Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar milliy iqtisodiyot taraqqiyotiga hissa qo‘shadi
02/07/2015 - 12:41 21984
Milliy iqtisodiyotimizni modernizatsiya qilish, uning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirishda ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirish muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu ma'noda yurtimizda so‘nggi yillarda ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, respublikaning real sektorida innovatsion faoliyatni yuksaltirish, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirishda fanning rolini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 15 iyulda “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilning 19-21 may kunlari poytaxtimizda mazkur VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi sakkizinchi marotaba o‘tkazildi.
Yarmarkada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va boshqa tashkilotlarning 100 dan ortiq ilmiy va ta'lim muassasalari, ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik tashkilotlari, shuningdek ixtirochilar hamda xususiy korxonalar o‘zlarining 604 ta ilmiy-amaliy texnik ishlanmalari bilan ishtirok etishdi. Undan 387 ta ishlanmalar yoki 64 foizi yangi bo‘lib, oldingi yarmarkalarda namoyish etilmagan. Ma'lumot tariqasida aytish joizki, 2014 yilda bunday texnik ishlanmalar soni 549 tani tashkil etgan edi.
Taqdim etilayotgan ishlanmalar, asosan, sanoatda - 24,8 foiz, sog‘liqni saqlash va farmatsevtikada - 13,6 foiz, axborot texnologiyalari yo‘nalishida - 12,4 foiz, qishloq xo‘jaligi sohasida - 20 foiz, ilm-fan va ta'lim yo‘nalishida - 4,1 foiz, energiya va resurstejamkor texnologiyalarda - 8,3 foiz, yuqori texnologiyalarda - 5,1 foizni tashkil etdi. Shuningdek, yarmarkada yosh olimlar, talabalar va “Yoshlarning innovatsion g‘oyalari” Respublika ko‘rik tanlovi g‘oliblarining 70 ta ishlanmalari (11,6 foiz) taqdim etildi. Binobarin, o‘tgan 2014 yilda bunday ishlanmalar soni 50 tani tashkil etgan edi.
Yarmarkada 12 mingdan ortiq kishi, jumladan katta va kichik sanoat biznes rahbarlari va vakillari, fermerlar, oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlarining ilmiy xodimlari, oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda kollej o‘quvchilari, shuningdek, xorijiy elchixonalar va vakolatxonalar vakillari ishtirok etishdi.
Yarmarka doirasida ilmiy-texnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va iste'molchilari o‘rtasida jami 776 ta ishlab chiqarish hamda yangi texnologiyalarni sotib olish bo‘yicha shartnomalar imzolangani quvonarlidir.
Iste'molchilar orasida katta talabga ega bo‘lgan Urganch davlat universitetining meva va sabzavotlarni quritish uskunasi, “Livadiya-Buxara” XKning infraqizil-impulsli quritish moslamasi, YUqori texnologiyalar markazining urug‘larni sun'iy yaratish texnologiyasi asosida olinadigan pavlovniya o‘simligining ko‘chatlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining “Fizika-quyosh” IIBning kichik quyosh fotoelektr stansiyasi, Farg‘ona innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini hosildorligini oshirish bioo‘g‘iti kabi ishlanmalar taqdim etildi.
Ayniqsa, yarmarka ishtirokchilarida yosh olimlarning innovatsion ishlanmalari alohida qiziqish uyg‘otdi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Aqlli uy” va “Aqlli quyosh panellari”, Turin politexnika instituti Toshkentdagi filialining elektromobil va robototexnika sohasidagi ishlanmalari, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining “Kartoshka ekish uchun tuproqlarni tayyorlash kombinatsiyalangan uskunasi” shular jumlasidandir.
Mazkur yarmarka ishida hududiy darajada ham ancha faollik sezildi. Misol uchun Andijon viloyati tadbirkorlik sub'yektlari va fermerlarida nisbatan katta qiziqish bo‘lib, ushbu viloyat bo‘yicha 103 ta shartnomalar imzolangan bo‘lsa, bunday shartnomalar Farg‘ona viloyatida - 100 ta, Samarqand viloyati - 77 ta, Toshkent shahrida - 68 ta va Toshkent viloyati bo‘yicha 64 tani tashkil etdi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, VIII yarmarka doirasida ilk marotaba Toshkent xalqaro innovatsion forumi o‘tkazilib, unda 39 nafar xorijiy ishtirokchilar, shu jumladan AQSH, Germaniya, Italiya, Fransiya, Yaponiya, Gretsiya, Polsha va Rossiya davlatlarining 20 nafardan ortiq olimlari va mutaxassislari hamda Toshkent shahrida joylashgan xalqaro tashkilotlarning 19 nafar vakillari ishtirok etishdi.
Forum doirasida ilmiy va texnologik parklarni qo‘llab-quvvatlash, korxonalarni boshqarishni innovatsion yondashuvi, ilm va ishlab chiqarish integratsiyasi, yoshlarning innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda rivojlangan davlatlarning tajribasi, innovatsion iqtisodiyot uchun kadrlarni tayyorlash masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi.
Aziz Dilmuradov
Bo'lim boshlig'i