Mamlakatimiz oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish istiqbollari
15/05/2015 - 20:31 23235
Ma'lumki, oziq-ovqat sanoati milliy iqtisodiyotning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradigan keng tarmoqli sohasi hisoblanib, uning tarkibida go‘sht-sut, sut-yog‘, yog‘-moy, baliq mahsulotlari, un-yorma, makaron, meva-sabzavot konservalari, sharbatlar, turli-tuman ichimliklar, shakar, qandolatchilik mahsulotlari, non va boshqa noz-ne'matlar ishlab chiqaradigan korxonalar mujassamlashgan. Hyech kimga sir emas, bugun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va uning ta'minlash masalasi global muammolardan hisoblanadi. Mazkur muammo rivojlangan davlatlar bilan endi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bir xil ahamiyatga ega. Shu ma'noda, respublikamiz aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini sifatli mahsulotlar bilan qondirish dolzarb masala hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ta'kidlaganidek, Yer yuzi aholisining tez ko‘payib borayotgani bilan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘sish imkoniyatlari cheklangani o‘rtasidagi tafovut oziq-ovqat dasturini hal etish masalasi yildan-yilga keskinlashib borayotganining asosiy sababi ekani haqida bugun ortiqcha gapirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Sodda qilib aytganda, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘sishi aholi soni va ehtiyojlarining o‘sishidan ortda qolmoqda. Bu tafovut, avvalo, oziq-ovqat mahsulotlarini jadal ishlab chiqarish uchun tegishli sharoitlar mavjud bo‘lmagan mamlakat va hududlarda chuqurlashib bormoqda. Bu o‘rinda gap, birinchi gal, atrof-muhitning ekologik jihatdan buzilishi hamon davom etayotgani, iqlim o‘zgarishlarining oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlari, tez-tez takrorlanayotgan qurg‘oqchilik va suv resurslari taqchilligi, jumladan, sug‘orish uchun yerosti suvlarining tugab borayotgani, irrigatsiya, melioratsiya va yerlarning unumdorligini qayta tiklashga yo‘naltiriladigan investitsiyalarning yetarli emasligi haqida bormoqda. Yerlarning ekologik jihatdan buzilishi kimyoviy moddalar, mineral o‘g‘it va pestitsidlarni tinimsiz ishlatish oqibatida yanada kuchaymoqda. Bularning qatoriga urbanizatsiya, ya'ni shaharlashuv jarayonlari, aholining qishloqlardan shaharlarga ko‘chishi bilan bog‘liq muammolar ham qo‘shilmoqda.
Natijada, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun ekin maydonlari sezilarli darajada qisqarib ketmoqda, aholining ehtiyoji to‘laqonli qondirilmayapti. Shuningdek, Xitoy, Hindiston kabi Osiyoning bir qator mamlakatlarida aholi daromadlarining jadal sur'atlar bilan o‘sib, shunga mos ravishda oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilish hajmi ortib borayotganini ham e'tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarini «daladan dasturxonga» sxemasi bo‘yicha iste'molchiga yetkazib berishda ulkan yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilayotgani ham salbiy omillardan biridir.
Respublikamiz mustaqillikka erishganining ilk davrlaridanoq, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga asosiy e'tibor qaratildi, ya'ni oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholiga uzluksiz va yetarli hajmda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hayotmamot vazifalardan biri etib belgilandi. Jumladan, bu Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ikki barobardan ziyodga oshdi. Bu mamlakatimiz aholisining qariyb 10 million kishiga yoki 30 foizdan ortiq ko‘payishiga qaramasdan, jon boshiga to‘g‘ri keladigan go‘sht iste'molini 1,3 barobar, sut va sut mahsulotlarini 1,6 karra, kartoshkani 1,7 barobar, sabzavotlarni 2 martadan ziyod, mevalarni qariyb 4 barobar oshirish imkonini berdi, yurtimizda har yili 16 million tonnaga yaqin meva va sabzavot yetishtirilmoqda. Aholi jon boshiga qariyb 300 kilogramm sabzavot, 75 kilogramm kartoshka va 44 kilogramm uzum to‘g‘ri kelmoqda. Bu optimal, ya'ni maqbul deb hisoblanadigan iste'mol me'yoridan uch barobar ko‘pdir.
Ayni paytda oziq-ovqat uyushmasi meva-sabzavotni qayta ishlash, go‘sht-sut, yog‘-moy va oziq-ovqat sanoatining boshqa tarmoqlariga tegishli 200 ga yaqin korxonalarni birlashtirgan va ular bilan ham gorizantal ham vertikal sifatda o‘zaro munosabatlar tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Agar uch yil oldin oziq-ovqat sanoatida yog‘-moy va tamaki tarmoqlari salmoqli ulushni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda tarkibiy o‘zgarishlar hisobiga mahsulotlarning 60 foizdan ko‘prog‘ini meva-sabzavotni qayta ishlash, go‘sht-sut, qandolatchilik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tashkil qiladi.
Kichik beznes korxonalarida ishlovchilarning o‘rtacha yillik sonini 2 barobarga oshirilganligi ham korxonalar faoliyatini yanada rivojlantirishga imkon berdi. Oziq-ovqat uyushmasi tashkil etilgandan buyon o‘tgan 3 yil davomida uyushma korxonalari tomonidan 121 ta loyiha amalga oshirilib, 198,4 mln. dollar investitsiya o‘zlashtirildi.
Shundan kelib chiqib, 2014 yilda aholining oziq-ovqat mahsulotlari bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ta'minlanish darajasini tahlil etadigan bo‘lsak, go‘sht va go‘sht mahsulotlari 98,6 foiz, sut va sut mahsulotlari 99,8 foiz, foizi, makaron mahsulotlari 95,4 foiz, margarin 77,7 foiz, shakar 92,9 foiz, qandolat mahsulotlari 68,5 foizni tashkil etdi. Bugungi kunda respublikada oziq-ovqat xavfsizligi to‘liq ta'minlangan va aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojining 90 foizidan ortig‘i mahalliy ishlab chiqarish korxonalari hisobiga ta'minlanmoqda.
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashda importning ulushini kamaytirish yoki import qilmasdan mamlakatda sifatli va jahon standartlariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaradigan korxonalar sonini ko‘paytirish yoki mavjud korxonalarda innovatsiya loyihalarini amalga oshirishni talab qilinadi. Bunda, nazarimizda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, ilmiy-tadqiqot muasassalari bilan hamkorlikdagi ishlarni takomillashtirish zarur.
Innovatsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida sifatli mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etgan korxonalarga soliq imtiyozlari qo‘llanib, undan iqtisod qilingan mablag‘lar korxonani rivojlantirishga yo‘naltirish ham yaxshi samara beradi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar quvvatlaridan to‘laqonli foydalanish darajasini yanada oshirish zarur. Buning uchun xomashyo bazasini shakllantirish, ya'ni korxonalarni xomashyo mahsulotlari bilan ta'minlash lozim bo‘ladi.
Qisqasi, oziq ovqat sanoati aholining asosiy ehtiyojini qondiruvchi tarmoq hisoblanadi. Bugunki kunda mamlakat iqtisodiy barqaror o‘sishini, aholi farovonligini ta'minlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, zaruriy birlamchi mahsulotlar bilan ta'minlash dolzarb masala hisoblanadi. Bu muammoni hal etishda mavjud resurslardan samarali foydalanish, oziq-ovqat sanoati korxonalarini takomillashtirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish maqsadida chet el investitsiyalarini jalb etishni yanada kuchaytirish zarur. Buning natijasida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish va ishlab chiqarish jarayonini tezlashtirish, yangi ishlab chiqarish liniyalarini joriy etish, mahsulotlar turini va sifatini oshirish, aholining iste'mol tovarlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish imkoniyati yuzaga keladi.
Sa'dullayev Saydullo,
Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetining 4-bosqich talabasi
O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Iste'mol tovarlari ishlab chiqarish va ular bilan bozorni to‘ldirish yig‘ma bo‘limi tadqiqotchisi