Kambag‘allikka barham berish – jahon hamjamiyati oldida turgan asosiy muammolardan biridir

17/10/2022 - 18:38 3116

Nega aynan 17-oktabr kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro sana sifatida belgilangan? Buning tarixi 1987-yilga borib taqaladi. Chunki aynan shu kuni BMTning 1948-yilda qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha deklaratsiyaga binoan kambag‘allik, zo‘ravonlik, ocharchilikdan halok bo‘lgan insonlar xotirasiga 100 mingdan ortiq kishi Parijda yig‘ilgan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, agar 2019-yilda dunyoda o‘ta kambag‘allik chegarasidan past bo‘lganlar soni 655 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, pandemiya davrida bu ko‘rsatkich 732 million nafargacha oshdi.

Har bir mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti va ijtimoiy siyosati aholisining turmush darajasini ifodalovchi ko‘rsatkichlardan biri, ya’ni kambag‘allik darajasi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, aholini kambag‘allik darajasidan olib chiqish, ushbu ko‘rsatkichni qisqartirish borasida samarador mexanizmlarni qo‘llash, oqilona siyosat olib borish doimiy dolzarb hisoblangan.

Ma’lumki, 2020-yilning boshida O‘zbekiston tarixida ilk marotaba kambag‘allik tushunchasi Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ko‘tarilib, mazkur yo‘nalish ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning asosiy kun tartibiga aylangan edi.

O‘tgan davr mobaynida ushbu yo‘nalishda bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, ular asosida ta’sirchan va samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. Birgina joriy yilni esga oladigan bo‘lsak, o‘tgan yildagi koronavirus pandemiyasi salbiy ta’sirining davom etishi, yil boshidan dunyoda, xususan, yaqin xorijiy mamlakatlar, asosiy savdo-iqtisodiy sheriklarda geosiyosiy hamda tahlikali vaziyatning kuzatilishi ortidan iqtisodiyot va aholi daromadlarida salbiy o‘zgarishlar kutilgan edi. Ammo mamlakat hukumati tomonidan amalga oshirilgan tezkor va samarali sa’y-harakatlar natijasida nisbatan barqaror iqtisodiy o‘sishga erishildi hamda inflatsiyaning keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Umuman olganda so‘nggi yillarda aholi jon boshiga real daromadlarning salkam 2,3 barobarga, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam ko‘rsatilgan oilalar soni 3 barobarga, o‘rtacha oylik ish haqi 3 barobarga, iqtisodiyotning rasmiy sektorida bandlar soni salkam 900 ming kishiga, xorijdan mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari esa 2 barobarga ortishi kambag‘allik darajasining pasayishiga olib kelgan asosiy omillar hisoblanadi.

Bevosita kambag‘allikni qisqartirish borasida esa quyidagilar amalga oshirildi.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-31-son “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi izchil davom ettirildi. Jumladan, hokim yordamchilari tomonidan yil davomida mahallani o‘rganish va tahlil qilish natijasida uni o‘rta va qisqa muddatda rivojlantirish bo‘yicha har bir hudud uchun alohida “yo‘l xarita”lari tasdiqlandi.

Ushbu “yo‘l xarita”larda belgilangan vazifalarning ijro etilishi natijasida quyidagilarga erishildi:

- 1,9 mln nafar fuqarolarning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlandi;

- 341 ming nafar fuqarolarga ijara asosida yer ajratildi;

- 267 mingta loyihaga 6,4 trln so‘m imtiyozli kredit va 35 mingdan ortiq ishsizlarga 112 mlrd so‘m subsidiyalar ajratildi;

- 218 ming nafar aholi kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi;

- 19 mingta “mahallabay” mikroloyihalar ishga tushirilib, 78 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Ikkinchidan, kambag‘allikni qisqartirish va minimal ijtimoiy standartlarda foydalanish maqsadida ishlab chiqilgan minimal iste’mol xarajatlarining yangi qiymati 2022-yil uchun hisoblandi (498 ming so‘m)
va o‘rnatilgan tartibda e’lon qilindi.

Belgilangan kambag‘allik chegarasidan kelib chiqib ilk bora kambag‘allik darajasi (17,0 foiz) aniqlandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan e’lon qilindi.

Uchinchidan, joriy yilning 26-27-may kunlari Buxoro shahrida mamlakatimiz tarixida ilk marta “Xalqaro kambag‘allikni qisqartirish” forumi yuqori darajada tashkil etildi.

Forumda BMT, SHHTga a’zo, kuzatuvchi, hamkor davlatlar, xalqaro moliya institutlari, akademik doiralar va boshqa xorijiy mamlakat, tashkilotlar hamda mahalliy hokimlik organlarining 300 ga yaqin vakillari (jami 100 dan ortiq xorijiy hamkorlar) ishtirok etdi.

Forum ishtirokchilari dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning murakkablashib borishi sharoitida O‘zbekistonda 2022–2026-yillarda kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish, bu borada xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha o‘z vaqtida qo‘yilgan zaruriy qadam hamda samarali platforma sifatida qayd etdilar.

Avvalroq Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Xitoydagi Xalqaro kambag‘allikni qisqartirish markazi o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolangan edi. Buxoro forumida esa 2022–2023-yillarga mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlik dasturi tasdiqlandi.

To‘rtinchidan, aholini ehtiyojmand qatlamini moliyaviy va nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari davom ettirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 25-maydagi PQ-258-sonli qaroriga asosan 97,8 ming ehtiyojmand oilalarga 6,0 ming tonna bepul un hamda 11,1 mlrd so‘m naqd pul mablag‘lari tarqatildi.

Bundan tashqari “Aholini oziq-ovqat, jumladan, chorva va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari” to‘g‘risida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarga muvofiq,
264,7 ming ehtiyojmand oilaga takroriy ekin uchun 88,5 ming gektar yer hamda 154,4 ming ehtiyojmand oilaga 28,6 ming tonna bug‘doy klaster va fermer xo‘jaliklari tomonidan bepul tarqatildi.

Shu o‘rinda, mamlakat hukumati tomonidan respublikada kambag‘allik darajasini amaldagi 17 foizdan 2026-yilga kelib kamida 8 foizgacha kamaytirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni ishga solinishi, buning uchun esa ushbu maqsadga erishishda yagona, yaxlit tizimni joriy etish lozimligi davlat dasturi bilan mustahkamlanib qo‘yilganini qayd etish lozim.

Bundan tashqari, mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish borasida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozim.

  1. Xalqaro tajribalar, jumladan, Xitoy, Malayziya, Indoneziya kabi mamlakatlarning kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi ilg‘or yutuqlarini O‘zbekistonda qo‘llash, avvalambor aholi ongida kambag‘allikka tushib qolish hamda undan chiqib ketishi uchun psixologik va motivatsion targ‘ibot tadbirlarini ko‘paytirish lozim.
  2. Nafaqat kambag‘al, balki past daromadli aholi qatlamini daromadlarini oshirishga qaratilgan samarador mexanizmlarni joriy etish, amaldagi tizimlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirish lozim. Aholini ko‘proq iqtisodiy (tadbirkorlikka jalb etish) chora-tadbirlar orqali kambag‘allikdan chiqarishga e’tibor qaratilishi, bu borada moliyaviy ko‘mak mexanizmlarini yanada oshirish, ammo manzilligini ta’minlash talab etiladi.
  3. Aholining kambag‘al qatlami farzandlarining ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik kabi ijtimoiy sohalar orqali to‘liq qo‘llab-quvvatlash, natijada “ijtimoiy lift” jarayoni vujudga kelishiga zamin yaratish lozim. Ayniqsa, bolalarni kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish kelgusida ularni kambag‘allikka tushib qolmasligiga yordam beradi.
  4. Kambag‘allikni qisqartirishda birinchi navbatda “ijtimoiy himoya yagona reyestri”da ro‘yxatga olingan oilalar bilan kompleks ishlash, ularning barcha a’zolariga ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish orqali reyestrdan chiqishiga yordam berish tavsiya etiladi.
  5. Va nihoyat kambag‘allikni qisqartirishga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etadigan bandlik, tadbirkorlik, ijtimoiy himoya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilmalarni rivojlantirish kabi sohalarga ham bir vaqtda e’tibor qaratish, ularning kambag‘allikni qisqartirishdagi o‘rnini inobatga olgan holda islohotlarni amalga oshirish talab etiladi.

Kambag‘allikni qisqartirish siyosatini yuritish departamenti