Germaniya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv

18/11/2022 - 12:43 2665

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Germaniya Federativ Respublikasi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligining parlamentar davlat kotibi Nills Annen boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Germaniya Federativ Respublikasi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligining yordamchi referenti Holger Tilman, parlamentar davlat kotibi yordamchilari Klaus Tansberger va Helmut Fisher, Germaniya taraqqiyot agentligi mintaqaviy byurosi rahbari Yoaxim Frits, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi siyosiy bo‘limi xodimi Stella Klyayn hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining mas’ul departament vakillari ishtirok etdilar.

Muloqot davomida mamlakatimizda olib borilayotgan makroiqtisodiy siyosat, barqaror iqtisodiy o‘sish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan master-rejalar, xususan, hududlarda raqamli iqtisodiyotni shakllantirish, axborot-kommunikatsion texnologiyalarni rivojlantirish, xizmatlar sohasi va turizm salohiyatini oshirish, amalga oshirilayotgan yashil loyihalar, inson kapitalini rivojlantirish, shu jumladan, mehnat bozori, ta’lim va kasb-hunarga o‘rgatish kabi sohalarni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, kambag‘allikni qisqartirish, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, energetika, suv resurslarini boshqarish, mis sanoati, yashil o‘sish hamda elektromobillar sanoati yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda kengaytirishga kelishib oldilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati