyalashtirishga qiziqishlarini ta'kidlagan bir qator tijorat banklari rahbarlari taklif etildi. Anjuman davomida loyihada bevosita qatnashayotgan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB, “Asakabank” DATB va “Hamkorbank” ATB vakillari mehmon sifatida qatnashgan hamkasblari bilan loyiha doirasida olingan tajribalari haqida fikr almashdi.

Anjuman qatnashchi va mehmonlar loyihaning birinchi bosqichi natijalari bilan tanishib, turli tarmoqlarda energiya samaradorligini yanada oshirishning istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish va sanoat korxonalariga resurslardan samarali foydalanish yo‘nalishida ko‘maklashish yo‘llarini muhokama qilish imkoniyatidan foydalandi.

O‘zbekistonning bir qator yirik korxonalarining rahbarlari hisobot va takliflarini taqdim etishdi. Loyiha jarayonida kredit olgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “O‘zmetkombinat” AIB va “Navoiyazot” AJ hamda boshqa korxona va uyushma rahbarlari o‘zlarining ishlab chiqarishda energiya samaradorligini oshiruvchi texnologiyalarni joriy qilish tajribalari haqida taqdimot berdi. Korxonalarda energiya auditini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Qatnashchilar energiya samaradorligi va resurs tejamkorligining ahamiyati haqidagi xabardorlikni oshirish masalalariga alohida e'tibor berdi. Jumladan, Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari maktab o‘quvchilari bilan olib borilayotgan ishlarda qo‘llanilayotgan barcha turdagi resurslardan samarali foydalanishga bag‘ishlangan yangi tarbiya uslublari to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Loyiha shu kunga qadar respublika bo‘yicha 145 mln kVt/s elektr energiyasi va 40 mln kub. m. tabiiy gazni tejalishini ta'minlagan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkichlarni tegishli ravishda 550 mln va 168 mlnga chiqarish ko‘zda tutadi.

“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasining birinchi bosqichi 2011 yilda boshlanib, uni amalga oshirish maqsadida Jahon bankining Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi 25 mln AQSH dollari ajratgan. Bugungi kunda loyihaning ikkinchi bosqichi davom etyapti, va umumiy kredit miqdori 100 mln AQSH dollarini tashkil etadi.

Loyihaning asosiy maqsadi sanoat korxonalari energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan investitsiyalarni moliyalashtirish mexanizmini ishlab chiqarish va joriy etishdan iboratdir. Loyihaning amalga oshirish muddati 2018-yilgacha ko‘zda tutilgan.

ALSTOM xalqaro kompaniyasi ushbu anjumanni qo‘llab quvvatlab uni tashkil etishda qatnashdi.