Vatanimiz bayrog‘i – faxrimiz, g‘ururimiz
18/11/2022 - 10:36 2810
Yurt taraqqiyoti, jamiyat barqarorligida davlat ramzlarining alohida o‘rni bor. Lekin, dunyoda hech bir gerb, madhiya yoki boshqa bir timsol yurtni, millatni, xalqni Davlat bayrog‘idek jahonga tanita olmaydi.
1991-yil 18-noyabr tarix zarvaraqlarida biz uchun qadrli va unutilmas sana bo‘lib muhrlandi. Aynan shu kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. 1992-yil 2-martda mamlakatimiz bayrog‘i O‘zbekiston to‘laqonli suveren respublika sifatida tan olingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohining oldida bizning bayroq hilpiray boshladi. Xususan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida ham
18-noyabr davlat bayrog‘i qabul qilingan kun sifatida keng nishonlanib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunning
3-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi” deb belgilab qo‘yilgan.
Mamlakat bayrog‘i qadim-qadimdan har bir davlat uchun mustaqillik va ozodlik timsoli bo‘lgan. Aslida, Vatan bayrog‘ini ko‘z qorachig‘idek asrash, eʼzozlash, uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘lish har birimizning burchimizdir. Zero, unda ruhiyatimiz, g‘urur va iftixorimiz, Vatanimiz hamda xalqimizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatimiz, kelajakka ishonch mujassamdir.
Shu o‘rinda, shon-shuhratimiz bo‘lgan bayrog‘imizni dunyo miqyosida ko‘kka ko‘targan bir necha yurtdoshlarimizni eʼtirof etishimiz lozim. Masalan, hamyurtimiz 2017-yil Said To‘laganov Yevropadagi eng baland tog‘ cho‘qqisi Elbursga (5542 m) mamlakatimiz bayrog‘ini o‘rnatgan. Yana bir yurtdoshimz alpinist Sergey Denisenko 2021-yil 1-iyunda sayyoramizning eng nuqtasi, balandligi 8848 metr bo‘lgan Everest cho‘qqisiga davlatimiz bayrog‘i o‘rnatdi, bu ham albatta biz uchun sharaf hisoblanadi.
Maʼlumki har sohada yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘targan sportchilarimiz yutuqlari qalbimizni vatanparvarlik tuyg‘usiga to‘ldiradi. Vatanimiz bayrog‘i dunyoning eng yuksak minbarlarida mag‘rur hilpirayotganini ko‘rib qalbimizda ajib tuyg‘ular jo‘sh uradi, vatanni chin dildan sevish o‘z xalqni ardoqlashga undaydi.
Nigora Sattarova,
Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash boʻlimi xodimi