Til – millat tayanchi
19/10/2022 - 18:24 1412
Til – muqaddas tushuncha, har bir inson uchun aziz. Uning yordamida inson yangi tushunchalar va munosabatlarni anglay boshlaydi. Inson ulg‘aygan sayin atrofdagilar bilan muloqot qilish, kitoblar o‘qish orqali so‘z boyligini oshirib boradi.
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyatda muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir”. Shunday ekan, tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qoladi. Zero, til bor ekan, millat barhayotdir.
O‘z mutaxassisligimdan kelib chiqqan holda tilga sotsiologik yondashsak, avvalo, uning vazifasi – insonlar o‘rtasidagi kuchli ijtimoiy aloqa va munosabatlar vositasidir. Insonlar muloqot orqali o‘z fikrlarini his-tuyg‘ularini ifodalaydi. Shuningdek, tahliliy, tanqidiy natijalar orqali tilning qanchalik mukammalligi, g‘alizliklar kelib chiqishi, necha foiz insonlar qaysi tildan foydalanayotganligi, so‘z boyliklarini ortishi, tilni ijtimoiy hayotga tatbiq etishini sotsiologik jihatdan o‘rganiladi. Jamiyatning shakllanishida tilning roli beqiyos, o‘z navbatida, jamiyat taraqqiyoti bilan hamnafas ohangda takomil topib boradi.
Qachonki, sotsiolog, faylasuf, tarixchi va filologlar birlashib o‘zbek tilini yanada boyitishga harakat qilsa, ana shunda tilimiz rivojlanadi.
Ushbu tushuncha AQSHda sotsiolingvistika nomi bilan yuritiladi. Tilning sotsial holati, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar, omillar muammolari sotsiolingvistikaning muhim vazifalari sanaladi. Sotsiologik tadqiqotlarda hozirda til bilan bog‘liq ijtimoiy so‘rovnomalar amalga oshiriladi.
So‘zlarni sotsiologik tahlil qilganda, masalan ijtimoiy va sotsial so‘zlarni ayrimlar bir xil tushuncha deb tushunishadi, buni tahlil qilganda, sotsial – kichik qamrovli bitta sohaga yo‘naltirilgan muammolarni o‘rganadi, tahlil qiladi. Ijtimoiy – bu butun jamiyatga taalluqli odamlarning yoki jamiyatdagi munosabatlari bilan bog‘liq jarayonlarni umumiy o‘rganadi.
Tahliliy kuzatishlar oʻzbek tilining davlat tili maqomini yanada mustahkamlash, qonuniy asoslarni kengaytirish, qatʼiylashtirish zarurati mavjudligini koʻrsatadi. Uning sotsiologik muammolarini bartaraf qilishda tadqiqotlar o‘zbek tilining keyingi taqdirini hal etishda ham asosiy vositadir.
Tarixdan tilga doimo katta e’tibor berib kelingan, XX asr oxirida ijtimoiy hodisa sifatida qarash g‘oyasi keng yoyildi. Bu bejiz emas, chunki jahondagi ko‘pgina mamlakatlar o‘z mustaqilligiga erishib, milliy, davlat yoki rasmiy til maqomiga ega bo‘ldi. Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgʻon oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”, deb ta’kidlagan. Agar biz o‘z tilimizning ko‘rkamligi, boyligini dunyoga tarannum etsak, millatimiz yanada charog‘on bo‘ladi va birligimiz mustahkam bo‘ladi.
Normurodova Mohigul
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi xodimi