Surxondaryo viloyatining 2014 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari to‘g‘risida

03/02/2015 - 18:50 15110

2014 yilda belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur'atlarini, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish va mamlakat iqtisodiyotini raqobatbardoshligini oshirish hamda iqtisodiyotni va uning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilashni jadallashtirish va ko‘lamlarini kengaytirish, ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga qaratilgan vazifa va tadbirlarning amalga oshirilishi viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi.

Viloyatda 2014 yilda yalpi hududiy mahsulot 6077,0 mlrd. so‘mni yoki o‘tgan yilga nisbatan 109,3 foizni va aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarilishi 2604,1 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 7 foizga o‘sdi.

Shuningdek, viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1421,6 mlrd. so‘mni yoki 112,2 %ni, xalq iste'mol mollari ishlab chiqarish 540,7 mlrd. so‘mni yoki 114,0 %ni, chakana savdo aylanmasi 3964,6 mlrd. so‘mni yoki 117,3 %ni, kapital qo‘yilmalar 1377,4 mlrd. so‘mni yoki 106,3 %ni, qurilish-pudrat ishlari 1098,0 mlrd. so‘mni yoki 116,1 %ni, yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi 3323,5 mlrd. so‘mni yoki 106,6%ni tashkil etdi.

Yalpi hududiy mahsulot tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining ulushi 74,5 %ga (2013 yilga nisbatan 0,4 bandga ko‘p), xizmat ko‘rsatish sohasining ulushi 42,0 %ni (2013 yilga nisbatan 0,4 bandga ko‘p)  tashkil etgan.

Yalpi hududiy mahsulotda qishloq xo‘jaligining ulushi 1,1 bandga kamaygan bo‘lsa, sanoatning ulushi 0,2 bandga hamda qurilish sohasining ulushi 1,3 bandga oshgan.