KONSTITUTSIYA – BAXTIMIZ QOMUSI

06/12/2022 - 20:29 8569

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida xalqimizning uzoq o‘tmishi va bugunini o‘zida jamlagan milliy urf-odatlari, demokratik siyosati, milliy tafakkuri, muqaddas qadriyatlari, bag‘rikenglik va mardlik kabi ulug‘ xislatlar o‘z aksini topgan. Shuningdek, jamiyatimizdagi har bir oila va fuqarolarning hayotida qanday ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan bo‘lsa, bularning barchasi Bosh qonunimizda belgilab qo‘yilgan talab va qoidalarning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Zero, Konstitutsiyamiz avvaldan sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni mujassam etgan hujjatdir.

Bundan 30 yil muqaddam 1992-yil 8-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida Insonparvarlik tamoyillariga asoslangan demokratik huquqiy davlat barpo etish hamda fuqarolar tinchligi va o‘zaro totuvligini ta’minlash maqsadida Konstitutsiyamiz qabul qilingan.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh  kuch-qudrati natijasidir”.

O‘tgan qisqa davr mobaynida mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklaridan kelib chiqadigan, xalqaro andozalarga asoslangan ochiq ijtimoiy-huquqiy muhit yaratildi. Bu esa, fuqarolarning davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida bevosita ishtiroki, shuningdek, barcha mulk shakllariga asoslangan ma’muriy-xo‘jalik tuzilmalari bilan turli-tuman munosabatlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini yaratib berdi. Konstitutsiyaga muvofiq, fuqarolarimizni nafaqat O‘zbekiston hududida, balki uning tashqarisida ham huquq va erkinliklari himoya qilinadi.

2022-yil 20-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma majlisida, Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi. Bunda har bir fuqaroning fikrlarini tinglash zarurligi qayd etilib, ushbu vazifalar bilan shug‘ullanuvchi Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etildi.

Prezidentimiz, avvalo, inson va uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasiga oid normalar Konstitutsiyada mustahkamlanishi lozimligini bildirdi. Shundan kelib chiqib, barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun bo‘lishi aniq ko‘rsatib berildi. Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida inson qadrini yuksaltirish haqiqatdan davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shartligini belgilash taklifi bildirildi.

Konstitutsiyani takomillashtirish uchun fuqarolarga o‘z takliflarini bildirishning bir necha ko‘rinishdagi imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, yurtdoshlarimiz meningkonstitutsiyam.uz portali hamda maxsus telegram-bot va koll-markaz orqali o‘z takliflarini bildirishdi.

Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bizga nima beradi? Avvalo, inson manfaatlari hamma narsadan ustunligi, mamlakatda xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi, xodimlar mehnatining oqilona rag‘batlantirilishi, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlanishi, xalqlarning teng huquqliligi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hamda ma’naviy yuksalishiga xizmat qiladi.

Konstitutsiyaviy islohotlarning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi ilgari mavjud bo‘lgan “davlat‑jamiyat, jamiyat‑inson” paradigmasini “inson‑jamiyat‑davlat”ga o‘zgartirish hamda Konstitutsiyaviy qonunchilik bilan Konstitutsiyaviy amaliyotni biriktirish.

Inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ishlar samarasini xalqimiz va xalqaro hamjamiyat vakillari kuzatgan holda o‘zlarining ijobiy baholarini berib borishmoqda. Xalq bilan muloqot tizimining yo‘lga qo‘yilganligi, inson huquq va erkinliklariga bo‘lgan hurmat yangi bosqichga ko‘tarilganligi, shuningdek, aholining qanchadan-qancha mushkuli osonlashgani kabi bir qator misollar shular jumlasidandir.

Joriy yilda Prezidentimizning “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi bo‘lajak bayramga ajoyib tuhfa bo‘ldi. Esdalik nishoni bilan O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquqlari va erkinliklari, qadr-qimmati ulug‘lanadigan adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish va boshqalarga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha soha vakillari taqdirlanadi.

Huquq va burchlarimiz tarozisi bo‘lmish Konstitutsiya – biz uchun faxr va hayotimiz mazmuni. Ustozlarimiz boshlab bergan sharafli ilm yo‘lidagi izlanishlarimiz, o‘z sohamizda xalqaro miqyosda eʼtirof etiladigan darajadagi natijalarimiz, yutuqlarimiz, vatanparvar yigit-qizlar bo‘lib kamol topishimiz, jonajon yurtimizning istiqboli va ravnaqi yo‘lidagi mehnatlarimiz bizning Vatan va xalqimiz oldidagi burchlarimizdir.

Mohigul NORMURODOVA,

Farangiz MAKSUDOVA,

Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi xodimi