O‘zbekiston Respublikasini 2013-yilning to‘qqiz oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

30/10/2013 - 14:07 8964

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining shu yil 18-yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisida belgilab berilgan 2013-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish joriy yilning to‘qqiz oyida makroiqtisodiy muvozanatni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlashni ta'minlashda muhim omil bo‘ldi.

I. Barqaror yuqori o‘sish sur'atlari, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va mamlakatimiz iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish

2013-yilning yanvar-sentabr oylarida yalpi ichki mahsulot 8,1 foizga o‘sdi. Bunga, avvalo, mamlakatimiz iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha sanoat ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish va tarkibini diversifikatsiyalash, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish hamda yaxlit yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini yaratishga qaratilgan o‘rta muddatli kompleks dasturlarni amalga oshirish hisobidan erishildi.

Iqtisodiyotdagi ijobiy o‘sish sur'atlari makroiqtisodiy muvozanat choralari bilan qo‘llab-quvvatlandi. Bu inflyatsiya darajasining pastligi, davlat byudjetining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz profitsiti va tashqi savdo balansining ijobiy saldosini (1 milliard dollardan ziyod) ta'minladi.

Hududlar sanoat salohiyatini oshirishga doir kompleks dasturlarni amalga oshirish bilan bir qatorda, sanoat ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turlarini kengaytirish chora-tadbirlari sanoatning 9,4 foizga o‘sishiga xizmat qildi.

Qishloq xo‘jaligining moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasini mustahkamlash, intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan quvvatlarni kengaytirish qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining 6,8 foizga ko‘payishini ta'minlash imkonini berdi.

Muhim ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalarini hayotga tatbiq etishni tezlashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va xorijiy investitsiyalarni jalb etish hajmini kengaytirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi kapital qo‘yilmalar yuqori o‘sish sur'atini 12,5 va qurilish ishlarini 19,2 foizga oshirishni ta'minladi.

Aholi bandligini ta'minlash, iste'mol talabini rag‘batlantirish, iqtisodiyot tarkibini diversifikatsiya qilish va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirishga doir dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi aholi jami real daromadining 15,9 foizga barqaror o‘sishida o‘z ifodasini topdi. Bu esa, o‘z navbatida, chakana savdo aylanmasini 14,7 foiz, aholiga pullik xizmat ko‘rsatish hajmini 13 foizga va aholining tijorat banklari depozitlaridagi omonatlarini 1,3 baravarga oshirish imkonini berdi.

2013-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari (2012-yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar O‘sish sur'atlari

Yalpi ichki mahsulot  108,1
Sanoat mahsulotlari  109,4
Iste'mol tovarlari  115,9
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari  106,8
Qurilish ishlari hajmi  119,2
Chakana savdo aylanmasi 114,7
Pullik xizmatlar 113,0
Jami xizmatlar 112,4


II. Ishlab chiqarishlarni diversifikatsiya qilish, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini texnik va texnologik yangilash, modernizatsiyalashni jadallashtirish hamda uning ko‘lamini kengaytirish

Sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash hamda diversifikatsiya qilish ko‘lamini kengaytirish, iste'mol tovarlari, mahalliylashtirilayotgan va eksport mahsulotlar ishlab chiqarishning o‘sishini rag‘batlantirish, korxonalar moliyaviy barqarorligini oshirish hamda raqobat muhitini shakllantirishga oid chora-tadbirlarning amalga oshirilishi sanoat tarmoqlarida tarkibiy tub o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish imkonini berdi.

Joriy yil boshidan buyon qariyb 2,2 mingta ishlab chiqarish ob'ekti, jumladan, yengil sanoat va to‘qimachilik tarmog‘ida 664, oziq-ovqat sanoatida 612, qurilish materiallari sanoatida 471, yog‘ochni qayta ishlash sanoatida 136, mashinasozlikda 33, kimyo sanoatida 18 va boshqa tarmoqlarda 260 ob'ektning foydalanishga topshirilishi sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishiga mustahkam zamin yaratdi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida tarmoqlar raqobatbardoshligini oshirish doirasida yirik korxonalarda qiymati 201,1 million dollarga teng yaroqsiz, ma'naviy va jismoniy eskirgan 3631 uskuna almashtirildi. Energiya tejaydigan texnologiyalarning joriy etilishi, texnologik jarayonlar va xomashyo sarfi normasini oqilona tashkil etish, yo‘qotishlar va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan sarf-xarajatlarni bartaraf etish natijasida yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini o‘rtacha 11 foizga kamaytirishga erishildi.

Mashinasozlik va metallga ishlov berish (124,7 foiz), qurilish materiallari (112,1 foiz), yengil (115,3 foiz) va oziq-ovqat sanoati (108,6 foiz) kabi tarmoqlar jadal rivojlandi. Sanoat ishlab chiqarishi umumiy tarkibida ularning ulushi 2012-yilning to‘qqiz oyidagi 47,4 foiz o‘rniga 51,4 foizga o‘sdi. Avtomobillar, shu jumladan, yuk tashish avtomobillari, avtomobil dvigatellari, traktorlar, traktor tirkamalari, g‘alla o‘radigan mashinalar, signal-blokirovka kabellari, ip-gazlama, trikotaj buyumlar va boshqa yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish sezilarli darajada ko‘paydi.

Iste'mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirishni rag‘batlantirish maqsadida joriy yil boshidan buyon iste'mol tovarlari ishlab chiqaradigan korxonalarga texnologik uskunalar xarid qilish hamda aylanma kapitalini to‘ldirish uchun qiymati 2 trillion so‘mdan ortiq (2012-yilning shu davriga nisbatan 133,6 foiz) kreditlar taqdim etildi. Bu esa iste'mol tovarlari ishlab chiqarish hajmini 15,9, jumladan, oziq-ovqat 9 foiz va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni 21,3 foizga oshirish imkonini berdi. Tarmoq korxonalari tomonidan sariyog‘ va o‘simlik yog‘i, sut mahsulotlari, kir yuvish mashinalari, energiya tejaydigan lampalar, yorma, tikuvchilik, trikotaj va paypoq mahsulotlari, aralash matolar hamda boshqa iste'mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshirildi.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 1089 mahalliylashtirish loyihasi bo‘yicha qiymati qariyb 8,7 trillion so‘mlik yoki 2012-yilning shu davriga nisbatan 1,4 baravar ko‘p mahsulot ishlab chiqarildi. Natijada import o‘rnini bosish bo‘yicha hisoblab chiqilgan samara qariyb 2-marta ko‘paydi va 4 milliard dollardan ziyodni tashkil qildi. Mahalliylashtirilgan 76 turdagi yangi mahsulot, jumladan, zanglamaydigan konsol nasoslar, sintetik kompleks ip, yangi turdagi moy, yoqilg‘i va havo filtrlari, kosmetika preparatlari, yer ustida harakatlanadigan transport uchun akkumulyator monobloklari va xavfsiz oynalar, mikroto‘lqinli pechlar, texnik va oziq-ovqat aralashmalari, turli konfiguratsiyadagi polistirol va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Raqobatbardosh mahsulotlarni eksportga yetkazib berishni kengaytirish borasida korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar doirasida 2013-yil boshidan buyon ilgari o‘z mahsulotlarini eksport qilmagan 469 korxona eksport faoliyatiga jalb etildi. Bu borada hududlardagi korxonalarning mamlakatimiz umumiy eksport hajmidagi ulushi ikki baravarga oshirildi.

Buning natijasida tovar va xizmatlar eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga oshdi. Eksportning o‘sishi sulfat ammoniy, texnik moylar, avtobuslar, paxta kalavasi, meva-sabzavot mahsulotlari va boshqa tovarlarni eksport qilish fizik hajmini oshirish hisobidan ta'minlandi. Shu bilan birga, ikki yuz oltmishdan ortiq turdagi yangi mahsulot, jumladan, yuk avtomobillari, quvvat uzatish agregatlari, dvigatel va avtomobil tarkibiy qismlari, katalitik neytralizatorlar, maishiy elektr plitalari, mis quvurlardan tayyorlangan quritish radiatorlari, yuqori chastotali kabellar, paxmoq va shoyi gazlama, noto‘qima polotno va boshqa ko‘plab mahsulotlar eksportga yetkazib berildi.

Joriy yilning to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasining birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolaridagi umumiy aylanma hajmi 24,4 foizga o‘sdi. Birja savdolarida shifer, tarkibida mis bo‘lgan mahsulotlar, suyultirilgan gaz, ko‘mir, ikkilamchi alyuminiy, o‘simlik va paxta lintini sotish hajmi sezilarli darajada ko‘paydi. Ko‘rgazma-yarmarka va kimoshdi savdolarida kichik biznes sub'ektlari tomonidan tuzilgan bitimlar hajmi 1,9 trillion so‘mni yoki umumiy birja aylanmasi hajmining 36,8 foizini tashkil etdi. Kichik biznes sub'ektlari tomonidan qiymati 625,5 milliard so‘mlik mahsulot sotildi va bu umumiy birja aylanmasi hajmining 12,1 foizini tashkil qildi.

Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida xizmat ko‘rsatish va servis sohasida infratuzilmani tashkil etish hamda rivojlantirish uchun joriy yil boshidan buyon Mikrokreditbankning qiymati 24 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘i yo‘naltirildi.

Mobil va internet aloqasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bazasida yangi turdagi xizmatlar ko‘rsatishga bo‘lgan yuqori talabning saqlanib qolayotgani natijasida aloqa hamda axborotlashtirish xizmatlari 23,2 foizga o‘sdi. Moliyaviy vositachilik institutlari va iste'mol krediti hajmini oshirishga doir qabul qilingan chora-tadbirlar moliya xizmatlari hajmini 28,2 foizga oshirish imkonini berdi. 3,3 mingta yangi chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining ishga tushirilishi bu boradagi tegishli xizmatlar hajmini 15,4 foizga oshirishga ko‘maklashdi. 6 mingta maishiy xizmat ko‘rsatish ob'ektining tashkil etilgani maishiy xizmatlar hajmini 19,4 foizga ko‘paytirish imkonini berdi.

Umuman, 2012-yilning shu davriga nisbatan xizmatlar ko‘rsatish hajmi 12,4 foizga, ularning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi esa 49,6 foizdan 49,9 foizga o‘sdi.

Bank tizimining resurs bazasini kengaytirish va banklar investitsiya faolligini kuchaytirishga oid chora-tadbirlarning amalga oshirilishi joriy yilning to‘qqiz oyida tijorat banklari jami kapitalini 23,7 foiz, ularning jami aktivlarini 30,9 foiz, mijozlarning banklardagi jalb etilgan depozitlarini 30,7 foizga oshirishni ta'minladi. Natijada mamlakatimiz bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi me'yordagi 8 foiz o‘rniga 24,3 foizga yetdi.

Banklar resurs bazasining kengayishi tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga kredit ajratish hajmini 1,3 baravar, jumladan, muddati bir yildan ortiq bo‘lgan uzoq muddatli kredit qo‘yilmalari hajmini 31,6 foizga ko‘paytirish imkonini berdi. Ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash uchun qiymati qariyb 5,5 trillion so‘mlik yoki 2012-yilning shu davriga nisbatan 1,3 baravar ko‘p kredit ajratildi.

III. Mamlakatni modernizatsiya qilish va yangilash chora-tadbirlarining muhim sharti hamda manbai sifatida faol investitsiya siyosatini amalga oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va zarur ishbilarmonlik muhitini shakllantirish

Joriy yilning to‘qqiz oyida o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmi 19,3 trillion so‘mni tashkil qildi va qiyosiy narxlarda 12,5 foizga oshdi. Kapital qo‘yilmalar umumiy hajmining 63 foizi ishlab chiqarish maqsadlariga yo‘naltirildi.

2012-yilning shu davriga nisbatan investitsiyalar hajmi byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘i hisobidan 32,6 foiz, aholi mablag‘lari evaziga 22,8 foiz, tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lar hisobidan 14,9 foizga ko‘paydi. Bunda o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmining 24,7 foizini aholi mablag‘lari tashkil qildi va bu uning yuqori investitsiyaviy faolligining ifodasidir.

Mamlakatimizda investitsiya muhitini yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiya va kreditlar hajmini 12,4 foizga oshirish imkonini berdi va bu ko‘rsatkich 1812,1 million dollarni tashkil qildi. Shuning 1404,1 million dollari yoki o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiya va kreditlar umumiy hajmining 77,5 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.

Hisobot davrida tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha qator yirik loyihalar amalga oshirildi. “Toshkent IEM” ochiq aksiyadorlik jamiyatida kongeneratsion gaz turbina texnologiyasini joriy etish, Somontepa va Janubiy O‘rtabuloq konlarini obodonlashtirish hamda siqish kompress stansiyasi qurish va “Janubiy O‘rtabuloq – Muborak gazni qayta ishlash zavodi” gaz quvurini qurish, Muborak gazni qayta ishlash zavodida eskirgan quvvatlar, 16, 17-oltingugurt tozalash bloklari o‘rnini to‘ldirish, «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida yopib-ochadigan armatura va polimer buyumlar ishlab chiqarish, harakatlanuvchi tarkibning ta'mirlash bazasini rivojlantirish, “Quyuv-mexanika zavodi” sho‘ba korxonasida vagonsozlikni tashkil etish va quyma ishlab chiqarishni rekonstruksiya qilish, “Bekobodsement” ochiq aksiyadorlik jamiyatida quruq uslubda sement ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangi liniyani barpo etish, “Namimpeks tekstil” mas'uliyati cheklangan jamiyatida to‘qimachilik kompleksini tashkil etish, “Indorama Qo‘qon tekstil” qo‘shma korxonasi mas'uliyati cheklangan jamiyati hamda “Peshkuteks” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va boshqalar shular jumlasidandir.

“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida isitish va suv isitish qonzonlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihaning birinchi bosqichi joriy etildi, umumiy qiymati 53 million dollardan ziyod 6 investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. “Angren” maxsus industrial zonasi hududida oltita investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari davom ettirilmoqda, ishlatilgan texnik moylardan bazaviy moylar, texnik kremniy, turli diametrli mis quvurlar, energiya tejaydigan yorug‘lik diodli lampalar, shakar ishlab chiqarishga oid loyihalar bo‘yicha qurilish-montaj ishlari bajarilmoqda. Shuningdek, qo‘shimcha 24 loyihani amalga oshirishga doir masalalar ko‘rib chiqilmoqda va zarur hujjatlar tayyorlanmoqda. “Jizzax” maxsus industrial zonasi faoliyatini rivojlantirish doirasida to‘rtta loyiha amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, 21 loyihani joriy etish uchun zarur hujjatlar tayyorlanmoqda va ushbu loyihalar yuzasidan Xitoy delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida shartnomalar imzolandi.

IV. Yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish

Joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ob'ektlari bo‘yicha 633,4 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi. Shuning 537,8 milliard so‘mi Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, 95,6 milliard so‘mi Hukumatimiz kafolati bilan xorijiy qarzlar hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘zlashtirildi.

Umumiy uzunligi 318 kilometr avtomobil yo‘lini, shu jumladan, Toshkent-O‘sh avtoyo‘lining 15 kilometr, Toshkent aylanma yo‘li yangi yo‘nalishining 8 kilometri, G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov avtoyo‘lining 130 kilometrini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi.

Yilning o‘tgan davrida transport infratuzilmasini rivojlantirish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida 182 kilometr temir yo‘l qayta tiklandi, 414 yuk va 23 yo‘lovchi tashish vagonlari tayyorlandi. Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish loyihalarini amalga oshirish hamda yangi Angren-Pop temir yo‘l liniyasini qurish ishlari davom etmoqda.

V. Qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik yangilash

Hisobot davrida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini texnik va texnologik yangilashga oid faol choralar ko‘rildi. Xususan, 731,9 kilometr kollektorlar, 57,6 kilometr yopiq gorizontal drenaj tarmoqlari, bitta melioratsiya nasos stansiyasi va 42 melioratsiya qudug‘ini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. 10,4 ming kilometr xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichidagi kollektor-drenaj tarmoqlari hamda 468 melioratsiya qudug‘ini ta'mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.

Joriy yil boshidan buyon 4,9 ming gektar maydonda yangi bog‘lar, 3,3 ming gektarda intensiv bog‘lar, 4,8 ming gektar yerda tokzorlar yaratildi. 5,7 ming gektar maydondagi bog‘lar va 3,8 ming gektar tokzorlar tiklandi. Aholining shaxsiy tomorqa xo‘jaliklaridagi 384 gektar maydonda 22,7 ming issiqxona tashkil qilindi.

2013-yilning to‘qqiz oyida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 7,1 million tonna boshoqli ekinlar (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 101,5 foiz), 6 million tonnadan ziyod sabzavot (111,3 foiz), 1,5 million tonna meva (110,8 foiz), 1,7 million tonna kartoshka (110,6 foiz), 1,1 million tonna poliz ekinlari (109,3 foiz) va qariyb 1 million tonna uzum (111,9 foiz) yetishtirildi. 1,4 million tonna meva-sabzavot (2012-yilning shu davriga nisbatan 23 foizga ko‘p), jumladan, 890,6 ming tonna sabzavot, 283,3 ming tonna meva va 212 ming tonna uzum qayta ishlandi.

Joriy yilning o‘tgan davrida tijorat banklari chorvachilikni rivojlantirish uchun 170,2 milliard so‘m, parrandachilik xo‘jaliklarini tashkil etishga 58,5 milliard so‘m, baliqchilik va asalarichilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun 22 milliard so‘mlik kredit ajratdi. Kredit bilan qo‘llab-quvvatlash natijasida joriy yil boshidan buyon jami 55,4 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan 1,3 mingta chorvachilik xo‘jaligi, 5,6 million parranda boqish uchun mo‘ljallangan 639 parrandachilik xo‘jaligi, 3,4 ming gektar sun'iy hovuzda 634 baliqchilik, shuningdek, qariyb 1,4 mingta asalarichilik xo‘jaligi tashkil etildi.

Natijada hisobot davri yakunlari bo‘yicha yirik shoxli qoramollar umumiy soni 4,8 foizga o‘sib, 10,4 million boshga yetdi, go‘sht yetishtirish hajmi 7 foiz, sut – 7,1 foiz, tuxum 14,3 foizga oshdi.

VI. Kichik biznesni jadal rivojlantirish va maksimal qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish

Ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi doirasida o‘tgan davr mobaynida tadbirkorlik sub'ektlariga yer uchastkalarini ajratish, ularni elektr ta'minoti tarmoqlariga ulash mexanizmlarini takomillashtirish, tadbirkorlar huquqiy himoyasini kuchaytirish, xo‘jalik sub'ektlarining samarali kadrlar siyosatini yuritishi uchun tegishli sharoitlar yaratishga qaratilgan me'yoriy-qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.

Bu borada qabul qilingan chora-tadbirlar yil boshidan buyon 21,2 mingta yangi kichik biznes sub'ektini (dehqon va fermer xo‘jaliklaridan tashqari) tashkil qilish, kichik biznes sub'ektlari tomonidan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 15,2 foizga oshirish imkonini berdi. Hisobot davrida eng ko‘p kichik biznes sub'ektlari savdo va umumiy ovqatlanish sohasida (umumiy sonning 29,1 foizi), sanoat (28,7 foiz) va qurilish tarmog‘ida (10,4 foiz) tashkil qilindi.

Iqtisodiyotda davlatning ishtirokini kamaytirish va xususiy mulk ko‘lamini kengaytirish maqsadida hisobot davrida xususiy sektor sub'ektlariga qiymati 26,9 milliard so‘mlik 67 davlat aktivi sotildi, foydalanilmayotgan 21,8 mingta davlat mulki ob'ekti ijaraga berildi.

Tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga 5,6 trillion so‘m miqdorida (jumladan, 1,1 trillion so‘mlik mikrokreditlar) yoki 1,3 barobar ko‘p kreditlar berildi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari doirasida 116,6 million dollar miqdoridagi mablag‘lar ajratildi.

Kichik biznes sub'ektlaridan davlat xaridlari hajmi joriy yilning to‘qqiz oyida 280,4 milliard so‘mni yoki elektron savdolar orqali amalga oshiriladigan davlat xaridlari umumiy hajmining 92,3 foizini tashkil qildi. Kichik biznes sub'ektlari ishtirokida 170 mingdan ortiq bitim amalga oshirildi. Davlat xaridlari bo‘yicha o‘z tovar va xizmatlarini yetkazib berish uchun ro‘yxatdan o‘tgan kichik biznes sub'ektlarining umumiy soni birja savdolari ishtirokchilari umumiy sonining 82,9 foizini tashkil etdi.

Davlat organlari va tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning kontaktsiz elektron shakllari joriy etilishi natijasida hisobot davrida bojxona yuk deklaratsiyalarining 20 foizi elektron uslubda rasmiylashtirildi, 660 dan ziyod da'vo arizalari va taqdimnomalar Oliy xo‘jalik sudi tomonidan elektron shaklda ko‘rib chiqildi.

“O‘zstandart” agentligi huzuridagi Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi 376 korxonaga mahsulot eksporti bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatdi, 29 mamlakat bilan standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlash, akkreditatsiya va mahsulot eksporti hamda xalqaro va mamlakatlar talablarini joriy etish sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Bu borada qabul qilingan chora-tadbirlar yalpi ichki mahsulotda kichik biznesning ulushini 51,2 foizga (2012-yilning 9 oyida 51,0 foiz), sanoatda 23,3 foiz (22,3 foiz), bandlikda 75,6 foiz (75,1 foiz), eksportda 19,1 foiz (13,5 foiz) oshirish imkonini berdi.

VII. Aholining turmush darajasi va sifatini muttasil oshirishni ta'minlash

“Obod turmush yili” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida shu yilning to‘qqiz oyida iqtisodiyotning turli sohalarida tadbirkorlik sub'ektlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish va bandligini oshirishga qaratilgan qator qonunchilik hamda me'yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi, kelishildi va tasdiqlash uchun taqdim etildi. Ularni moliyalashtirish uchun barcha manbalar hisobidan qariyb 5,6 trillion so‘m va 250 million dollar yo‘naltirildi.

Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning to‘qqiz oyida 833,4 mingta ish o‘rni, shu jumladan, qishloq tumanlarida 488 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Yangi korxonalarning ishga tushirilishi, faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni kengaytirish va rekonstruksiya qilish hisobidan 44,8 mingta, yangi kichik korxonalar va mikrofirmalarni tashkil qilish hisobidan – 282,8 mingta, yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan – 90,6 mingta, ishlamayotgan kichik korxonalar faoliyatini tiklash hisobidan – 11,5 mingta, ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob'ektlarida – 57,3 mingta, kasanachilikning barcha shakllarini rivojlantirish hisobidan – 181,8 mingta, fermer va dehqon xo‘jaliklarida – 107,4 mingta ish o‘rinlari yaratildi.

Aholi iqtisodiy faolligining o‘sishi natijasida mamlakatimizda aholi bandligi 2,5 foiz, ish haqi 17,3 foiz, pensiyalar o‘rtacha hajmi 27,8, aholining jami real daromadi 15,9 foizga oshdi.

Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish dasturiga muvofiq hisobot davrida qiymati 1,2 trillion so‘m hajmdagi investitsiyalar o‘zlashtirildi, 5,5 mingta uy foydalanishga topshirildi. Respublika bo‘yicha 8,4 million kvadrat metr (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 115,1 foiz), shu jumladan, qishloq joylarda 6,3 million kvadrat metr uy-joy (115,2 foiz) foydalanishga topshirildi.

Aholining sifatli ichimlik suvidan foydalanishini yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari ishtirokida yettita loyiha hayotga tatbiq etilmoqda va bu borada 74,3 million dollar o‘zlashtirildi. Buning natijasida 2 ming kilometrdan ortiq (2012-yilning shu davriga nisbatan 114,6 foiz), shu jumladan, qishloq joylarda 1,9 ming kilometr (118,5 foiz) suv quvurlari tarmog‘i ishga tushirildi.

Shu tariqa, global iqtisodiyotda jiddiy muammolar mavjudligiga qaramay, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizni isloh etish va rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan samarali strategiyaning izchil va aniq maqsadli amalga oshirilishi natijasida 2013-yilning to‘qqiz oyida mamlakatimizda barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlari hamda makroiqtisodiy barqarorlik saqlab qolindi.

O‘zbekiston Respublikasidagi joriy iqtisodiy ahvol, davlat siyosati va iqtisodiyotimizning rivojlanish istiqbollari bo‘yicha Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi bilan shu yil 25-sentabrdan 2-oktabrgacha o‘tkazilgan muhokamalar natijasiga ko‘ra, missiya rahbari Veronika Bakaluning ta'kidlashicha, «global iqtisodiyotning ahvoli yomonlashganiga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal sur'atlar bilan yuksalmoqda. Kuchli byudjet va tashqi pozitsiya, bank tizimining barqarorligi va davlat qarzining pastligi barqaror makroiqtisodiy natijalarga erishish imkonini bermoqda». Shu bilan birga, yaqin istiqbolda O‘zbekiston Respublikasini iqtisodiy rivojlantirish prognozlari ijobiyligi, soliq-byudjet sohasining barqarorligi va salmoqli hajmdagi valyuta zaxiralarining mavjudligi rivojlanayotgan mamlakatlarda kuzatilayotgan o‘sish sur'atlarining kutilgandan ko‘ra jiddiy pasayishi bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni chetlab o‘tishga xizmat qilayotgani ham qayd etildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning asosiy vazifasi iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ularning raqobatbardoshligini oshirish, yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, ishbilarmonlik hamda investitsiya muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan bozor islohotlari ko‘lamini kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta'minlashdan iboratdir. Zero, mazkur vazifalar joriy yil yakunlariga ko‘ra iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishining barqaror o‘sish sur'atlarini va makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, 2014-yilda iqtisodiy yuksalishning yuqori sur'atlariga erishish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi

Manba: www.uza.uz