O‘zbekiston Respublikasini 2012 yilning to‘qqiz oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida
05/11/2012 - 15:30 9188
Tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish jarayonini davom ettirish, ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2012 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning muhim ustuvor yo‘nalishlarining amalga oshirilishi joriy yilning to‘qqiz oyida iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning barqaror sur'atini va iqtisodiy o‘sishning asosiy ko‘rsatkichlari muvozanatini ta'minladi.
I. Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar
2012 yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulot o‘sishi 8,2 foizni tashkil qildi. Iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur'atlarining saqlanishi mamlakatimiz makroiqtisodiy barqarorligini yanada mustahkamlash imkonini berdi. Bu inflyatsiya darajasining pastligi, davlat byudjeti profitsiti va mamlakat tashqi savdo balansining ijobiy saldosida o‘z ifodasini topmoqda.
Sanoatni yanada rivojlantirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga oid dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 7,2 foizga, jumladan, iste'mol tovarlari hajmini 7,5 foizga oshirish imkonini berdi. Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishida samaradorlikni oshirish va fermer xo‘jaliklarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari qishloq xo‘jalik yalpi mahsulotining 7,1 foizga o‘sishini ta'minladi.
Faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash jarayonini jadallashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, infratuzilma ob'yektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishga qaratilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi kapital qo‘yilmalar va qurilish ishlari hajmini 9,8 foizga oshirish imkonini berdi.
Aholi jami daromadining 24,6 foizga oshishini ta'minlagan va ichki talabni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar chakana savdo hajmini 12,6 foiz va xizmat ko‘rsatish hajmini 13,8 foiz ko‘paytirishga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi.
2012 yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari
(2011 yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)
Ko‘rsatkichlar O‘sish sur'atlari
Yalpi ichki mahsulot 108,2
Sanoat mahsulotlari 107,2
Iste'mol tovarlari 107,5
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 107,1
Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 109,8
Qurilish ishlari hajmi 109,8
Chakana savdo aylanmasi 112,6
Xizmatlar 113,8
II. Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, tarkibiy tub o‘zgartirishlarni amalga oshirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish
2011-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risidagi dastur doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar sanoatda tarkibiy tub o‘zgartirishlar jarayonini chuqurlashtirish imkonini berdi. Hisobot davrida yengil sanoat (o‘sish sur'atlari 2011 yilning shu davriga nisbatan 113,2 foiz), mashinasozlik va metallni qayta ishlash (110,6 foiz), yog‘ochni qayta ishlash va sellyuloza-qog‘oz (108,5 foiz), qurilish materiallari (107,5 foiz), oziq-ovqat (107,2 foiz) sanoati sohalari jadal rivojlandi.
Yengil va yuk avtomobillari, traktor pluglari va seyalkalari, sovutgich va muzlatgichlar, liftlar, shifer, quruq qurilish aralashmalari, tosh gips, asbest-sementli quvurlar va muftalar, po‘lat quvurlar, mineral o‘g‘itlar, qandolatchilik, margarin mahsulotlari, toza qog‘oz tovarlar hamda boshqa yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi sezilarli ravishda ko‘paytirildi.
Sanoat tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar doirasida 2012 yilning to‘qqiz oyida yirik korxonalarda ma'naviy va jismoniy eskirgan 2 mingdan ortiq uskunalar almashtirildi. Energiya resurslarini tejash, texnologik jarayonlarni oqilona tashkil etish, xomashyo va materiallarni sarflash normalarini belgilash hamda boshqa xarajatlarni qisqartirishga doir chora-tadbirlar yirik sanoat korxonalarida mahsulot tannarxini 10,7 foiz kamaytirish imkonini berdi. Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida tuzilgan shartnomalarni bajarish doirasida, joriy yil boshidan buyon innovatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, qiymati 228,8 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi va xizmatlar ko‘rsatildi.
Joriy yil yanvar-sentyabr oylarida 1074 ta mahalliylashtirish loyihasi bo‘yicha qiymati 6,2 trillion so‘mlik yoki 2011 yilning shu davriga nisbatan 25,2 foiz ko‘p mahsulot ishlab chiqarildi. 957 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Natijada, import o‘rnini bosish bo‘yicha hisoblab chiqilgan samara 3,3 milliard dollardan ortiqni tashkil qildi, mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish umumiy hajmida eksport ulushi 2011 yilning shu davridagi 23,9 foizdan 25,3 foizga ko‘paydi.
Hududlar sanoat salohiyatini oshirish dasturining ro‘yobga chiqarilishi natijasida shu yilning to‘qqiz oyida oziq-ovqat va nooziq-ovqat iste'mol tovarlari ishlab chiqarish bo‘yicha 253 loyiha amalga oshirildi, iste'mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 7,5 foiz, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 7 foiz va nooziq-ovqat mahsulotlari hajmi 7,9 foizga oshdi.
Ip va gazlama, trikotaj polotno, paypoqlar, charm tovarlar, choy, spirtsiz ichimliklar, sariyog‘, meva-sabzavot va baliq konservalari, konditsionerlar, elektr dazmollar, energiya tejovchi lampalar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ko‘paydi. Bundan tashqari, hisobot davrida yangi turdagi kir yuvish mashinalari, mikroto‘lqinli pechlar, gaz plitalari va changyutgichlar, 40 nomdagi yangi dori vositalarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlar eksport salohiyatini kengaytirishni qo‘shimcha rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlar eksport hajmini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,4 foizga oshirish imkonini berdi. Bunda sulfat ammoniy, xlorli kaliy, pech yoqilg‘isi, elektr energiyasi, mis va undan tayyorlangan buyumlar, volfram, yengil va yuk avtomobillari, ip hamda boshqa mahsulotlarni eksportga yetkazib berish hajmlari sezilarli darajada ko‘paydi. Bundan tashqari, turli rusumdagi yuk avtomobillari, avtomobil tashish, kanal qazish texnikalari, avtomobillar uchun o‘rindiq va boshqa jihozlar, maishiy gaz va elektr pechlar, duxovkalar, sanitariya-gigiyena buyumlari, oshxona uchun havo tortgichlar, sirlangan sim, metall to‘r, turli kimyoviy buyumlar va o‘g‘itlar, 15 turdan ortiq yangi trikotaj buyumlar va boshqa mahsulotlar eksport qilina boshladi.
2012 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasining birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolaridagi umumiy aylanma hajmi 4,1 trillion so‘mni tashkil qildi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,1 foiz o‘sdi. Birja savdolarida yonishdan hosil bo‘lgan mazut, texnik oltingugurt, qora metallar prokati, metall rux, rangli metall parchalari, mineral o‘g‘itlar, polietilen sotish hajmi sezilarli ravishda ko‘paydi. Birja savdolarida sotilgan mahsulotlar, xomashyo va materiallar umumiy hajmining 86,4 foizini yirik korxonalarning yuqori likvidli mahsulotlari tashkil qildi. Birja savdolarida kichik biznes sub'yektlari tomonidan tuzilgan bitimlar hajmi 4,1 foizga o‘sdi va umumiy birja aylanmasi hajmining 53 foizini tashkil etdi.
2012 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, bank tizimi resurs bazasini kengaytirish va banklarning investitsion faolligini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida bank tizimining jami kapitali 2011 yilning shu davriga nisbatan 24,1 foiz, ularning jami aktivlari 1,3 barobar, mijozlarning banklardagi jalb etilgan depozitlari 30,9 foiz, aholining kredit tashkilotlaridagi mablag‘lari 30,8 foiz oshdi. Banklar resurs bazasining ko‘payishi esa iqtisodiyot real sektori korxonalarini, jumladan, ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash uchun kredit bilan ta'minlash hajmini 30,6 foizga oshirish imkonini berdi.
Xizmat ko‘rsatish va servis sohasiga kredit ajratish hajmini ko‘paytirish, yakka tartibdagi tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyoz va rag‘batlarni taqdim etish evaziga ushbu sohani rivojlantirishni rag‘batlantirishga oid ko‘rilgan chora-tadbirlar xizmatlar ko‘rsatish hajmini 13,8 foizga, jumladan, pullik xizmatlar ko‘rsatishni 14,9 foizga oshirish imkonini berdi. Natijada, yalpi ichki mahsulotda xizmatlar ulushi 2011 yilning shu davridagi 48,8 foiz o‘rniga 49,6 foizgacha o‘sdi.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida respublikamizda 18,4 mingta yangi kichik biznes sub'yektlari (fermer xo‘jaliklarini hisobga olmaganda) tashkil etildi. Eng ko‘p kichik biznes sub'yektlari savdo va umumiy ovqatlanish (jami tashkil etilganlarning 27,8 foizi) hamda sanoat tarmoqlarida (23,6 foiz) tashkil qilindi.
Kichik ishlab chiqarishlarni tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga umumiy qiymati 19,4 milliard so‘mlik 55 davlat aktivlari sotildi, qariyb 17,6 mingta foydalanilmayotgan davlat mulki ob'yektlari ijaraga berildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga tijorat banklari tomonidan qiymati 4,2 trillion so‘mlik (o‘sish 2011 yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar) kreditlar, jumladan, 857,2 milliard so‘mlik mikrokreditlar (o‘sish 1,4 barobar) ajratildi.
Kichik biznes sub'yektlaridan qilinadigan davlat xaridlari hajmi 229,1 milliard so‘mni tashkil qildi (elektron savdolar orqali amalga oshiriladigan davlat xaridlari umumiy hajmining 92,9 foizi). 7 mingdan ziyod kichik biznes sub'yektlari o‘z tovar va xizmatlari bilan davlat xaridlari tizimida ishtirok etdi. Joriy yilning o‘tgan davrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan qiymati 1,7 milliard dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Natijada, kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 51 foiz (2011 yilning 9 oyida 50,5 foiz), sanoatda 21,4 foiz (20,7 foiz), investitsiyalarda 35,2 foiz (30,2 foiz), qurilishda 71,8 foiz (70,4 foiz), eksportda 15,5 foiz (15,3 foiz), bandlikda 75,5 foiz (74,9 foiz)ni tashkil etdi.
III. Faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnologik yangilash jarayonlarini jadallashtirish
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida asosiy kapitalda o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmi 15,3 milliard so‘mni tashkil qildi va qiyosiy narxlarda 9,8 foizga oshdi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 2 milliard dollarni tashkil qildi, jumladan, o‘zlashtirilgan 1,6 milliard dollarning (o‘sish 2011 yilning shu davriga nisbatan 9,6 foiz) 1,3 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.
Xo‘jalik sub'yektlari va aholining investitsion faolligini oshirishga doir chora-tadbirlar investitsiyalar hajmini korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan 10,3 foiz, aholi mablag‘lari evaziga 23,6 foizga oshirish imkonini berdi. O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari hisobidan moliyalash hajmining 1,5 barobarga oshirilishi yirik strategik ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga ko‘maklashdi.
Buning natijasida 2012 yilning o‘tgan davrida 106 ta investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yakunlandi. “SHo‘rtanneftgaz” unitar sho‘'ba korxonasida propanbutan aralashmasi qurilmasini barpo etish (5-navbat), Navoiy issiqlik elektr stansiyasida gaz siqish kompressor stansiyasini qurish, Navoiy viloyatida texnik kremniy ishlab chiqarishni tashkil etish (I bosqich), Qalmaqir konini kengaytirish va rekonstruksiya qilish, Samarqand viloyatida yuk avtomobillari va komponentlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi kompleksni tashkil qilish (II bosqich - yig‘ish bo‘yicha ishlab chiqarish), “White Machine Technology” mas'uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida LCD televizorlari ishlab chiqarishni tashkil etish, Navoiy shahri aeroportida yo‘lovchi terminalini rekonstruksiya qilish, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi qoshidagi kardiojarrohlik bo‘limini rekonstruksiya qilish va jihozlash hamda boshqa qator loyihalar shular jumlasidandir.
Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar doirasida joriy yilning 9 oyi davomida mahalliy resurslar va komponentlardan foydalangan holda qurilish materiallarini tayyorlash bo‘yicha 155 ta yangi ishlab chiqarish foydalanishga topshirildi. Andijon, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida 45 ming kubmetr zamonaviy penobeton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi, Toshkent viloyatida 72 ming kvadrat metr laminat va MDF ishlab chiqaruvchi, Farg‘ona viloyatida 50 ming tonna sement ishlab chiqaruvchi, Toshkent shahrida 2 million kvadrat metr gipsokarton, 70 mingta sendvich panellar va 64 ming kvadrat metr zamonaviy pol qoplamalari ishlab chiqaruvchi korxonalar, 102,3 million dona g‘isht ishlab chiqarish quvvatiga ega 19 ta g‘isht tayyorlovchi korxonalar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, pishiq g‘isht ishlab chiqarish bo‘yicha 22 ta korxona modernizatsiya qilindi, ularning 14 tasi asosiy yoqilg‘i sifatida ko‘mirdan foydalanishga o‘tkazildi.
Umuman, yil boshidan buyon respublikada 882 ta ishlab chiqarish ob'yekti, jumladan, yengil sanoat va to‘qimachilik tarmog‘ida (337 ob'yekt), oziq-ovqat sanoatida (234), qurilish materiallari sanoatida (189), yog‘ochni qayta ishlash sanoatida (46), mashinasozlik sanoatida (14), kimyo sanoatida (16) va boshqa sohalarda (46) yangi ob'yektlar ishga tushirildi.
Joriy yilning 9 oyida «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida ishga tushirilgan 11 ta korxona tomonidan umumiy qiymati 47,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida 7 ta yangi investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda, shulardan 3 loyiha bo‘yicha ob'yektlarda qurilish-montaj ishlari bajarilmoqda. Yangi tashkil etilgan “Angren” EIZ hududida qiymati 185,8 million dollarlik 8 investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlangan.
Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishlarini texnik va texnologik yangilash bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirish doirasida 2012 yilning 9 oyi davomida 677,9 kilometr kollektorlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi, 11,2 ming kilometr xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichidagi kollektor-drenaj tarmoqlari, 340,1 kilometrlik yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 720 vertikal drenaj quduqlari va 8 melioratsiya nasos stansiyalari tiklandi.
“O‘zqishloqmashlizing” kompaniyasi orqali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga lizing asosida 793 qishloq xo‘jaligi texnikasi, shu jumladan 658 traktor va 135 g‘alla o‘radigan kombayn yetkazib berildi.
Sabzavot ekinlari, bog‘lar va tokzorlar maydoni sezilarli ravishda kengaydi: asosiy va oraliq maydonlardagi 244,1 ming gektar yerga sabzavotlar, 84,6 ming gektarga kartoshka va 58,1 ming gektar maydonga poliz ekinlari ekildi. 7,6 ming gektar maydonda yangi bog‘lar tashkil etildi, shundan 2,6 ming gektarda intensiv bog‘lar, 3,8 ming gektar yerda tokzorlar yaratilgan, 8,5 ming gektar yerdagi bog‘lar va 6 ming gektar yerdagi tokzorlar qayta tiklandi. Aholining shaxsiy tomorqa xo‘jaliklaridagi 266,8 gektar maydonda 9456 ta issiqxona tashkil qilindi. Meva va sabzavot mahsulotlarini saqlashni yanada rivojlantirish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 13,4 ming tonna sig‘imga ega 44 yangi muzlatgich kameralari tashkil qilindi va 8,3 ming tonna sig‘imga ega 12 muzlatgich kameralari modernizatsiya qilindi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida shu yilning to‘qqiz oyi mobaynida 5,4 million tonna sabzavot (2011 yilning shu davriga nisbatan 111,1 foiz), 1,5 million tonna kartoshka (110,7 foiz), 1 million tonnadan ortiq poliz mahsulotlari (109 foiz), 1,4 million tonna meva-rezavorlar (110,3 foiz), 0,8 million tonna uzum (112,1 foiz) yetishtirildi. Qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarining hajmi 1,1 million tonnani tashkil etdi (2011 yilning tegishli davriga nisbatan 105,1 foiz).
Chorvachilikni yanada rivojlantirish maqsadida yil boshidan buyon chorva mollari sotib olish uchun shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari, dehqon va fermer xo‘jaliklariga tijorat banklari tomonidan qiymati 60,4 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. 19,6 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan 802 chorvachilik xo‘jaligi, 3,8 million parranda boqish uchun mo‘ljallangan 557 parrandachilik xo‘jaligi, 530 ta baliqchilik va 511 ta asalarichilik xo‘jaligi tashkil etildi. Natijada, yirik qoramollarning umumiy soni 9,97 million boshga yetdi (2011 yilning shu davriga nisbatan 5,7 foiz o‘sdi), go‘sht yetishtirish hajmi 7 foizga (1211,5 ming tonna), sut - 7,2 foiz (5261,5 ming tonna), tuxum 14 foiz (2920 million dona)ga o‘sdi.
IV. Transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmaning jadal rivojlanishini ta'minlash
“2011-2015 yillarda infratuzilma, transport va kommunikatsiyalar qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish dasturi”ning ijrosi doirasida joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi 303,5 kilometr avtomobil yo‘lini qurish va rekonstruksiya qilish, shu jumladan 58 kilometr yo‘lga sement-beton va 245,5 kilometr avtomobil yo‘liga asfalt-beton qoplamasini yotqizish ishlari bajarildi.
Temir yo‘l sohasini modernizatsiya qilish va yanada rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish jarayonida 205,3 million dollarga teng kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi, 186 kilometrlik temir yo‘l qayta tiklandi, 372 yuk va 13 yo‘lovchi tashish vagonlari tayyorlandi, 3 yo‘lovchi lokomotivi xarid qilindi, Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish ishlari bajarildi.
Havo kemalari parkini yangilash va havo transporti infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda Milliy aviakompaniya tomonidan 2 yangi “Boing-767-300ER” samolyotlarini ekspluatatsiya qilish boshlandi, Navoiy shahri aeroportida yo‘lovchi terminalini rekonstruksiya qilish doirasida umumqurilish ishlari va ichki muhandislik tarmoqlarini tortish ishlari yakunlandi. Natijada, joriy yilning 9 oyi davomida “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi samolyotlarida 2 million nafar yo‘lovchi tashildi va bu ko‘rsatkich 2011 yilning shu davriga nisbatan 13,5 foiz oshdi.
Aholining sifatli ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar jarayonida 1,8 ming kilometr, jumladan, qishloq joylarda 1,6 ming kilometr suv tarmoqlari ishga tushirildi.
Bundan tashqari, 2012 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida yil boshidan buyon 193 yangi umumta'lim maktablari, 47 musiqa va san'at maktabi, 2 akademik litsey, 10 kasb-hunar kolleji va ular uchun 12 yotoqxona, 11 bolalar sporti ob'yektlari va 2 suzish havzasi, 2,6 ming o‘ringa mo‘ljallangan tibbiyot muassasalari, bir smenada 4,9 ming qatnovga mo‘ljallangan poliklinika muassasalari (shu jumladan bir smenada 1,5 ming qatnovga mo‘ljallangan qishloq vrachlik punktlari) va qator tibbiyot ob'yektlari foydalanishga topshirildi.
V. Bandlikni ta'minlash va aholi daromadlarini izchil oshirish
Ish o‘rinlarini yaratish dasturini amalga oshirish doirasida 2012 yilning 9 oyi davomida respublika bo‘yicha 773 mingta ish o‘rinlari yaratildi, shundan 486,1 mingtasi (umumiy hajmining 62,9 foizi) qishloq joylarda tashkil qilindi.
Yangi korxonalarning ishga tushirilishi, faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni kengaytirish va rekonstruksiya qilish hisobidan 45,6 mingta, yangi kichik korxonalar va mikrofirmalarni tashkil qilish hisobidan - 281 mingta, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan - 88 mingta, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma ob'yektlarida - 45 mingta, kasanachilikning barcha shakllarini rivojlantirish hisobidan - 183,4 mingta, qishloq xo‘jaligida - 105,5 mingta, faoliyat ko‘rsatmayotgan kichik korxonalar faoliyatini tiklash va bozor infratuzilmasini rivojlantirish hisobidan 24,5 mingta ish o‘rinlari yaratildi.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 9 oyida aholining umumiy daromadlarining izchil o‘sishi ta'minlandi va o‘sish o‘tgan yil darajasiga nisbatan 24,6 foizni tashkil etdi, bunda o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 18,9 foiz o‘sdi.
“Mustahkam oila yili” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida hukumatimizning iqtisodiyotning turli sohalarida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga, yosh oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga va oilalarning ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan qarorlari ishlab chiqildi va qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Unda oilaviy tadbirkorlarning huquqlari, majburiyatlari, mehnat munosabatlari hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash shakllari belgilab berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oilalarning ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan maishiy elektr texnika mahsulotlari ishlab chiqarish, xususiy uy-joylar qurilayotgan qishloq massivlarida maishiy xizmat ob'yektlarini tashkil qilish, aholiga maishiy elektr texnika xarid qilish uchun iste'mol kreditlari ajratish bo‘yicha maqsadli prognoz ko‘rsatkichlar tasdiqlangan.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlarni ishlab chiqarishga va oilaviy biznesga jalb qilish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari tomonidan biznes-rejalarni ishlab chiqish, uy-joy va mebellar, maishiy texnika xarid qilish, shuningdek, yosh oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 1,1 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi.
Umuman, oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, yosh oilalar va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, oila salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini rivojlantirish maqsadida “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi doirasida joriy yilning 9 oyi davomida barcha moliyalash manbalari hisobidan 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan respublika hukumatining shu yil 19 yanvardagi yig‘ilishida belgilab berilgan 2012 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarining izchil va maqsadli amalga oshirilishi 2012 yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha iqtisodiyot va makroiqtisodiyotning barqaror yuqori sur'atlari saqlanishini ta'minladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning asosiy maqsadi bozor islohotlari ko‘lamini chuqurlashtirish va kengaytirish, modernizatsiya jarayonlarini jadallashtirish va iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo‘lida ishbilarmonlik va investitsiya muhitini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan choralarning amalga oshirilishini ta'minlash hisoblanadi. Zero, mazkur vazifalar joriy yil yakunlariga ko‘ra iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari rivojlanishining barqaror dinamikasini saqlashga, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va 2013 yilda iqtisodiy o‘sishning yuqori sur'atlariga erishishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi