O‘zbekiston Respublikasining 2014 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari to‘g‘risida
20/01/2015 - 13:52 13925
Iqtisodiyotimiz o‘sishining barqaror yuqori sur'atlarini ta'minlash, eng muhim yuqori texnologiyali va zamonaviy ob'yektlarning foydalanishga topshirilishini tezlashtirish, mamlakatimizda to‘laqonli raqobat va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va daromadlarini ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yil 17 yanvaridagi majlisida belgilangan 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dastur doirasidagi eng muhim ustuvor yo‘nalishlarning amalga oshirilishi hisobot yilida tarkibiy o‘zgarishlar jarayonlarining yanada chuqurlashuviga, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishining yuqori sur'atlariga erishishga xizmat qildi.
2014 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8,1 foizni tashkil qildi va bu inflyatsiya darajasining 6,1 foizgacha pasayishini, davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz profitsit bilan bajarilishini va tashqi savdo balansidagi ijobiy saldo 180 million dollarga yetishini ta'minlagan makroiqtisodiy muvazanatlashtirish choralari bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Texnologik jarayonlarni modernizatsiya qilish va yangilashni amalga oshirishda real sektor korxonalarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishning kengaytirilishi, mahalliy xomashyo resurslarini chuqurlashtirilgan tarzda qayta ishlash asosida mintaqalar sanoat salohiyatining oshirilishi sabab sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,3 foizga, shu jumladan, iste'mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 9,4 foizga oshdi. Ishlab chiqarishga joriy etilgan innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan sanoat mahsuloti hajmi 2013 yil bilan solishtirilganda 3,2 marta oshdi.
Qishloq xo‘jaligining moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasini mustahkamlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va sug‘oriladigan maydonlardan foydalanish samaradorligini oshirish, intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish va qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti 6,9 foizga oshdi.
Eng muhim yuqori texnologiyali va zamonaviy ob'yektlar va quvvatlarning foydalanishga topshirilishini tezlashtirishga, xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirishga va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirishga yo‘naltirilgan investitsiya siyosatining faol amalga oshirilishi kapital qo‘yilmalar hajmining 9,6 foizga (dollar ekvivalentida 10,9 foizga) va pudrat qurilish ishlarining 18,3 foizga o‘sishini ta'minladi.
Aholi bandligini oshirish dasturlari va iste'mol talabini rag‘batlantirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha real daromadlarning 10,2 foizga barqaror o‘sishi ta'minlashga yordam berdi, bu chakana tovar aylanishi hajmining 14,3 foizga va aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatishning 11,4 foizga oshishida namoyon bo‘ldi.
2014 yilda O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari
(2013 yilga nisbatan foiz hisobida)
Ko‘rsatkich | O‘sish sur’atlari |
Yalpi ichki mahsulot | 108,1 |
Sanoat mahsuloti | 108,3 |
Iste'mol tovarlari | 109,4 |
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari | 106,9 |
Qurilish ishlari | 118,3 |
Chakana tovar aylanishi | 114,3 |
Pulli xizmatlar | 111,4 |
Jami xizmatlar | 115,4 |
2014 yilda ishlamayotgan va kam quvatli korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash va moliyaviy sog‘lomlashtirish, bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan ob'yektlar negizida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish va ularni yangi mulkdorlarga toshirish ishlari davom ettirildi. O‘tgan yil mobaynida tegishli dasturlarga kiritilgan korxonalarni tiklash uchun 1 751,4 mlrd. so‘m miqdoridagi investitsiyalar, shu jumladan 717,9 mlrd. so‘m miqdoridagi tijorat banklarining kreditlari yo‘naltirildi. Natijada ushbu korxonalarda 3 274,7 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 176,2 mln. dollar qiymatidagi mahsulot eksporti amalga oshirildi va 45 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
2014-2016 yillarga mo‘ljallangan tayyor mahsulot, butlovchi mahsulotlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlari doirasida 2014 yil mobaynida 486 ta mahalliylashtirish loyihasi bo‘yicha 3,1 trln. so‘mdan ortiq qiymatidagi mahsulot ishlab chiqarildi, importning o‘rnini bosishdan erishilgan samara 1,3 mlrd. dollardan ko‘pni tashkil qildi.
560 turdagi yangi mahsulot, shu jumladan elektroduxovkalar, gaz va elektr plitalar, konditsionerlar, elektrodvigatellar va nasoslar, rozetkalar uchun shtepsellar, mis bilan qoplangan payvandlash simlari, avtomobillar uchun antifrizlar, sport maydonlari uchun sun'iy gazon, rezina asosidagi kovrolan, bolalar o‘yinchoqlarining yangi turlari, sport anjomlari va boshqa turdagi tayyor mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
2014 yilda asosiy eksport pozitsiyalariga jahon narxlarining beqaror kon'yunkturasi sharoitida mamlakatimiz eksportbop tovar ishlab chiqaruvchilarining tashqi bozorlardagi pozitsiyalarini saqlab qolish maqsadida mahsulotni raqobatbardoshligini oshirish choralari bilan bir qatorda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar hajmini va nomenklaturasini kengaytirish ishlari amalga oshirildi.
2014 yilda 850 mln. dollar qiymatidagi 218 ta yangi mahsulot turi, shu jumladan Kobalt va Jentra avtomobil rusumlari, shtampli payvandlash komponentlari, radiatorlar, konditsionirlash tizimlari, ugleammoniy tuzlar, poliakrilamid, ammoniya xlorist, natriyli nitrat, xlorat-magniy defoliant, ozuqa ammoniy fosfat, fitochoy, tibbiy idishlar, emallangan idishlar, argon, elektr bilan isitiladigan ko‘rpalar, avtomobil o‘rindiqlari, bolalar o‘yinchoqlari, polimer materiallardan tayyorlangan turli xildagi mahsulotlar va tashqi bozorlarda talab etilgan boshqa tovarlar eksport qilindi.
Eng muhim yuqori texnologiyali va zamonaviy ob'yektlar va quvvatlarning jadal foydalanishga topshirilishini ta'minlash, ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, shuningdek investitsiyaviy muhitni yanada takomillashtirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi natijasida 2014 yil mobaynida iqtisodiyotga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 14,6 mlrd. dollarni tashkil qildi.
O‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmida xorijiy investitsiyalar va kreditlar summasi 3,0 mlrd. dollardan ko‘pni (21,0%) tashkil qildi va 2013 yilga nisbatan 14,9 foizga o‘sdi, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 2,3 mlrd. dollarni tashkil qildi va 10,5 foizga o‘sdi.
Barpo etilgan maxsus industrial zonalar («Navoi» EIIZ, «Angren» va «Jizzax» EIZ) hududida 2014 yil mobaynida texnik kremniy (1 sutkada 5 ming tn ishlab chiqarish quvvatiga ega), shakar (1 sutkada 1 ming tn), me'moriy qoplama g‘ish (1 yilda 25 mln. dona), gips kukuni (1 yilda 20 ming tn), gipsokarton (1 yilda 2 mln.kv.m), suv isitish kollektorlari (1 yilda 15 ming dona), santexnika mahsulotlari (1 yilda 1,2 mln. dona) va avtotransportni siqilgan tabiiy gazga o‘tkazish uchun kapot ostiga o‘rnatiladigan jihoz (1 yilda 20 mingta jamlanma) ishlab chiqarish bo‘yicha umuiy qiymati 130 mln. dollardan ortiq bo‘lgan 7 ta loyihaning amalga oshirilishi nihoyasiga yetkazildi. Shuningdek, mazkur zonalar hududida yangi yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha 345 mln. dollardan ortiq qiymatdagi 29 ta investitsiya loyihasining amalga oshirilishi davom etmoqda.
Bundan tashqari, 2014 yilda mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida sanoat sohasida 6152 ta loyiha amalga oshirildi, shu jumladan 4142 ta yangi ishlab chiqarish ob'yekti foydalanishga topshirildi, 114 mingtadan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
2014 yil yakunlariga ko‘ra Buxoro-To‘rtko‘l (141 km uzunlikdagi) va Buxoro-Nukus-Qo‘ng‘irot (50 km) yo‘nalishlari bo‘yicha A-380 «Buxoro-Nukus-Beyneu» avtomobil yo‘lining 4 polosali sement-beton qoplamasini, A-380 avtomobil yo‘li va “Buxoro shahri aylanma yo‘li”ning kesishuvidagi transport chorrahasini, «Qamchiq» davoni orqali o‘tgan A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining uchastkalaridagi 4 polosali asfalt-beton qoplamasini (20 km), Toshkent-Jizzax-Samarqand-Termiz yo‘nalishi bo‘yicha M-39 avtomobil yo‘lining 4 polosali asfalt-beton qoplamasini (85 km), Samarqand-Buxoro-Olot yo‘nalishi bo‘yicha M-37 avtomobil yo‘lining 4 polosali asfalt-beton qoplamasini (25 km), «Termiz xalqaro aeroporti -Xayraton ko‘prigigacha» yo‘nalishi bo‘yicha 30,5 km asfalt-beton qoplamasini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari nihoyasiga yetkazildi.
Umuman olganda, 2014 yil yakunlariga ko‘ra barcha turdagi transport bilan yuk tashish hajmi 5 foizga (1455,8 mln. tonnani tashkil qildi), shu jumladan temir yo‘l transportida 3,5 foizga (66 mln. tn), havo transportida 5,1 foizga oshdi (23,1 ming tn). Yo‘lovchilar tashish hajmi 4,8 foizga (7321,3 mln. kishi), shu jumladan temir yo‘l transportida 10,1 foizga (19,2 mln. kishi), avtomobil transportida 4,9 foizga oshdi (7230,4 mln. kishi).
2014 yilda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini va investitsiya iqlimini shakllantirish, qonunchilik va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, ortiqcha byurokratik va ma'muriy tartib-taomillarni tugatish ishlari davom ettirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonini bajarish yo‘lida tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoyalashni kuchaytirishga, ularning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishlar sonini cheklashga, qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklarini berishga, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish mexanizmlarini soddalashtirishga, tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirishga hamda davlat organlari faoliyatining aniqligini oshirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Ishbilarmonlik muhitni shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar 2014 yilda 26 mindan ortiq kichik biznes sub'yektlarining (fermer va dehqon xo‘jaliklarini hisobga olmaganda) tashkil etilishiga xizmat qildi. Kichik biznes sub'yektlarining eng ko‘pi sanoat (ular umumiy sonining 24,8%), savdo va umumiy ovqatlanish (29,2%) va qurilish (12%) sohalarida tashkil etildi.
Kichik ishlab chiqarishlarni tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida 2014 yilda kichik biznes sub'yektlariga 64,6 mlrd. so‘m umumiy qiymatdagi 288 ta davlat aktivi (shundan 182 tasi investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan nol xarid qiymati bo‘yicha) sotildi va 26,9 mingta foydalanilmayotgan davlat mulki ob'yekti ijaraga berildi.
O‘tgan yil mobaynida mazkur sohani rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan 9,2 trln. so‘m miqdoridagi kreditlar ajratildi (2013 yil bilan solishtirilganda o‘sish 1,3 martani tashkil qildi), shu jumladan 1,9 trln. so‘m miqdoridagi mikrokreditlar ajratildi (1,4 marta), xalqaro moliya institutlarining 157,8 mln. dollar hajmidagi kredit liniyalari o‘zlashtirildi (1,2 marta).
2014 yilda kichik biznes sub'yektlaridan davlat xaridlarining hajmi 467,4 mlrd. so‘mni yoki davlat xaridlari umumiy hajmining 99,3 foizini tashkil qildi.
Umuman olganda, 2014 yil mobaynida kichik tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan birja savdolari orqali 1,6 trln. so‘mlik o‘z mahsulotlari sotildi (o‘sish - 1,8 marta), bu birja aylanmasi umumiy hajmining 18,6 foizini tashkil qildi, shuningdek ular tomonidan 4,3 trln. so‘mlik mahsulot xarid qilindi (o‘sish - 1,6 marta).
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarining amalga oshirilishi natijasida 2014 yil yakunlariga ko‘ra ular tomonidan 3,6 mlrd. dollardan ortiq qiymatdagi mahsulotlar eksport qilindi.
Umuman olganda, qo‘llanilgan chora-tadbirlar kichik biznes ulushining YAIMda 56,1 foizgacha (2013 yilda - 55,8), sanoatda 31,9 foizgacha (28,1%), investitsiyalarda 34,8 foizgacha (33,5%), pulli xizmatlar ko‘rsatishda 48,5 foizgacha (46,7%) va bandlikda 77,2 foizgacha (76,7%) oshishini ta'minladi.
2014 yilda servis infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan faol chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2013-2020 yillarga mo‘ljallangan telekommunikatsiya texnologiyalari, aloqa tarmoqlari va infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida 2014 yil mobaynida 2 ming km.dan ortiq zamonaviy texnologiya bo‘yicha keng polosali foydalanish tola-optik tarmoq qurilib, zaxiraga olindi. 2014 yil yakunlariga ko‘ra axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xizmatlar 890 ta provayder va operator tomonidan ko‘rsatildi, 280 ta korxona dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritdi, ZiyoNET elektron portali kutubxonasiga joylashtirilgan 75 mingdan ortiq ta'lim axborot resurslari ishlab chiqildi. Raqamli televideniyega bosqichma-bosqich o‘tish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi natijasida aholini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasi 54 foizgacha yetkazildi.
Umuman olganda, mobil aloqa va Internet xizmatlaridan foydalanuvchi abonentlar sonining oshishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar yangi turlarining joriy etilishi va rivojlanishi, shuningdek ATSni raqamlashtirish darajasining oshishi natijasida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 24,1 foizga, kompyuterli dasturlashtirish 21,6 foizga oshdi.
Mikrokreditlash va iste'mol kreditlari berishni rivojlantirish, zamonaviy xalqaro standartlar va texnologiyalardan foydalangan holda to‘lov tizimini takomillashtirish hamda moliyaviy infratuzilma institutlarini rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan chora-tadbirlar moliyaviy xizmatlar hajmini 33,9 foizga oshirish imkonini berdi.
Chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 7 mingdan ortiq yangi loyihaning amalga oshirilishi tegili xizmatlar hajmining 17,5 foizga oshishiga imkon yaratdi. Maishiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida 4 mingdan ortiq loyihaning amalga oshirilishi natijasida ushbu xizmatlar hajmi 20,7 foizga oshdi.
Umuman olganda, xizmatlar ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish va qishloq aholisining zamonaviy xizmatlar turlaridan foydalanish imkonyatini kengaytirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi natijasida mazkur sohaning YAIMdagi ulushi 54 foizgacha oshdi (2013 yilda - 53%).
2014 yilda qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik yangilash ishlari davom ettirildi.
2013-2017 yillarda meliorativ yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish Davlat dasturining amalga oshirilishi doirasida yakuniga yetgan yilda 921,7 km kollektorlar, 8 ta meliorativ nasos stansiyasi, 159 ta vertikal drenaj qudug‘i, 1 378 ta kuzatish qudug‘i va 140,9 km yopiq gorizontal drenaj tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Qurilish pudrat tashkilotlariga 171 dona meliorativ texnika lizing asosida topshirildi.
2014 yil mobaynida asosiy va oraliq ekin maydonlariga 255,8 ming ga sabzavot, 81,5 ming ga kartoshka va 57,1 ming ga poliz ekinlari ekildi. 2,4 ming ga maydonda yangi bog‘lar, 5,6 ming ga maydonda intensiv bog‘lar, 8,9 ming ga maydonda uzumzorlar barpo etildi. 4,1 ming ga maydondagi bog‘lar 6,1 ming ga maydondagi uzumzorlar rekonstruksiya qilindi. 422 ga maydonda 750 ta issiqxona qurildi.
Natijada 2014 yilda rekord darajadagi 8,05 mln. tn g‘alla (2013 yilga nisbatan 103,1%), 9,3 mln. tn sabzavot (109,1%), 2,5 mln. tn kartoshka (109%), 1,7 mln. tn poliz mahsulotlari (108,9%), 2,5 mln. tn meva (110,2%) va 1,4 mln. tn uzum (109%) yetishtirildi.
2011-2015 yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish chora-tadbirlarning amalga oshirilishi doirasida hisobot yilida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun 68 ming tonna sig‘imli 123 ta yangi sovutish kamerasi qurildi, 2,9 ming tonna sig‘imli 5 ta sovutish kamerasi modernizatsiya qilindi.
2014 yilda 63,9 ming bosh yirik shohli qoramolni qamrab oluvchi chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha 2262 ta loyiha, 12,2 mln. bosh parrandani qamrab oluvchi parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha 833 ta loyiha, shuningdek baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha 761 ta loyiha, asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha 1092 ta loyiha amalga oshirildi. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi uchun tijorat banklari tomonidan chorvachilikni rivojlantirish uchun 212,3 mlrd. so‘m, parrandachilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun 98,3 mlrd. so‘m hamda baliqchilik va asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun 16,9 mlrd. so‘m ajratildi.
Natijada, 2014 yil yakunlariga ko‘ra yirik shohli qoramollarning soni 10,99 mln. boshga yetdi (2013 yilga nisbatan 103,7%), 1,9 mln. tn go‘sht (106,7%), 8,4 mln. tn sut (107%), 4950 mln. dona tuxum (113%) yetishtirildi.
Ish o‘rinlarini yaratish va aholining bandligini ta'minlash dasturining amalga oshirilishi doirasida 2014 yilda 988,8 mingta ish o‘rni, shu jumladan 604,1 mingta ish o‘rni (umumiy sonining 61,1 foizi) qishloq joylarida tashkil etildi.
2013/2014 o‘quv yili kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining bandligini ta'minlash maqsadida har bir shahar va tuman bo‘yicha bitiruvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va ularning o‘qishdan keyin ushbu korxonalarga ishga joylashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ularning amalga oshirilishi natijasida 2014 yil yakunlariga ko‘ra 423 ming nafardan ortiq kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishga joylashtirildi.
Shu bilan bir qatorda umumta'lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida 2014 yil mobaynida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun tijorat banklari tomonidan 200 mlrd. so‘m miqdorida (2013 yildagiga qaraganda 1,4 marta ko‘p) kredit mablag‘lari ajratildi.
Ish o‘rinlarini yaratish va aholining farovonligini oshirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar va stipendiyalarning 23,2 foizga va aholi jon boshiga real daromadlar hajmining 10,2 foizga o‘sishini ta'minladi.
2014 yil mobaynida respublikamiz ta'lim tizimida o‘quv muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish, ularni o‘quv qurollari bilan jihozlash, o‘qituvchilar tarkibining malakasini oshirish hisobidan ta'lim tizimining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish ishlari amalga oshirildi.
Xususan, 216 umumta'lim va maxsus maktabni rekonstruksiya qilish va 158 ta ana shunday maktabni mukammal ta'mirlash, ularni o‘quv mebeli, kompyuter sinflari, o‘quv-laboratoriya asboblari bilan jihozlash uchun 317,5 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirildi. 10 ta akademik litsey va 129 ta kasb-hunar kollejini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash hamda ularni zarur asboblar bilan jihozlash uchun 154,2 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirildi.
Qabul qilingan chora-tadbirlar natijasida, 2014 yil yakunlariga ko‘ra, umumta'lim maktablari 9-sinfining 501,2 ming nafar bitiruvchisidan 499,5 ming nafari (yoki 99,6%) o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimi bilan qamrab olindi.
2014 yil mobaynida sog‘liqni saqlash muassasalarini optimallashtirish va restrukturizatsiyalash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish, tibbiyot kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash jarayonlarini takomillashtirish, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha izchil ishlarning amalga oshirilishi davom ettirildi.
Xususan, 2014 yil mobaynida 9816 o‘rinli va bir smenada 10,1 ming nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega bo‘lgan sog‘liqni saqlash ob'yektlari foydalanishga topshirildi. Respublika markazlarining asbob-uskunalar bilan jihozlanganlik darajasi 75 foizdan oshirildi, shu jumladan ularning yuqori texnologiyali asbob-uskunalar jihozlanganlik darajasi 70 foizga yetkazildi.
Ambulatoriya-poliklinika muassasalari, respublika markazlari moddiy-texnik bazasining mustahkamlanishi, ularning zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi va umumvrachlik amaliyotining kengaytirilishi natijasida statsionarlarga gospitallashtirish darajasi 100 nafar bemorga 17,0 nafardan 15,9 nafargacha, bemor statsionarda bo‘lishining o‘rtacha uzunligi 8 kundan 7,6 kungacha kamaydi.
Qishloq joylarida namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joy qurilishi bo‘yicha dasturning amalga oshirilishi doirasida 1934,7 mlrd. so‘m miqdoridagi investitsiyalar o‘zlashtirilib, 2014 yil dasturi bo‘yicha 11 mingta uy foydalanishga topshirildi.
Qishloq joylarida yangi turarjoy dahalarini zarur muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy-bozor infratuzilmasi ob'yektlari bilan ta'minlash maqsadida 2014 yil mobaynida 468,5 km suv ta'minoti tarmog‘i, 379,6 km gaz ta'minoti tarmoqlari, 211,9 km olib boruvchi va ichki avtomobil yo‘lari, 324,3 km elektr tarmoqlari, 301 komplekt transformator kichik stansiyasi foydalanishga topshirildi. Qishloq dahalari hududida 148 ta ijtimoiy-bozor infratuzilmasi ob'yekti qurildi.
Qabul qilingan chora-tadbirlar natijasida, 2014 yilda, respublikamiz bo‘yicha jami 11327,6 ming kv.m uy-joy (2013 yilga nisbatan 106,8%), qishloq joylarida 8378,9 ming kv.m uy-joy (104,2%) foydalanishga topshirildi. 2822,9 km, shu jumladan qishloq joylarida 2282,3 km suv tarmoqlari, 525,9 km, shu jumladan qishloq joylarida 341,6 km gaz tarmoqlari ishga tushirildi.
“Sog‘lom bola” Davlat dasturining amalga oshirilishi doirasida hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasining quyidagi qonunlari loyihalari ishlab chiqildi: yangi tahrirdagi «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasining “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida», «O‘zbekiston Respublikasining “Yod tanqisligi kasalliklarining profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida», «O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida», «Bolalarni ularning jismoniy va ma'naviy rivojlanishiga zararli ta'sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoyalash to‘g‘risida» va «Aholining sanitariya-epidemiologik farovonligi to‘g‘risida».
Aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini saqlash, aholining ovqatlanishini yaxshilash, un va tuzni fortifikatsiyalash, ko‘krak suti bilan boqishni targ‘ib qilish, homilador ayollarni va 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni vitaminli preparatlar bilan ta'minlash dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Onalar va bolalar sog‘lig‘ini saqlash dasturi doirasida 2014 yilda 13,6 mln. nafardan ortiq tug‘riq yoshidagi ayol, shuningdek bolalar va o‘smirlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Umuman olganda, “Sog‘lom bola” Davlat dasturining amalga oshirilishi uchun 2014 yilda 4 965 mlrd. so‘m va 266,1 mln. AQSH dollarari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirildi.
Fayl ko'rinishda yuklab olish (190,7Kb)