DAVLAT FUQAROLIK XIZMATCHILARINING KASBIY ETIKASI
07/11/2022 - 11:30 2941
Davlat fuqarolik xizmati davlat boshqaruvi tizimining muhim vazifasi bo‘lib, uning samarali faoliyati, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishini, mamlakatning izchil va barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Shu sababli barcha davlatlar davlat xizmatining tarkibiy qismi bo‘lgan davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini tartibga solishga va ushbu tizimni doimiy islohot qilib borishga harakat qilishadi.
2022-yilning 14-oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 595-son qarori qabul qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatiga oid va xizmatdan tashqari odob-axloqi, jamoatchilik bilan munosabatlariga doir qoidalarga rioya etilishini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Mazkur qarorda, davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish, masʼuliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish, murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashish, xushmuomalalik, eʼtiborlilik va hushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hissini uyg‘otish belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, har qanday qonun buzilishiga, ayniqsa, korrupsiya holatlariga qarshi murosasizlik bilan kurashish, jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarda to‘g‘ri foydalana olish kabi insoniy fazilatlar hamda qoidalarga amal qilish lozim.
Eʼtibor berishimiz lozimki, qarorda odob-axloq qoidalarini buzgan xizmatchilarga intizomiy va boshqa turdagi javobgarlik choralari ko‘rilishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.
Misol sifatida namunaviy odob-axloq qoidalariga davlat fuqarolik xizmatchilari rioya qilishi shart bo‘lgan qoidalardan keltirib o‘tadigan bo‘lsak, davlat idoralari va tashkilotlari, davlat xizmatchilari va boshqa shaxslarga o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda shaxsiy masalalar yuzasidan ta’sir o‘tkazmasligi, oilasida sog‘lom muhitni taʼminlab, oila aʼzolariga doimiy g‘amxo‘r bo‘lish, farzandlarida vatanparvarlik va boshqa yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirishi belgilangan.
Xorij tajribasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, Buyuk Britaniyada davlat xizmatchilarining etikasi yettita, ya’ni fidoyilik, vijdonlilik, obyektivlik, hisobdorlik, oshkoralik, rostgo‘ylik, yetakchilik kabi tamoyillarga asoslanadi hamda xorijiy davlatlarda davlat xizmatchilari tomonidan xulq-atvor standartlariga rioya qilinishining monitoringi yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, davlat xizmatchisining kasbiy etikasining axloqiy tamoyillari va normalarini aniqlash, o‘rganish, uning amaliy faoliyati uchun zarurdir. Chunki davlat xizmatchilari har bir sohada jamiyatni yuksalishiga, taraqqiy etib borishiga o‘z hissalarini qo‘shadi. Bugungi davlat xizmatida ishlayotgan inson, albatta, kasbiy etikasiga va odob-axloqiga qat’iy rioya qilish kerak.
Shuni aytish joizki, davlat fuqarolik xizmatida ishlash uchun, oilaviy sharoitlarga ham katta e’tibor berish zarur. Inson odob-axloqi jarayonida yaxshi xulq-atvorga, qadriyatlarga tayangan bo‘lsa, hayot saboqlarini shunchalik yaxshi anglaydi, yaxshi ishlarni amalga oshiradi, jamiyatga o‘z hissasini qo‘shadi, yoshlarga o‘rnak bo‘ladi.
Buyuk mutafakkir bobolarimiz ta’kidlaganidek, “Insonning qadr-qimmati uning mol-mulki yoki ijtimoiy kelib chiqishi bilan emas, balki ma’naviy qiyofasi, axloqiy sifatlari bilan o‘lchanadi”.
Mohigul NORMURODOVA,
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi,
Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi xodimi