21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni

21/10/2022 - 22:39 1564

Hazrat Navoiy aytganlar:

So‘z kelib avvalu jahon so‘ngra,
Ne jahonki, kavn ila makon so‘ngra.
Chunki mavjud bo‘lsa nuktai “kun”,
Bo‘ldi mavjud toza, yo‘qsa kukun.

Bugun yurtimizdagi har bir sohada islohotlar bo‘lgani kabi o‘zbek tilini rivojlantirish, o‘rganish va targ‘ib qilish borasida ham yangi bosqich boshlandi. 2019 yil 21-oktabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Mazkur farmonga ko‘ra, 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni, deb belgilandi. Xalqimiz buni katta xursandchilik bilan qabul qildi. Shuningdek, farmonning yana bir tarixiy ahamiyati shundaki, farmon bilan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida yangi Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tashkil etildi.

Qisqa vaqt ichida ushbu departament tomonidan ko‘plab amaliy ishlar qilindi. Xususan, barcha ish hujjatlar Davlat tilida bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Vazirlik va tashkilotlarda rahbarning davlat tili to‘g‘risidagi Qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimlari tashkil etilgani bu ishlarni yanada faollashtirdi.

Hozirgi kunda dunyoda 50 milliondan ortiq inson o‘zbek tilida so‘zlashadi. O‘zbek tilini qanchalar ko‘p targ‘ib eta olsak, ona tilimizga qiziquvchilar safi ham shunchalik kengayib boradi. Tilshunos olimlarning e’tirof etishicha, xorijiy davlatlarning 70 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda. Birgina Yaponiyada boshqa davlatlarga qaraganda o‘zbek tilini o‘rganishni istovchilar soni ancha salmoqli, shuningdek, Janubiy Koreya va Xitoyda ham o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqish yuqori. Xorijiy mamlakatlarda 70 ga yaqin “O‘zbek tili do‘stlari” klublari tashkil qilingan. Bu o‘zbek tilini o‘rganish, uni targ‘ib qilish va O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan voqealar to‘g‘risida ma’lumotlar olib turish imkoniyatini beradi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2021-yilda “Yurtdoshlar” sayti ishga tushirildi. Mazkur saytga o‘zbek tilida qator dasturlar joylashtirilgan. O‘zbek tilini targ‘ib etish va himoya qilishdek bu ezgu jarayonda nafaqat mutaxassislar, balki har birimiz jon kuydirishimiz nihoyatda muhimdir.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro elektron “Vikipediya” ensiklopediyada o‘zbek tilidagi ma’lumotlar 185 mingdan oshib, umumiy reytingda 54 o‘ringa ko‘tarildi.

Shuhrat ISLOMOV,

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi xodimi