O‘zbekiston Respublikasida qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi
08/10/2014 - 16:46 13883
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda qulay investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yaratish masalasiga qaratilayotgan ulkan e'tibor hech kimga sir emas. Davlatimiz rahbarining ko‘plab nutqlarida alohida qayd etilganidek, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur'atlariga erishish, kundan-kunga o‘sib borayotgan aholini muqim ish o‘rinlari va ishonchli daromad manbai bilan ta'minlash maqsadida, eng avvalo, iqtisodiyotga xususiy kapitalni keng jalb etish bo‘yicha maksimal qulay shart-sharoitlarni yaratish talab etiladi.
So‘nggi yillarda bu borada qabul qilingan ko‘plab Farmon va qarorlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama rag‘batlantirish, eksport faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalar hamda xorijiy investorlar uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratib berish imkonini berdi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, 2010 yilda o‘z faoliyatini boshlagan Oliy Majlisning bugungi tarkibi tadbirkorlik faoliyatiga keng erkinliklar berish hamda ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonunlar ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etishda, ayniqsa, faol rol o‘ynadi.
Qabul qilingan qonunlar ichida yangi tahrirdagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”, “Raqobat to‘g‘risida” (yangi tahrirda), “Garov reyestri to‘g‘risida” va shu kabi boshqa qonunosti hujjatlari o‘z ahamiyatiga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyati asoslarini mustahkamlovchi, raqobat muhitining shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qiluvchi, eng muhimi, xususiy sektorga ishonchli qonuniy kafolatlar beruvchi hujjatlar sirasiga kiradi.
Birgina 2012 yilda statistik hisobot shakllari 1,4 barobarga, ularni topshirish davriyligi esa 2 marta qisqardi. Bundan tashqari, soliq hisobotlarini topshirish 2 marta, moliyaviy hisobotlar 1,5 marta, boshqa turdagi majburiy idoraviy hisobotlarni topshirish 1,7 marta qisqardi. Saqlab qolingan hisobot turlari bo‘yicha ham ularning topshirish muddatlari davriyligi o‘rtacha 3 barobar qisqarganini alohida ta'kidlash joiz. Shuningdek, 15 turdagi litsenziyalanadigan faoliyat turlari va 80 ta ruxsat berish xarakteriga ega hujjatlar, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha 7 turdagi ortiqcha talablar bekor qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 18 iyuldagi “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-4455-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturida mavjud ruxsat berish tartibotlari va byurokratik g‘ovlarni tubdan qisqartirish, soddalashtirish va arzonlashtirish, shu jumladan “bir oyna” mexanizmi hamda tadbirkorlik sub'yektlari bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarning bevosita muloqotsiz elektron shakllarini keng joriy etish bo‘yicha aniq choralar belgilangan edi. Bu yo‘nalishda o‘tgan davr mobaynida o‘ndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, milliy qonunchligimiz tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha zarur shart-sharoitlarni yaratib bermoqda va uning ko‘plab normalari rivojlanayotgan mamlakatlar, birinchi navbatda, MDH davlatlari tomonidan qonunchilikni takomillashtirishda keng foydalanilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi O‘zbekiston qonunchiligi Jahon banki va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi tomonidan har yili e'lon qilinadigan “Biznesni yuritish” hisobotlarida so‘nggi ikki yilda eng yaxshi xorijiy tajriba sifatida e'tirof etilayotgani ham bunga misol bo‘la oladi.
Tabiiy savol tug‘iladi: Qabul qilingan bu hujjatlar tadbirkorlar tomonidan qanday baholanmoqda? Ular joylarda amalda qanday ijro etilmoqda? Bu yo‘nalishda yana yangi Farmon va qaror qabul qilishga nima sabab bo‘ldi?
Tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, qariyb 75 foiz respondentlar tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazaning sifatini ijobiy baholamoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlar normativ-huquqiy hujjatlarning amaldagi ijrosi yetarli emas, deb hisoblaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2013 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishida tadbirkorlik faoliyatini haddan ortiqcha tartibga solish holatlari mavjud ekanligi, davlat organlari bilan tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning kontaktsiz shakllarini samarali joriy etish imkoniyatlari to‘liq hajmda ishlatilmayotgani, qolaversa biznesni yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar joylarda yetarli darajada amaliyotga joriy etilmayotgani tanqid qilingan edi.
Ana shunday holatlarga barham berish maqsadida tadbirkorlarning fikr-mulohazalari, talab va istaklarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-4609-sonli Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan 2014-2015 yillarda Investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi.
Dastur quyidagi 6 yo‘nalishda 46 ta chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi:
1. Tadbirkorlik sub'yektlari va investorlar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikni yanada takomillashtirish va erkinlashtirish;
2. Davlat va mahalliy boshqaruv organlarining faoliyatining tadbirkorlik sub'yektlari bilan o‘zaro munosbatlaridagi samaradorligini oshirish va oshkoraligini ta'minlash;
3. Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirishning institutsional tizimini yanada takomillashtirish;
4. Tadbirkorlik sub'yektlarini kreditlash mexanizmlarini takomillashtirish, bank va moliyaviy infratuzilma sifatini oshirish, tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasini kengaytirish;
5. Soliq ma'murchiligini yanada takomillashtirish va soddalashtirish, sifatni boshqarish standartlarini joriy etish;
6. Korporativ boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish va xususiy mulkdorlar rolini oshirish.
Chora-tadbirlar Dasturiga kiritilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan Vazirlar Mahkamasi tizimli nazorat o‘rnatadi, shu jumladan ularni amalda joriy etishning natijadorligi to‘g‘risida tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida muntazam so‘rovlar o‘tkazib boradi.
Yuqorida ta'kidlanganidek, shu kungacha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mas'ul davlat idoralari tomonidan o‘z vaqtida va to‘liq amaliyotga joriy etilishini ta'minlash dolzarb vazifa hisoblanadi. Shu ma'noda tadbirkorlarni tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishtirish, ular bilan bo‘ladigan munosabatlarning oshkoraligi va qonuniyligini ta'minlash Farmonda aniq choralar belgilab qo‘yildi. Xususan, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bir oy muddatda o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida tadbirkorlik sub'yektlari bilan o‘zaro munosabatlar masalalarini tartibga soluvchi axborotlarni joylashtirib, keyinchalik ularni doimiy ravishda yangilab borishini ta'minlaydilar. Bunda quyidagilarga alohida e'tibor qaratiladi:
ular tomonidan qabul qilingan idoraviy me'yoriy-huquqiy va boshqa hujjatlarni majburiy ravishda joylashtirib borish (tarqatilishi chegaralangan hujjatlar va tijorat siri bayon etilgan hujjatlar bundan mustasno);
tadbirkorlik sub'yektlariga ruxsatnoma xarakteriga ega hujjatlarni, litsenziyalar, sertifikatlar va boshqalarni rasmiylashtirish va berishning tartibi va muddatlari;
tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatishning muddatlari va narxi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlari zimmasiga belgilangan talablarga muvofiq, ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladigan axborotning to‘liqligi va haqqoniyligi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, Adliya vazirligi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalari va mahalliy hokimiyat organlarining rasmiy veb-saytlarini yuritishda tadbirkorlik sub'yektlari bilan o‘zaro munosabatlar masalalari bo‘yicha qo‘yiladigan talablarga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatadilar.
Bu yo‘nalishda yana bir muhim normaga alohida e'tibor qaratish lozim.
2014 yilning 1 iyunidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlarida chop etilmagan ularning tadbirkorlik sub'yektlari bilan o‘zaro munosabatlar masalalarini tartibga soladigan me'yoriy-huquqiy va boshqa hujjatlari talablarini buzish holatlari uchun tadbirkorlik sub'yektlariga javobgarlik choralari qo‘llash taqiqlanadi. Ta'kidlash kerakki, bu norma jahon huquq amaliyotidagi yangilik hisoblanib, davlat organlari faoliyatidagi oshkoralikni ta'minlash va tadbirkorlik sub'yektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yana bir e'tiborga molik yangilik shundan iboratki, endilikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonini murakkablashtirishni va tadbirkorlik sub'yektlariga yangi yuridik majburiyatlar yuklatishni nazarda tutadigan, shuningdek tadbirkorlik sub'yektlariga yuridik javobgarlikning yangi choralarini belgilaydigan me'yoriy-huquqiy hujjatlar ular rasman chop etilgan fursatdan boshlab, uch oydan oldin bo‘lmagan muddatda kuchga kiritiladi. Shu kungacha bu kabi qoida Soliq kodeksida mavjud bo‘lib, unga ko‘ra yangi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar belgilanishini, imtiyozlar to‘liq yoki qisman bekor qilinishini, soliq solinadigan baza oshirilishini nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ular rasmiy e'lon qilingan paytdan e'tiboran kamida uch oy o‘tgach, amalga kiritilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 4 apreldagi “Tadbirkorlik sub'yektlarini tekshirishlarni yanada qisqartirish va ular faoliyatini nazorat qilishni tashkil etish tizimini takomillashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-4296-sonli Farmoniga muvofiq, 2011 yilning 1 aprelidan to 2014 yilning 1 apreligacha bo‘lgan davrda soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan, shuningdek ishlab chiqarish sur'atlarining barqaror o‘sishi va rentabelligini ta'minlayotgan kichik tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini soliq sohasida tekshirish taqiqlangan edi. Mazkur Farmon bilan bu muddat 2017 yilning 1 yanvariga qadar uzaytirildi.
Joriy yilning 1 iyulidan boshlab qurilish materiallari sanoati, yengil sanoat va oziq-ovqat sanoati sohalarida faoliyat olib borayotgan kichik korxonalar xodimlarining yillik o‘rtacha soni ikki barobarga oshirilib, 200 nafargacha bo‘lishi belgilab qo‘yildi.
Tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik sifatida kichik tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga ularning hisobvaraqlaridan soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashda banklar xizmatlari uchun to‘lovlar undirish amaliyotini bekor qilinishi bo‘ldi. Shu kunga qadar, Soliq kodeksining 53-moddasiga muvofiq, faqatgina Inkasso topshiriqnomasiga doir operatsiyalar bo‘yicha xizmat ko‘rsatganlik uchun haq undirilmas edi.
Farmonda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning soliq, moliyaviy hisobotlarni taqdim etmaslik va ularni ko‘rsatilgan manzilda yo‘qligi holatlarida ularning tijorat banklaridagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish davlat soliq xizmati organlari tomonidan faqat sudning tegishli qarori asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Bungacha soliq to‘lovchining banklardagi hisoblari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatish agar soliq to‘lovchi soliq va (yoki) moliya hisobotlarini uni taqdim etish uchun belgilangan muddat tugagandan so‘ng 15 kun ichida taqdim etmagan taqdirda soliq organlari qarori asosida amalga oshirilar edi. Bu normaning joriy etilish iqtisodiy munosabatlarni yanada liberallashtirish borasida tashlangan muhim qadamdir.
Farmonga muvofiq, 2014 yilning ikkinchi choragidan yangidan tashkil etilgan kichik tadbirkorlik sub'yektlari (chakana savdo tashkilotlaridan tashqari) qurilishi yakunlangan ob'yektni qabul qilish hujjati tasdiqlangan kundan boshlab 6 oy davomida, biroq ularning davlat ro‘yxatidan o‘tganidan so‘ng 1 yildan ko‘p bo‘lmagan davrda, yagona soliq to‘lovi va yagona ijtimoiy to‘lovni, ushbu to‘lovlarning tasdiqlangan eng kam miqdorlarini hisobga olmagan holda, amalda bajarilgan ish hajmlaridan kelib chiqib to‘laydilar. Bu yengilliklar ishlab chiqarish faoliyatini endigina boshlagan kichik tadbirkorlik sub'yektlari uchun boshlang‘ich aylanma mablag‘larni saqlab qolish imkonini beradi.
2015 yilning 1 yanvaridan boshlab kichik tadbirkorlik sub'yektlari yillik statistik hisobot taqdim etadilar, bunda statistika organlari har chorakda tegishli faoliyat yo‘nalishlari va sohalari bo‘yicha tanlanma o‘rganishlar o‘tkazadi. Bundan avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 16 iyuldagi “Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-4453-sonli Farmoniga muvofiq, 2013 yilning 1 yanvaridan xuddi shunday tartib mikrofmirmalar uchun amal qila boshlagan edi.
Ma'lumot uchun ta'kidlash kerakki, bugungi kunda kichik biznes sub'yektlarining 91 foizini (shu jumladan sanoat sohasida - 94 foiz) mikrofirmalar tashkil etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning mazkur Farmonida nazarda tutilgan qo‘shimcha dasturiy chora-tadbirlarni amalda bajarish, shu jumladan, yangi imtiyozlar va preferensiyalarning keng doirasi, har xil litsenziya va ruxsat beruvchi tartib-taomillarning muddatlarini tubdan qisqartirish, soddalashtirish va arzonlashtirish xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, biznesni yuritish, iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash borasida navbatdagi muhim bosqich bo‘lishiga shubha yo‘q.
Farmonda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida joriy yilning 15 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2164-sonli qarorga imzo chekdi.
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-4609-sonli Farmoniga muvofiq hamda litsenziyalashni va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni berish mexanizmlarini yanada soddalashtirish va arzonlashtirish, shuningdek, tadbirkorlikka ko‘proq erkinlik berish maqsadida qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq:
2014 yilning 1 iyulidan boshlab 22 turdagi tadbirkorlik sohasidagi ruxsat berish tartibotlari bekor qilindi (shu jumladan, bitta litsenziyalanadigan faoliyat turi);
21 turdagi litsenziya va ruxsat berish xarakteriga ega hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari o‘rtacha 2,1 marta qisqartirildi;
11 turdagi litsenziyalanadigan faoliyat turlarini rasmiylashtirish uchun undiriladigan yig‘imlar miqdori o‘rtacha 4 barobarga kamaytirildi;
31 turdagi litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni rasmiylashtirish tartibotlari ayrim turdagi hujjatlarni taqdim etish va ba'zi vakolatli organlar bilan kelishish bo‘yicha ortiqcha talablarni bekor qilish hisobiga soddalashtirildi.
Qarorda 2015 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan muddatda 19 turdagi litsenziyalanadigan faoliyat turlarini rasmiylashtirishda “bir darcha” tamoyilini qonun hujjatlari darajasida joriy etish ko‘zda tutilgan (shu kabi tartib 2012 yil barcha ruxsat berish tartibotlari bo‘yicha joriy etilgandi).
Qolaversa, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatidan litsenziyalovchi organning hududiy bo‘linmalari bilan kelishish talab etiladigan hujjatlar olib tashlandi.
Shuningdek, 2015 yildan boshlab tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan litsenziya kelishuvlari shartlarini bajarish bo‘yicha davriy hisobotlar elektron shaklda taqdim etiladi.
Qarorga muvofiq, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan eng ko‘p foydalaniladigan 23 turdagi davlat xizmatlari (shu jumladan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, nazorat-kassa mashinalari bilan ta'minlash, mahsulotlarni sertifikatlash, ayrim litsenziya va ruxsat berish xarakteriga ega hujjatlarni olish bo‘yicha arizalar topshirish va ularni rasmiylashtirish) Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali elektron shaklga o‘tkaziladi.
Joriy etilayotgan yangiliklardan yana biri - joriy yilning 1 oktyabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida maxsus “tadbirkorlik sub'yektining kabineti” yaratiladi. U orqali tadbirkorlik sub'yektlari moliya, soliq, statistika va boshqa turdagi hisobotlarni interaktiv rasmiylashtirish va taqdim etish; soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni, kommunal to‘lovlarni, litsenziya va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlar bo‘yicha ko‘rib chiqishda va ularni olishda to‘lanadigan yig‘imlarni va davlat bojlarini Internet-banking tizimi orqali to‘lash; ma'lumotnomalar olish va boshqa interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, joriy yilning 1 iyunidan boshlab, tadbirkorlik sub'yektlari “bir darcha” tamoyili bo‘yicha elektron shaklda Mahalliylashtirish dasturiga kiritishga doir talabnomalarini hamda milliy valyutada bir yilgacha bo‘lgan muddatga kredit olishga doir hujjatlarni taqdim etish huquqiga ega bo‘ladilar.
Tadbirkorlik sub'yektlari va davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarni elektron shaklda amalga oshirishni keng joriy etish maqsadida barcha tadbirkorlik sub'yektlariga 2013-2020 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi doirasida ishlab chiqilayotgan axborot tizimlaridan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Yuqorida qayd etib o‘tilgan islohotlar amalda o‘z natijalarini namoyon etmoqda. Xususan, statistik, soliq, moliyaviy va boshqa hisobotlarni topshirishning elektron tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga doir ko‘rilayotgan chora-tadbirlar doirasida ayni paytda tadbirkorlik sub'yektlarining 97 foizi soliq hisobotlarini, 92 foizi statistika hisobotlarini elektron shaklda topshirmoqda. Bundan tashqari, davlat organlari va tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasidagi munosabatlarning kontaktsiz elektron shakllari joriy etilgani natijasida shu yilning birinchi yarmida 187,2 mingta bojxona yuk deklaratsiyalari (umumiy miqdorning 97,2 foizi) elektron shaklda rasmiylashtirildi. Xo‘jalik sudlari tomonidan 20,5 mingdan ziyod elektron ariza va murojaatlar ko‘rib chiqilib, sud ishi ishtirokchilariga elektron shakldagi sud hujjatlari yuborildi.
Kichik korxonalar tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida 2014 yilning 1-yarim yilligida kichik biznes sub'yektlariga umumiy qiymati 25,5 milliard so‘mlik 86 davlat aktivi sotildi, foydalanilmayotgan 19,4 mingta davlat mulki ob'yekti ijaraga berildi. Tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga 4,8 trillion so‘m miqdorida kredit, jumladan, 1 trillion so‘mlik mikrokreditlar berildi. Bu 2013 yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘pdir. Kichik tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlarining 79 million dollarlik kredit liniyalari o‘zlashtirildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari mahsulotlarini sotishning bozor mexanizmlari faol joriy etilmoqda. Masalan, kichik tadbirkorlik sub'yektlarining joriy yil birinchi yarmida birja savdolari orqali sotgan o‘z mahsulotlari hajmi 1,9 barobar oshdi. Kichik biznes sub'yektlaridan elektron savdolari orqali amalga oshirilgan davlat xaridlari hajmi 189,9 milliard so‘mni yoki davlat xaridlari umumiy hajmining 97 foizini tashkil etdi. Davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdolarning joriy etilishi hisobiga ushbu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan 46,9 milliard so‘mlik yoki 19,3 foiz byudjet mablag‘lari iqtisod qilindi.
Ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarmida 14,3 mingga yaqin yangi kichik biznes sub'yektini (fermer va dehqon xo‘jaliklari hisobga olinmagan holda) tashkil etish imkonini berdi. Eng ko‘p kichik biznes sub'yektlari sanoatda (umumiy miqdorning 26,4 foizi), savdo va umumiy ovqatlanish (29,3 foiz) va qurilish sohasida (12,4 foiz) tashkil qilindi.
Natijada joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulotda kichik biznesning ulushi 43,9 foiz (2013 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 43,2 foiz bo‘lgan), sanoatda 28,4 foiz (27 foiz), pullik xizmat ko‘rsatishda 45,2 foiz (40,9 foiz), bandlik sohasida 76,4 foizga (75,8 foiz) yetdi.
2014 yilning 12 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 227-sonli “Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘laridan foydalanishning oshkoraligi va samaradorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unga ko‘ra (2-band):
- tadbirkorlik sub'yektlari xayriya ehsonlari shaklidagi yordamni faqat ixtiyoriy va beg‘araz ko‘rsatishlari mumkin;
- tadbirkorlik sub'yektlarini xayriya faoliyatiga va ularning pul mablag‘larini sarflash bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish ta'qiqlanadi.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lardan foydalanish tartibi to‘g‘risida Nizom”ning “Javobgarlik” deb nomlangan IV bo‘limida (15-band) “Davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va byudjet tashkilotlarining rahbarlari tadbirkorlik sub'yektlari xayriya faoliyatiga majbur etganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar”, deb alohida ta'kidlangan.
Xulosa sifatida ta'kidlash joizki, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimiz iqtisodiy hayotida tub o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan, tadbirkorlik faoliyatining erkinligini kafolatlaydigan, eng muhimi, iqtisodiy o‘sishni ta'minlaydigan va pirovardida, xalq daromadlarini oshirish uchun muhim omil bo‘lishiga shubha yo‘q.
Maqola muallifi i.f.n., dots. Abbos Nabixodjayev,
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, bo‘lim boshlig‘i