Koreya fond birjasi (KRX) vakillari bilan uchrashuv
13/12/2022 - 12:59 3207
Joriy yilning 12-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Koreya fond birjasi (KRX) raisi va bosh direktori Sohn Byungdoo boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Koreya fond birjasi (KRX)ning Global strategiyalar bo‘yicha katta vitse-prezidenti Shin Donghoon John, Boshqaruv strategiyasi bo‘yicha vitse-prezidenti Choi Hwun, Korporativ axborotlarni ishlash, biznes indeksi, strategiya va rejalashtirish bo‘yicha bosh menejer Kim Namyoung, Ijro etuvchi direktor Choi Hyungsoo hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov, “Toshkent” Respublika fond birjasi raisi Georgiy Paresishvili va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.
Ma’lumot uchun: 1956-yilda tashkil etilgan Koreya fond birjasi (KRX) Koreyaning iqtisodiy rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda hamda kompaniyalar o‘sishi uchun kapital va fuqarolar uchun investitsiya imkoniyatlarini taqdim etib keladi. Koreya birjasi kapital bozorining asosiy funksiyalari — investorlarni himoya qilish va investitsiya bazasini kengaytirish, shuningdek, dinamik va mustahkam kapital bozorini yaratish maqsadida IT infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan faoliyat olib boradi.

Uchrashuvda mamlakatimizda qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish, texnik yordam ko‘rsatish, kapital bozorini boshqarish, yangi moliyaviy vositalarni joriy etish bo‘yicha o‘quv dasturini ishlab chiqish, muntazam treninglar va seminarlar o‘tkazishda o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi korxona va kompaniyalarni xususiylashtirish jarayonlari hamda davlat kompaniyalarini to‘liq xususiylashtirish, soliq imtiyozlari, davlat kompaniyalari aksiyalarini IPO orqali sotish bo‘yicha Koreya Respublikasining kapital bozorini rivojlantirish tajribasi yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va rivojlantirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati