Tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish tartibotlarini takomillashtirish yo‘lida
18/02/2015 - 15:27 34273
Joriy yilning 17-fevral kuni Toshkent shahri Mirobod tumani hokimligida o‘tkazilgan seminarda ishtirokchilar tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq ma’muriy tartibotlarni soddalashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Seminarda tadbirkorlik subyektlari, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahri va tumanlar hokimliklari, Toshkent shahri tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi, bojxona boshqarmasi, adliya boshqarmasi, standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi rahbar va mas’ul xodimlari, shuningdek Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va “O‘ztadbirkoreksport” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Seminar davomida Iqtisodiyot vazirligi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, “O‘ztadbirkoreksport” kompaniyasi va Toshkent shahri standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Jahon bankining “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash, shu jumladan bojxona tartibotlaridan o‘tish mexanizmini soddalashtirish va zaruriy hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoniga “yagona oyna” tamoyilini joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlash kerakki, 2013-yilning 1-yanvaridan boshlab tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda taqdim etiladigan 22 turdagi hujjatning bekor qilinishi, import kontraktlarini bojxona organlarida hisobga qo‘yish bo‘yicha talabning bekor qilinishi, tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda elektron deklaratsiyalash mexanizmining joriy etilishi, shuningdek tovarlarni ularning amalda bojxona hududiga olib kelinishi paytigacha bojxona organlariga dastlabki deklaratsiya taqdim etish yo‘li bilan deklaratsiyalash mexanizmini joriy etish hisobiga tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish tartibotlari sezilarli darajada soddalashtirildi.
Bundan tashqari, eksport operatsiyalarini manfaatdor vazirlik va idoralarning yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirgan holda “onlayn” ravishda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tizimi joriy etildi. Hozirgi vaqtda vakolatli organlar tomonidan ruxsatnoma hujjatlarini berish jarayoni Tovarlarni elektron deklaratsiyalashning avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali elektron shaklda amalga oshirilmoqda.
2014-yilning 1-sentyabridan tashqi savdo kontraktlarini vakolatli banklarda hisobga qo‘yish tartibotining bekor qilinishi tadbirkorlik subyektlariga Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni elektron shaklda kiritish imkonini berdi.
Seminar davomida eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda tovar va xizmatlarni sertifikatsiyalash tartibotlaridan o‘tish bilan bog‘liq masalalar batafsil muhokama qilindi, shuningdek xalqaro sifat menejmenti tizimlarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘z navbatida, seminar ishtirokchilari zaruriy hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishni to‘liq joriy etish, ma’lum bir vaqt oralig‘ida ekspertiza organlariga takroran murojaat etganda to‘liq hujjatlar paketini taqdim etish talabini bekor qilish orqali bojxona rasmiylashtiruvi tartibotlarini yanada soddalashtirish, shuningdek tovarlar va xizmatlarni sertifikatsiyalashda arizalarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi