Turkiya Respublikasining Qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti vakillari bilan uchrashuv
29/11/2022 - 18:26 2711
Joriy yilning 28-noyabr kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Rustamov Turkiya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti prezidenti Muxammed Adak boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ul departament direktorlari, mehmonlar tomonidan Loyihalarni amalga oshirish bosh koordinatori Axmet Yazar, Loyihalarni moliyalashtirish bosh koordinatori Jixan Qoraxon, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha mutaxassis Kyurshat Yilmaz hamda tashkilot eksperti Murat Subashilar ishtirok etishdi.
Hududlarni kompleks rivojlantirish va ushbu yo‘nalishdagi Turkiya Respublikasining tajribasi bilan tanishish uchrashuvning asosiy muhokama mavzusiga aylandi.

Uchrashuv avvalida mehmonlar Qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tashkilotining asosiy vazifalari, 15 yillik faoliyati davomida loyihalarni moliyalashtirish va hududlarni rivojlantirishda ushbu tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berishdi.

O‘z navbatida O‘zbekiston tomoni bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va unda hududlarni rivojlantirish omilining asosiy yo‘nalishlari va loyihalarni amalga oshirishda xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar yuqoridagi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati