Loyiha vakillari davra suhbatida qatnashdi

02/03/2015 - 15:33 7523

O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiyot vazirligi, "O’zbekenergo" DAK va Birlashgan Millatlar Tashkilotining O’zbekistondagi Taraqqiyot Dasturining qo’shma tashabbusi bilan, hamda Koreya Respublikasining Yashil texnologiya markazi (GTC Green Technology Center) ishtirokida, 2015 yilning 27-fevral kuni “Poytaxt” biznes markazida “Energiya tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish jarayonidagi yangi imkoniyatlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir tashkilotchilar bilan bir qatorda Moliya vazirligi, Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, «Uzbekneftegaz» MHK, "O’zkimyosanoat" DAK, Xalqaro quyosh energiya instituti va boshqa vazirliklar, idoralar va kompaniyalar davra suhbatida ishtirok etdilar. Bundan tashqari, tadbirga Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, JICA (Yaponiya), KOICA (Korea), TICA (Turkiya), GIZ (Germaniya) agentliklari bilan bir qatorda boshqa xalqaro hamkorlik tashkilotlarining vakillari tashrif buyurdilar.  “Sanoat korxonalarning energiya samaradorligini oshirish” loyihasining koordinatsiyalash guruhi (LKG) ekspertlari ham ushbu tadbirda faol qatnashdilar.

Davra suhbati davomida Ozbekistondagi energiya samaradorligi va qaytaluvchan energiya manbalarining joriy holati va ularning rivojlanish istiqbollari, energiya samaradorligini rivojlantirishda ijobiy samara ko’rsatgan xalqaro tajribalar ko'rib chiqildi. Shuningdek, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasida bir qancha takliflar ishlab chiqildi.

Mazkur davra suhbatida Iqtisodiyot vazirligi va LKG  mutaxassislari qatnashchilarni O’zbekistonda energiya tejash texnologiyalarini joriy etish jarayonlarini rag'batlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatinining xususiyatlari bilan tanishtirib o’tdilar. “Sanoat korxonalarning energiya samaradorligini oshirish” loyihasi amalga oshirish bo'yicha hisobotining taqimotida esa, mamlakatimizda sanoat korxonalarning energiya samaradorligi loyihalarni kreditlash mexanizmini tashkil etish muhimligi haqida alohida to’xtalib o’tildi. Iqtisodiyot vazirligi va Jahon banki tomonidan olib borilayotgan loyihaning amalga oshirilish istiqbollari davra suhbati ishtirokchilari orasida yuqori qiziqish uyg’otdi.

Ushbu davra suhbatining maqsadi qayta tiklanuvchi energiya va energiya samaradorligi sohasida yuksak natijalarga erishgan mamlakatlari, ayniqsa Janubiy Koreya bilan hamkorligining yangi istiqbollarini ko’rib chiqish edi. Mazkur tadbir Vazirlar mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo’yicha kommunikatsion strategiya”ga muvofiq amalga oshirildi. Kommunikatsion strategiyaga ko’ra, “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi orqali ishlab-chiqarish hamda ijtimoiy-maishiy hayotga energiyadan samarali foydalanish va yangi texnologiyalarni joriy qilishning zaruriyati haqidagi ma’lumotlarni tarqatish, bu borada keng jamoatchilikning xabardorligini oshirishda faol ishlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.