Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Iqtisodiy kengashining 96-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

03/12/2022 - 12:48 2620

Joriy yilning 2-dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Iqtisodiy kengashining 96-yig‘ilishi videokonferensiya shaklida tashkil etildi. Kun tartibidan MDHga a’zo davlatlar iqtisodiy hamkorligining turli yo‘nalishlari o‘rin oldi.

Yig‘ilishda Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yagub Eyyubov, Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari Adilbek Kasimaliyev, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Hojimurat Geldimiradov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi o‘rinbosari Viktoriya Abramchenko, Belorussiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Nazaruk, Tojikiston Iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri Zavki Zavkizoda, Armaniston Respublikasining Belorussiya Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Razmik Humaryan, MDH ijro etuvchi qo‘mitasi raisi Sergey Lebedev ishtirok etdilar.

Uchrashuv boshida Hamdo‘stlik davlatlari delegatsiyalari rahbarlari MDH davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

So‘ngra, tadbirda 2018–2021-yillarda MDHga a’zo davlatlarning sanoat siyosati bo‘yicha kengashining faoliyati yuzasidan hisobot muhokama etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Rustamov ma’ruza qilib, MDHga a’zo davlatlarning 2018–2021-yillardagi sanoat siyosati Kengashi faoliyati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2030-yilga qadar MDHga a’zo davlatlarning sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish konsepsiyasi va MDHga a’zo davlatlarning sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora–tadbirlar loyihalarini taqdim etdi.

Shu bilan birgalikda, tadbirda tegishli qarorlar ko‘rib chiqildi va qabul qilindi, jumladan:

– Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini 2030-yilgacha iqtisodiy rivojlantirish strategiyasining birinchi bosqichini (2021–2025) amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasining bajarilishi;

– Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning telekommunikatsiya tarmoqlarida firibgarlikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorligi to‘g‘risidagi Memorandum loyihasi;

Yig'ilish yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Iqtisodiy kengashi doirasida hamkorlikni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qildilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati