«Yoshlar» telekanalida «Tadbirkor davri» nomli yangi ko‘rsatuv efirga chiqadi

02/12/2014 - 17:12 9603

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar diqqatiga!

Tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik normalarining mazmun-mohiyatini aholi, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida keng tushuntirish, amalga oshirilayotgan islohotlar targ‘ibotining samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Yoshlar» telekanalida «Tadbirkor davri» nomli doimiy faoliyat yurituvchi tahririyat tashkil etildi.

Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish bilan bog‘liq bo‘lgan tartibotlar haqidagi interfaol teleko‘rsatuvlar siklini tashkil etish mazkur tahririyatning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Ko‘rsatuv davomida aniq bir tadbirkor misolida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish hamda davlat xizmatlaridan foydalanishning har bir qadami o‘rnatilgan qat'iy muddatlar va tartiblarga muvofiq batafsil namoyish etiladi. Bunda arizachi sifatida haqiqiy tadbirkor (yoki jismoniy shaxs) tanlab olinadi va u haqiqatda vakolatli organlarda tegishli jarayonlardan o‘tadi. Tartibotlardan o‘tishni suratga olish jarayoni real vaqt rejimida amalga oshirilib, bunda arizachi va vakolatli idoralar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning har bir bosqichi, jumladan real sana va vaqt, arizalarni ko‘rib chiqish uchun sarflangan muddat, taqdim etiladigan hujjatlar soni, to‘lovlar miqdori va ularni amalga oshirish jarayonlari to‘liq aks ettiriladi.

Ko‘rsatuvning dastlabki soni joriy yilning 4 dekabr kuni soat 20:10 da hamda 5 dekabr soat 14:00 da (takroran) efirga uzatilib, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq tartibotlarga bag‘ishlanadi.

Ko‘rsatuvning keyingi sonlarida biznes-reja va investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlash, tijorat banklarida kredit olish, yer uchastkalari berish va qurilishga ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, mulkka huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va shu kabi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq dolzarb savollarni yoritib borish ko‘zda tutilgan.

Ko‘rsatuv doirasida, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining turli ruxsat berish tartibotlaridan o‘tishlari va davlat xizmatlarini olishda vakolatli idoralar tomonidan ortiqcha sansalorlik va o‘rnatilgan talablarga rioya etilmaslik holatlari bilan bog‘liq ariza va shikoyatlarini joyiga chiqqan holda amaliy o‘rganish ham rejalashtirilmoqda.

Birinchi bosqichda mazkur ko‘rsatuv «Yoshlar» telekanalining kechki efirida haftasiga bir marotaba (ertasi kuni va kelasi haftada takroran) namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.