MUQADDASDIR VATAN BAYROG‘I

18/11/2022 - 18:53 3189

         Bugun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy anjuman tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning farzandi, Turon fanlar akademiyasi akademigi, tibbiyot fanlari nomzodi, “Umumboqiy meros” targ‘ibot markazi raisi o‘rinbosari Shoira Oripova mehmon sifatida ishtirok etdi.

         Tadbirni vazirning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va hududlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahobiddin Ortiqov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

         – Davlatimiz bayrog‘i – har birimiz uchun faxr va iftixor timsoli, vatanparvarlik tuyg‘usini jo‘sh urdiradigan bebaho ma’naviy qadriyatdir. Shu jihatdan, milliy bayrog‘imiz eng baland cho‘qqilarda, yuksak pog‘onalarda doimo tinchlik ramzi bo‘lib hilpirab turaversin, dedi – Sh. Ortiqov.

         Shundan so‘ng, atoqli shoirimiz Abdulla Oripovning farzandi Shoira Oripova so‘zga chiqib, davlatimiz ramzlarining yaratilish tarixi, ularning ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy-siyosiy hayotimizda tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa, Abdulla Oripov so‘zi va Mutal Burxonov musiqasi bilan ijro etiladigan Davlat madhiyasi borasidagi bir-biridan qiziqarli ma’lumotlar, mehmonimiz tomonidan  o‘qilgan she’rlar yig‘ilganlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

         Tadbirni “Zoom” ilovasi orqali Jizzax viloyatidan qatnashgan “Ma’naviyat karvoni” loyihasi doirasida targ‘ibotchi guruhi a’zosi hamda Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha vazir maslahatchisi v.v.b. Obiddin Mahmudov bugungi tadbir bilan barcha qatnashchilarni qutlab, bayrog‘imiz, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida barchamizni birlashtirib, mamlakatimiz mustaqilligini hamisha ko‘z qorachig‘idek asrashga, yuksak ishonch va qat’iyat bilan kelajakka qadam tashlashga da’vat etib turishi haqida o‘z fikr mulohazalarini bildirib o‘tdi.

         Tadbirda Inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Gulnora Melibayeva, Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Umida Ibatxodjayeva hamda Iqtisodiyot tarmoqlarida innovatsion texnologiyalarning joriy etilishini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Farhod Rahimov tashrif buyurgan mehmonimizga minnatdorchilik bildirib, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi tizimida ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy-iqtisodiy faoliyat uyg‘unligi xodimlar salohiyatini oshirishga, ularning ma’naviyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganligi alohida ta’kidlandi.

         Tadbir so‘ngida tashrif buyurgan mehmonimiz Shoira Oripova  vazirlik xodimlari bilan kichik zukko tanlovi o‘tkazdi va g‘olibga kitob sovg‘a qildi.

         Vatanparvarlik ruhida tashkil etilgan ushbu ma’naviy tadbir qatnashchilar va uni “Zoom” ilovasi orqali kuzatgan hududiy bo‘linmalar ishtirokchilari qalbida cheksiz g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otdi.

 

 

Odina Mirzayeva,

Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi xodimi