2013-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risida

21/01/2014 - 14:27 17217

1. Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, 2013-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarini maqsadga yo‘naltirilgan holda va tizimli amalga oshirish natijasida  o‘sishning barqaror yuqori sur'atlarini, makroiqtisodiy muvozanatlilikni saqlash, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash ta'minlandi.

Mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 8 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 8,8 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 6,8 foizga, pudrat qurilish ishlari hajmi 16,6 foizga, xizmatlar ko‘rsatish hajmi 13,5 foizga, chakana tovar aylanmasi hajmi 14,8 foizga o‘sdi. Yalpi ichki mahsulotning tarkibida xizmatlar ko‘rsatish ulushi 53 foizgacha o‘sdi.

Davlat byudjeti profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognozdagidan past bo‘ldi va 6,8 foizni tashkil etdi.

2013-yilda o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi ekvivalentda 13,0 milliard dollarni tashkil etib, 2012-yildagiga nisbatan 11,3 foizga o‘sdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 3,0 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘ldi, uning 72 foizidan ortig‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. Investitsiya dasturi doirasida ishlab chiqarish yo‘nalishida umumiy qiymati qariyb 2,7 milliard AQSh dollarini tashkil etgan 150 ta loyihani amalga oshirish tugallandi.

Ishlab chiqarish chiqimlarini ratsionallashtirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi natijasida ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini o‘rtacha 11,2 foizga, yalpi ichki mahsulotning energiya sarfi ko‘rsatkichini esa 15,3 foizga pasaytirish ta'minlandi.

Jahon bozori kon'yunkturasining beqarorligiga qaramay, eksport hajmining 10,9 foizga o‘sishi ta'minlandi va tashqi savdo aylanmasining 1,3 milliard AQSh dollari miqdoridagi ijobiy saldosiga erishildi. Jami eksport hajmining 72 foizidan ortig‘i xom ashyo bo‘lmagan tovarlarga to‘g‘ri keldi.

Respublikaning bank tizimi barqaror faoliyat ko‘rsatmoqda, uning kapital yetarliligi darajasi minimal xalqaro standartlardan 3 baravar ortiq miqdorda saqlanib qolmoqda, likvidligi esa eng yuqori talablardan 2,2 baravar ko‘pdir. O‘tgan yili tijorat banklarining jami kapitali 25 foizga ko‘paydi, kredit portfeli jami summasining 80 foizga yaqini ichki manbalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish borasida tizimli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi kichik biznes sohasini yanada rivojlantirishga ko‘maklashdi. Kichik tadbirkorlik sohasida 26 mingtadan ortiq yangi sub'ekt tashkil etildi, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 55,8 foizgacha o‘sdi.

Aholi bandligini oshirish dasturini bajarish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar 2013-yilda qariyb 970 ming nafar kishining ishga joylashtirilishini ta'minladi, ulardan 60,3 foizdan ortig‘i qishloq joylarga to‘g‘ri keladi. Kasb-hunar kollejlarining 500 ming nafardan ortiq bitiruvchilari ishga joylashtirildi.

Aholi turmush darajasi va sifatini oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2013-yilda byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdori 20,8 foizga, aholining real daromadlari esa – 16 foizga o‘sdi. Aholi jami daromadlarining yarmidan ortig‘i tadbirkorlik daromadlari ulushiga to‘g‘ri keladi.

Qishloq joylarda 353 ta mavzeda umumiy turar-joy maydoni 1,5 million kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan 10 mingta shinam uylar qurildi, bu o‘tgan yildagiga nisbatan 17 foiz ko‘pdir.

Shu bilan birga, to‘laqonli raqobat muhitini shakllantirish, biznesni yuritish shart-sharoitlari yuzasidan qabul qilinayotgan va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hali erkin bozor iqtisodiyoti talablari va tamoyillariga, umumiy qabul qilingan xalqaro normalarga muvofiq emas.

Ishlab chiqarish chiqimlarining, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga materiallar va energiya sarfining yuqoriligi, shuningdek, soliq imtiyozlari va preferensiyalarga haddan tashqari berilish raqobatbardoshlilikni oshirishda jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. 140 tadan ortiq korxona, jumladan, 67 ta yirik korxona hanuzgacha zarar ko‘rib ishlamoqda.

2. Mamlakatni uzoq muddatli rivojlantirishning dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, quyidagilar 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

iqtisodiyotni o‘stirishning barqaror yuqori sur'atlarini ta'minlash bo‘yicha qabul qilingan strategiyani davom ettirish, buning uchun mavjud rezervlar va imkoniyatlarni safarbar etish;

sanoatda yuqori texnologiyali va zamonaviy bo‘lgan eng muhim ob'ektlar hamda quvvatlarni ishga tushirish, investitsiya jarayonini oshirish va takomillashtirish;

mamlakatda ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan yangilash va modernizatsiyalashning, jahon bozorlariga chiqishning asosiy omili hisoblangan to‘laqonli raqobat muhitini shakllantirish;

ishbilarmonlik muhitini (“biznes bilan shug‘ullan” tamoyili bo‘yicha) shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish;

ijtimoiy sohani rivojlantirish, ish o‘rinlari tashkil etish va aholining ish bilan bandligini ta'minlash, uy-joylar qurish va aholi punktlarini obodonlashtirish, ta'lim jarayonini va sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilishni davom ettirish va takomillashtirish;

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturini amalga oshirish.

3. Vazirlar Mahkamasi 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatsin, tegishli vazirliklar, idoralar, ishlab chiqarish tuzilmalari va iqtisodiy tuzilmalar rahbarlarining ayrim iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi ishlarning holati to‘g‘risidagi hisobotlarini yilning har choragida eshitib borsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari – Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari vazirliklar, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar va yirik korxonalar – buyurtmachilar, pudrat qurilish tashkilotlari bilan birgalikda ikki hafta muddatda 2014-yilgi Investitsiya dasturida nazarda tutilgan ob'ektlar va ishlab chiqarish quvvatlari qurilishini tugallash va ishga tushirishning tarmoq jadvallarini tasdiqlasinlar.

Vazirlar Mahkamasi Investitsiya dasturining amalga oshirilishini yilning har choragida Vazirlar Mahkamasi majlislarida ko‘rib chiqsin.

5. Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot vazirligi (Saidova), Moliya vazirligi (Guskova), Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (Abduhakimov) manfaatdor tuzilmalarni jalb etgan holda uch oy muddatda har bir norentabel korxona bo‘yicha ularni moliyaviy inqirozdan va amaldagi bankrotlikdan chiqarish dasturi – “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar. Holatiga moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlar ijobiy ta'sir ko‘rsatmaydigan korxonalar “nolga teng qiymat” bo‘yicha xususiy tadbirkorlarga sotilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.U.Rozukulov, Iqtisodiyot vazirligi (Saidova), Moliya vazirligi (Yusupov), Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (Abduhakimov), Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi (G‘aniyev):

Toshkent traktor zavodi, “Agregat zavodi”, “Chirchiqqishloqmash”, “Oniks” ochiq aksiyadorlik jamiyatlarining ishlab chiqarish va moliya-xo‘jalik faoliyati holatini ikki oy muddatda tanqidiy o‘rganib chiqsinlar va ularni yanada rivojlantirish, rentabelligini oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsinlar, bunda jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilarini jalb etgan holda tarmoqni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, korxonalar faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish hamda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi xolding kompaniyasini tashkil etish chora-tadbirlarini nazarda tutsinlar;

joriy yilning 1-fevraligacha bo‘lgan muddatda Vazirlar Mahkamasiga “O‘zeltexsanoat” uyushmasini aksiyadorlik kompaniyasiga aylantirish bo‘yicha takliflarni hamda 2014-2018-yillarda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish dasturini kiritsinlar, bunda elektr-maishiy tovarlarni ishlab chiqarish hamda eksport qilish bo‘yicha ularning turlari va hajmlarini tubdan kengaytirish chora-tadbirlarini nazarda tutsinlar.

7. Iqtisodiyot vazirligi (Saidova) Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (Abduhakimov), Markaziy bank (Mullajonov), Moliya vazirligi (Guskova), Adliya vazirligi (Yo‘ldoshev), Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi (Mirzohidov) hamda boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

qonun hujjatlarida va normativ-huquqiy hujjatlarda xususiy mulk tushunchasini va uning nodavlat mulkidan farqini aniq ifodalash, qabul qilingan qonunlarga muvofiq iqtisodiyotning xususiy sektori ustuvorligini, uni qo‘llab-quvvatlashni va uning daxlsizligini amalda ta'minlash;

tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish uchun turli ruxsat berish tartibotlarining muddatlarini yanada qisqartirish, ularni soddalashtirish va arzonlashtirish, tadbirkorlik yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va ularga yo‘l qo‘ymaslik;

ruxsat berish va litsenziyalash tartibotlarini rasmiylashtirishni elektron shaklga o‘tkazishni jadallashtirish, kommunal xizmatlarni, shuningdek, soliq solish va bojxonada rasmiylashtirish xizmatlarini interaktiv tarzda ko‘rsatish bo‘yicha takliflar kiritsin.

Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining biznesni yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi roli va mas'uliyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilsin.

8. Davlat soliq qo‘mitasi (Parpiyev), Davlat bojxona qo‘mitasi (Dusanov), Davlat statistika qo‘mitasi (To‘rayev) rahbarlari zimmasiga hisobotlarni taqdim etish va hujjatlar aylanishining elektron shakliga to‘liq o‘tish yuzasidan shaxsiy mas'uliyat yuklansin.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi (Mirzohidov) ushbu ishlarning muvofiqlashtirilishini ta'minlasin va ularni amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatsin.

9. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi (Mirzohidov):

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2013-2020-yillarda telekommunikatsiya texnologiyalarini, aloqa tarmoqlari va infratuzilmalarini rivojlantirish dasturining 2014-yil uchun belgilangan tadbirlarini so‘zsiz bajarish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rsin. Dasturning amalga oshirilishi yilning har choragida Vazirlar Mahkamasi majlislarida ko‘rib chiqilsin;

manfaatdor vazirliklar va idoralar, uyushmalar, kompaniyalar va yirik korxonalar bilan birgalikda Iqtisodiyotning real sektorida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va axborot tizimlarini joriy etish chora-tadbirlari dasturini bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

joriy yilning I choragi mobaynida Toshkent axborot texnologiyalari universitetida va uning mintaqaviy filiallarida kompyuter texnikasida va Internet tizimida ishlash, zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalarini egallash bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etsin.

10. Markaziy bank (Mullajonov), Moliya vazirligi (Yusupov), Davlat soliq qo‘mitasi (Parpiyev), Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi (Mirzohidov) boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga elektron tijoratni kengaytirishga doir takliflar kiritsinlar va “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririni tayyorlasinlar.

11. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi (Hamroyev), Iqtisodiyot vazirligi (Saidova), Moliya vazirligi (Yusupov), Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi (Yusupov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Fermerlari kengashi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda 2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning so‘zsiz bajarilishini ta'minlash yuzasidan qo‘shimcha tadbirlar ishlab chiqsinlar.

Vazirlar Mahkamasi Dasturning bajarilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatsin va uning amalga oshirilishini yilning har choragida Vazirlar Mahkamasi Prezidiumi majlislarida ko‘rib chiqsin.

12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi (Toxtayev), Moliya vazirligi (Yusupov), “Qishloq qurilish bank” va “Qishloq qurilish invest” kompaniyasi:

joriy yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uylar qurish dasturi bo‘yicha moliyalashtirish shu yil 10-fevralgacha ochilishini hamda uy-joylar qurilishi shu yil 15-martgacha boshlanishini ta'minlash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘rsinlar;

qishloq posyolkalarini barcha zarur muhandislik va transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy va bozor tuzilmasi ob'ektlari – tibbiyot, sport, bank, maishiy xizmat, savdo va madaniyat muassasalari bilan ta'minlashga, ularda yashash sharoitlarining sifat va shinamlik jihatidan shahar sharoitlaridan qolishmaydigan bo‘lishiga alohida e'tibor qaratsinlar.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijalari yilning har choragida Vazirlar Mahkamasi majlislarida ko‘rib chiqilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I.Zakirov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi (Toxtayev), boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda viloyatlarda qurilish ishlarining butun kompleksini “foydalanishga tayyor” usuli bilan amalga oshirishga qodir bo‘lgan ixtisoslashtirilgan qurilish-pudrat tashkilotlari tashkil etish, shuningdek, ularni zamonaviy qurilish texnikasi va kichik mexanizatsiya vositalari bilan jihozlash chora-tadbirlari dasturini o‘n kun muddatda ishlab chiqsin.

Vazirlar Mahkamasi “2011-2015-yillarda infratuzilma, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi dasturda nazarda tutilgan loyihalar amalga oshirilishini yilning har choragida tanqidiy ko‘rib chiqsin, ularni amalga oshirishni jadallashtirishga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish chora-tadbirlarini ko‘rsin.

14. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (Xaitov) Iqtisodiyot vazirligi (Saidova), Davlat statistika qo‘mitasi (To‘rayev) bilan birgalikda, mehnatga layoqatli yoshga yetgan va mehnat bozoriga birinchi marta kirib kelayotgan yoshlarni ishga joylashtirishga alohida e'tibor bergan holda, mehnat resurslari, aholi bandligi va ishga joylashtirishning har yilgi prognoz va hisobot balanslarini ishlab chiqishni amaliyotga kiritsin.

15. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari, xo‘jalik birlashmalari va korxonalar rahbarlari 2014-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturining tasdiqlangan parametrlari so‘zsiz bajarilishi, 2013/2014 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish yuzasidan shaxsan javobgar ekanliklari to‘g‘risida ogohlantirilsinlar.

Vazirlar Mahkamasi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini faol mehnat faoliyatiga to‘liq jalb etish ishlarining puxta muvofiqlashtirilishini ta'minlasin, yilning har choragida o‘z majlislarida 2014-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlashning tasdiqlangan dasturi bajarilishini, shuningdek, tarmoqlar va mamlakat hududlari bo‘yicha kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining ishga joylashtirilishini ko‘rib chiqsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi (Qodirov) 2014-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi amalga oshirilishi yuzasidan nazoratni va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish to‘g‘risida taqdim etilgan ma'lumotlarning ishonchliligini ta'minlasin, aybdor mansabdor shaxslarni qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortsin.

17. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (Xodiyev), O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi (Salimov) Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (Xaitov), Iqtisodiyot vazirligi (Saidova), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor idoralar va korxonalar bilan birgalikda bir oy muddatda har bir tuman va shahar bo‘yicha kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini, keyinchalik egallagan kasblari bo‘yicha ishga joylashtirishni nazarda tutgan holda, ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun aniq tashkilotlarga – ish beruvchilarga biriktirishga doir manzilli tadbirlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.

18. Sog‘liqni saqlash vazirligi (Alimov) Moliya vazirligi (Yusupov) bilan birgalikda qishloq vrachlik punktlari faoliyatini zarur darajada tartibga solish va takomillashtirish, shu jumladan, vrachlar yuklamasining yangi normativlarini tasdiqlash, respublikaning bir qator tumanlarida, tajriba tariqasida, patronaj hamshiralarining ishi natijadorligini oshirishni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kompleksini bir oy muddatda amalga oshirsin.

19. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishni tugallasin va kiritsin, unda onalik va bolalikni muhofaza qilishni ta'minlash, boshlang‘ich ta'lim sifatini oshirish, yoshlarni sport mashg‘ulotlariga keng jalb etish, bolalarni tarbiyalashda jamoat tashkilotlarining rolini kengaytirish, ta'lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarishga alohida e'tibor berilsin.

20. Mazkur protokol qarorining bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2014-yil 17-yanvar

Manba: uza.uz