Hududlarning master-rejalarini ishlab chiqish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish

21/11/2022 - 18:00 2472

O‘zbekistonning Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya, Qurilish, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Energetika vazirliklari va Markaziy bank vakillari hamda Namangan, Toshkent, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlaridan iborat ishchi guruh Fransiyaga tashrif buyurdi.

Tashrifdan maqsad hududlar master rejalarini ishlab chiqish va “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha Fransiya tajribasini o‘rganish hamda Fransiyadagi vazirlik va idoralar, tashkilotlar va kompaniyalar bilan uchrashish bo‘lib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiya tashrif doirasida Paris Habitat, National federation of urban architect agencies (FNAU), Institute Paris Region, Hududiy birlik milliy agentligi (ANST), Ministry of Ecological transition and Territorial Cohesion, Ministry of Energy transition, ADEME, Banque de France, Institute for Climate Research, Agora Energiewende, “MEDEF International” va uning tarkibidagi tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi hamda “Olympic village” loyihasi bilan tanishildi.

Tashrif davomida shaharsozlik bo‘yicha master-rejalarni ishlab chiqish va ushbu yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirish maqsadida quyidagi masalalar muhokama etildi:

– Fransiyada aholining quyi qatlami uchun ijtimoiy uylarni qurish, ehtiyojmand aholi qatlamini tanlash mezonlari, ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga qo‘yiladigan talablar;

– Shaharlarni rejalashtirish agentligi faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

– Fransiyaning shaharsozlik yo‘nalishidagi yetuk mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb qilish;

– Eko shaharlarni, kvartallarni bapro etish bo‘yicha hamkorlik;

– Kichik va o‘rta shaharlar imkoniyatlaridan keng foydalanish va markaziy joylarni rivojlantirish, hududlarni davlat tomonidan qo‘llab quvvatlash;

– Qishloq joylarida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, turizm salohiyatini ishga solish;

– “Frantsiyaning past karbonli “milliy strategiyasi” va “Fransiyaning iqlim va energetika strategiyasi” hujjatlari asosida iqlim o‘zgarishi va issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish bo‘yicha 2030 va 2050 yillarga mo‘ljallangan asosiy maqsadlar;

– Issiqxona gaz va uglerod chiqindilarini qisqartirish orqali ularni qamrab olish va saqlash bo‘yicha (Carbon Capturing and Storage – CCS) tizimlarni rivojlantirish;

– Energetika, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, moslashish hamda xavo sifatini yaxshilash, yer resurslari va xomashyoning sirkulyar tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida subsidiyalar ajratish mexanizmlarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik;

– Fransiya va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banklari o‘rtasida NGFS (Network for Greening the Financial System - NGFS) tarmog‘ida amalga oshiriladigan tashabbuslarda faol ishtirok etish;

– Yevropa Ittifoqining Sarbon Border Adjustment Mechanism (CBAM) savdo (Carbon Pricing, Carbon Tax) mexanizmlarini o‘rganish.

2024-yildagi Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish uchun barpo etilayotgan “Olympic village” loyihasi va uning qurilishi bilan tanishildi va qurilishda energiya tejovchi texnologiyalarni qo‘llash, qurilish uchun arxitektura yechimlarini tanlash, qurilishda boshqa arzon va ekologik toza materiallardan foydalanish va boshqa masalalar muhokama etildi.

“MEDEF International”da tashkil etilgan uchrashuvda uning tarkibiga kiruvchi kompaniyalar (Axens, Cabinet Adaltys, Dassault Systemes, Egis, Eiffage Infrastructures, Groupe ADP, Meridiam, Roxalex, Societe Generale, Vinci Highways, Mouvement Des Entreprises De France va boshqalar) bilan davra suhbati tashkil etildi.

Fransiya kompaniyalari bilan davlat xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha Fransiyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyalari, O‘zbekiston shaharlarida ichimlik suvi va kanalizatsiya, neft-gaz sanoati, elektr energiya, transport sohalarida davlat xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Muhokamalar doirasida kompaniyalar tomonidan kelajakdagi salohiyatli hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir nechta takliflar e’lon qilindi.

Fransiya taraqqiyot agentligining (FTA) Osiyo, O‘rta Osiyo va Yevroosiyo bo‘yicha departament direktori hamda agentligining “Yashil” budjetlashtirish, shaharsozlik va uy-joy qurilish va boshqa xodimlari bilan yakuniy uchrashuvlar o‘tkazildi.

FTAning barqaror shaharlar strategiyasi, kichik, o‘rta va katta shaharlarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va iqlim barqarorligini ta’minlash, shaharlarda hayot sifatini yaxshilash va keng miqyosda barqaror shahar hududiy rivojlanishga ko‘maklashish, shuningdek, FTA va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida shahar sohasida hamkorlikning yangi istiqbollarini ochish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlar va muhokamalar yakunida Fransiya taraqqiyot agentligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi o‘rtasida: “Yashil” iqtisodiyot sohasida hamkorlik” hamda “Shaharsozlikni rivojlantirish bo‘yicha Master-reja to‘g‘risida”gi bitimlar imzolandi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati