Energiya samaradorligi bo'yicha OAV vakillari uchun matbuot-anjumani o'tkazildi
05/02/2015 - 14:59 7278
Iqtisodiyot vazirligi va Jahon banki hamkorligida amalga oshirilayotgan “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida, 2015-yilning 2-3 fevral kunlari Jahon bankining O’zbekiston vakolatxonasida Ommaviy axborot vositalari (OAV) vakillari uchun matbuot-anjumani uyushtirildi. Anjumanda ushbu loyihaning maqsad va vazifalari, kutilayotgan natijalari namoyish etildi.
Matbuot-anjumanining asosiy maqsadi Ommaviy axborot vositalarining mazkur loyiha faoliyati haqidagi tasavvurlarini kengaytirish, xabardorligini oshirish hamda loyihada qatnashayotgan, ya’ni energiyadan samarali foydalanadigan asbob-uskunalarni sotib olish uchun kreditlar olayotgan, sanoat korxonalarning tajribasi bilan tanishtirishdan iboratdir. Tashkilotchilarning ishonchi komilki, OAV vakillari anjumanda olgan barcha ma’lumotlarni o’z vaqtida va sifatli tarzda respublikamizning keng jamoatchiligiga yetkazib beradi.
Mazkur anjuman ikki bosqichdan iborat bo’lib, birinchi kuni matbuot xodimlari Jahon bankining O’zbekistondagi vakolatxonasida bo’lib o’tgan seminarda qatnashdi. Seminar mobaynida, ishtiroqchilar Jahon bankining O’zbekistonda faoliyati, ushbu loyihaning dolzarbligi va uning doirasida amalga oshirilayotgan ishlari haqida ma’lumotlar olishdi. Taqdimotlar davomida loyihada qatnashayotgan tijorat banklari haqida alohida to’xtalib o’tildi. Ma’lumki, “Asaka” DATB, “O’zsanoatqurilishbank” ATB, “Hamkorbank” ATBlar mazkur loyihada o’ta muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, Jahon banki tomonidan ajratilayotgan mablag’lar tijorat banklari orqali kredit sifatida sanoat korxonalariga tarqatiladi.
Tadbirning ikkinchi bosqichi 3-fevral kuni o’tkazildi. Matbuot xodimlariga qimmatli tajriba ega bo’lish imkoniyati yaratib berildi. Ular energiya samadorligini oshirish bilan shug’ullanayotgan Bekobod shahridagi yirik sanoat korxonalari – O’zbekiston Metallurgiya kombinati hamda “Bekobodtsement” AJ-ga tashrif buyurdilar. Bu yerda OAV vakillari bevosita korxonalar ishchi-xodimlari, muxassislaridan o’zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar olishdi.
Mazkur tashabbus Vazirlar mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo’yicha Kommunikatsion strategiya”ga muvofiq amalga oshirildi. Ushbu strategiyaga ko’ra, “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi orqali ishlab-chiqarish hamda ijtimoiy-maishiy hayotga energiyadan samarali foydalanish va yangi texnologiyalarni joriy qilishning zaruriyati haqidagi ma’lumotlarni tarqatish, bu borada keng jamoatchilikning xabardorligini oshirishda faol ishlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.