DAVLAT TILIDA ISH YURITISH
22/09/2022 - 16:31 3570
Joriy yilning 9 – 14-sentabr kunlari “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlariga tashrif buyurgan bir guruh olim va shoirlar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Unda bugungi kunda jonajon Vatanimiz har sohada dunyoning tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlari reytingida yuqori o‘rinlarni egallayotganligi yurtimizda olib borilayotgan oqilona siyosat tufayli ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Milliy tilda millat ruhi, uning boy tarixiy qiyofasi, qadriyatlar, sobit e’tiqodlar aks etishi yurt farovonligining ustunidir. Shu boisdan ona tilini asrab-avaylash, uning mavqeini yanada mustahkamlash, rivojlantirish mamlakat taraqqiyotining muhim omili sifatida qaralishini e’tirof etildi. Shuningdek, davlat tashkilotlarida ham ish yuritishni to‘g‘ri tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentining “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi taqdimotini o‘tkazdilar.
Prezidentimizning «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Davlat tilida ish yuritilishini taʼminlash uchun departament tashabbusi bilan yaratilgan “Davlat tilida ish yuritish” qoʻllanmasi ish faoliyatda eng koʻp foydalaniladigan hujjatlar, ularni tuzish tartib-qoidalari tegishli namunalar bilan berilgan. Shuningdek, kitobda ish yuritishga oid lugʻat oʻrin olgan.
— Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratini tashkil qilish eng asosiy vazifalardan biridir, deydi — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi boshlig‘i Obiddin Maxmudov. — Ish yuritishning asosini hujjatlar tashkil etadi. Biron-bir tashkilot, muassasa yoki korxona faoliyatini hujjatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mazmunan va shaklan turli-tuman bo‘lgan hujjatlar jamiyatning uzluksiz faoliyatini tartibga solib kelgan. Bugungi kunda ham davlat va nodavlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish sifatini oshirish mamlakatimiz taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan asosiy omillardan hisoblanadi.
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar bilan Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurgan xalq sevgan san’atkor, “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” unvoni sohibasi Gavhar Zokirova mazkur kechada o‘zining badiiy va sermazmun suhbatlari bilan bosh boshqarma xodimlarining mehrini yanada qozondi.
Bunday tadbirlar Termiz shahri, Angor, Denov, Sherobod va Sho‘rchi tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati