Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlari haftalik dinamikasi

23/07/2022 - 16:26 2642

2022-yilning 4–10-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida yuqori likvidli mahsulotlarning sotilish hajmi o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan 2 barobarga ko‘paydi. Jumladan, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan avtomobil benzini 4,3 barobarga, mis katodi 1,7 barobarga, mineral o‘g‘itlar 1,5 barobarga, qora metallar prokati 126 foizga, va polietilen 106 foizga oshgani qayd etildi. Shuningdek, o‘tgan oyning mos haftasiga nisbatan esa avtomobil benzini 5,5 barobarga, qora metallar prokati 1,6 barobarga va mis katodi 125 foizga oshgani qayd etildi.

Bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 4–10-iyul kunlari tovarlar eksporti hajmi 168,9 mln AQSH dollarini, import hajmi esa 456,4 mln AQSH dollarini tashkil qildi. 

Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 70,3 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 118,7 mln dollarni tashkil qilmoqda (Xususan, 31,4 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 27,4 mln dollarlik kalava ip, 24,7 mln dollarlik metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, 20,6 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari va 14,6 mln dollarlik mineral o‘g‘itlar).

Import tovarlari guruhida esa eng katta ulushga ega bo‘lgan 5 ta tovarlar hajmi 273 mln dollarni tashkil etdi. Bular:

Transport va uning ehtiyot qismlari (73 mln dollar), metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar (65,4 mln dollar), texnologik asbob-uskunalar (55,6 mln dollar), oziq-ovqat mahsulotlari (45,2 mln dollar), shuningdek, farmatsevtika mahsulotlari (33,9 mln dollar).

 Joriy yilning 4–10-iyul kunlari iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘tgan haftaga nisbatan 0,07 foizni tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida). 

Xususan, o‘tgan haftaga nisbatan nooziq-ovqat mahsulotlari 0,12 foizga va oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,07 foizga oshgan bo‘lsa, xizmatlar narxlari esa o‘zgarishsiz qoldi.

Respublikada o‘rtacha iste’mol narxlari indeksi darajasiga yuqori ta’sir qilgan hududlar Buxoro viloyati (0,15 foiz), Xorazm viloyati (0,14 foiz) va Toshkent shahri (0,11 foiz). 

 Ma’lumot uchun: Ushbu hududlarda INI o‘sishi, asosan, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati