Buyuk Britaniya savdo komissari bilan uchrashuv

30/11/2022 - 19:40 2989

Joriy yilning 30-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Buyuk Britaniya Qirolining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari Kenan Paleo bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Buyuk Britaniya Xalqaro savdo vazirligi bosh direktori Andrew Mitchell, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timothy Torlot, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov hamda boshqa mas’ul vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida “Samarali iqtisodiy boshqaruv” (EGED) va aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) dasturlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ichimlik suvi bilan ta’minlash infratuzilmasini yaxshilash, xizmatlar, energetika sohasi, xususan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini tashkil etishda amalga oshirilayotgan davlat-xususiy sherikligi loyihalari, DXSh loyihalarida texnik yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlar yashil o‘sish, xususan, yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonlari, yashil energiya manbalaridan foydalanish, ushbu jarayonlarda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik,  mehnat bozorida amalga oshirilayotgan islohotlar, biznes muhitini yaxshilash, davlat xaridlari, budjet jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, logistika sohasini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va yanada kengaytirishga kelishib oldilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati