Surxondaryo viloyatida “mahallabay” ishlash va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi yuzasidan press-tur tadbirlari tashkil etildi

25/07/2022 - 17:55 3333

 Joriy yilning 19–20-iyul kunlari davomida Surxondaryo viloyatida “mahallabay” ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi, o‘tgan 6 oy davomida erishilgan natijalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida ikki kunlik press-tur tadbirlari tashkil etildi.

 Press-turning 1-kunida ishtirokchilar Termiz shahri, Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlarida hokim yordamchilarining tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari, aholini ish bilan band qilish va doimiy daromadga ega bo‘lishdagi yordami bilan tanishdilar.

 Dastlab, tadbir ishtirokchilari Termiz shahri “Guliston” MFY hokim yordamchisi tashabbusi bilan “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida baliqchilik – sun’iy havzalarda baliq yetishtirish loyihasi bilan yaqindan tanishdilar. Loyihada 40 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, yillik ishlab chiqarish quvvatini 60 tonnagacha yetkazish belgilangan.

Press-tur qatnashchilarining keyingi manzili “Pattakesar” mahallasi bo‘lib, mahalla fuqarolariga 41 ga yaqin kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, shundan “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ko‘chada asalarichilikka moslashtirilgan bo‘lib, qolgan mahalla aholisiga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida 33 mln gacha mablag‘da kreditlar ajratilib kelinmoqda. Xizmat ko‘rsatish tikuv sexida hozirgi kunda 30 ga yaqin “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan ayollar ishga jalb qilingan.

Shundan so‘ng, ishtirokchilar “Shifokor” mahallasi hududidagi “Mahallabay” ishlash tizimi asosida kurka yetishtirish faoliyati bilan tanishdilar.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari shahardagi hunarmandlar xonadoniga tashrif buyurib, kooperatsiya asosida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar, shu bilan birga, hokim yordamchisi va bu yerda faoliyat yuritayotgan ishchilar bilan suhbatlashdilar.

Shu bilan birga, Jarqo‘rg‘on tumani “Avlod” MFYda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida fuqaro Eshpo‘lat Qulboyevning xonadonida “Avlod Oltin Sabzavot Barcha” tomorqa xizmati MCHJ tomonidan tashkil etilgan issiqxonachilik va ko‘chatchilik faoliyati bilan tanishdilar. Issiqxonaning umumiy maydoni 30 sotixni tashkil etib, yer maydonida karamko‘chat bilan shug‘ullanib kelinmoqda.

Ushbu hududdagi “Loyqand” MFYda “Mahallabay” ishlash tizimi asosida fuqaro Jumagulov O‘rolning “Loyqand tekstil” xususiy korxonasida “tikuvchilik” faoliyati bilan tanishdilar. Korxonada 10 ga yaqin “Ayollar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlar va ayollar ish bilan ta’minlangan bo‘lib, hozirgi kunda, asosan, maktab formalarini tikish bilan shug‘ullanib kelinmoqda.

Press-tur 1-kunining oxirgi manzili Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Surxon 4 fasl gullari” oilaviy korxonasi tomonidan “Gultepa” MFY hududida barpo etilgan gulchilik yo‘nalishidagi kooperatsiya faoliyati va yo‘nalishlari bilan tanishildi. Xususan, ishtirokchilar 200 ga yaqin gullarni yetishtirish va yetkazib berish jarayonlari bilan tanishdilar hamda yaratilgan ish o‘rinlari yuzasidan hokim yordamchisi bilan suhbat olib bordilar.

Tadbirning 2-kuni Sho‘rchi, Denov va Uzun tumanlarida davom ettirildi.

Xususan, press-tur ishtirokchilari Denov tumanining “Jamatak” MFY hududida “Mahallabay” ishlash tizimi asosida tashkil etilgan “Qurbonali tekstil” oilaviy korxonasiga tashrif buyurdi. Korxonaning ishlab chiqarish faoliyati turlari mahsulotlarni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarishdan iborat bo‘lib, 60 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. “Qurbonali Textil” oilaviy korxonasi ixtisosligi avtomobil o‘rindiqlari uchun g‘iloflar ishlab chiqarishdan iborat. Korxonaning yillik quvvati 10 ming dona va ushbu mahsulotlarning asosiy qismi mahalliy bozorga chiqariladi.

Shuningdek “Tasmasoy” MFYning hokim yordamchisi tomonidan “Mahallabay” ishlash tizimi asosida aholi xonadonlarida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha issiqxonalik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.

Ushbu tumanning “Buyuk kelajak” MFYda “Mahallabay” ishlash tizimi asosida “Denov sifat asalarilari ta’minot” ICHK tomonidan kooperatsiya asosida asalarichilik faoliyati jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Kooperatsiya faoliyatining asosiy turlari bu asalari uyi ishlab chiqarish, asalni qayta ishlash, asalni 5 xil turda qadoqlash hamda asaldan mum ishlab chiqarishdan iboratdir. Korxonada hozirgi kunda doimiy ishchilar soni 27 nafar bo‘lib, mavsumiy ishchilar soni esa 100 nafarni tashkil etib kelmoqda. Ishlab chiqarish kooperatsiyasi tomonidan bugungi kunda mahalliy zotli asalarilar bilan birga “O‘rta rus”, “Kulrang Kavkaz tog‘ asalarilari”, “Karpat” zotli asalarilar hamda keltirilgan “Italiya” zotli asalarilardan sifatli asal olish rejalashtirilgan.

Press-tur so‘ngida qatnashchilar Uzun tumanining “Yangi ro‘zg‘or” MFYda hokim yordamchisi “Mahallabay” ishlash tizimi asosida Nurafshon ko‘chasining umumiy uzunligi 2,4 km dan ortiq qismida voyish usulida uzum yetishtirishning o‘ziga xos tajriba maktabini yaratgan. Ushbu ko‘chaga jami bo‘lib, 800 tupdan ortiq “Mersedes” navli uzum ko‘chatlari ekilgan.

Ushbu “Nurafshon” ko‘chasida jami 114 ta xonadon mavjud bo‘lib, shundan 400 metr qismida uzum voyishlari to‘liq tugallanib, 30 ta xonadonlarning ko‘cha qismidagi uzum ko‘chatlari to‘liq hosilga kirgan. Har bir xonadonga 7 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, uzum voyishi qurildi. Natijada, o‘rtacha 7-8 tup uzum ko‘chati ekilib, har bir xonadon 1 tonnaga yaqin hosil olib,  8-10 mln so‘m qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati