IQTISODIY TARAQQIYOT VA KAMBAGʻALLIKNI QISQARTIRISH VAZIRLIGIDA KORRUPSIYAGA QARSHI TARTIB-TAOMILLARNING SAMARADORLIGINI MONITORING VA NAZORAT QILISH USLUBIYOTI
13/07/2022 - 18:29 1097
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni
qisqartirish vazirligining
2022-yil “ 13 ” 07 dagi
14 -son buyrugʻiga
8-ilova
IQTISODIY TARAQQIYOT VA KAMBAGʻALLIKNI QISQARTIRISH VAZIRLIGIDA KORRUPSIYAGA QARSHI TARTIB-TAOMILLARNING SAMARADORLIGINI MONITORING VA NAZORAT QILISH USLUBIYOTI
1-bob Umumiy qoidalar
- Mazkur Uslubiyot Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) ichki normativ hujjati hisoblanadi va Vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha belgilangan tartib-taomillar va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qabul qilingan ichki normativ hujjatlar bajarilishini monitoring va nazorat qilish tartibi hamda standartlarini belgilaydi.
- Mazkur Uslubiyotda monitoring deganda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining amal qilishi samaradorligini baholash hamda Vazirlik faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish maqsadida tekshirish, nazorat deganda tanqidiy oʻrganish koʻrinishida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi holatining tahlili tushuniladi.
- Mazkur Uslubiyot Oʻzbekiston Respublikasining Qonunchilik hujjatlari, Vazirlikning ichki normativ hujjatlari talablariga muvofiq, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ilgʻor xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
- Korrupsiyaga qarshi kurashish tartib-taomillarining samaradorligini monitoring va nazorat qilish (keyingi oʻrinlarda – monitoring va nazorat) Vazirlikning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi (keyingi oʻrinlarda – Ichki nazorat boʻlimi) tomonidan amalga oshiriladi.
- Monitoring va nazoratning asosiy maqsadlari quyidagilar hisoblanadi:
Vazirlik faoliyatining korrupsiyaga qarshi qabul qilingan talablarga muvofiqligini tekshirish;
korrupsiyaga oid va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning etarliligi va korrupsiyaga qarshi tadbiq etilgan tartib-taomillarning samaradorligini oshirish va baholash;
kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish orqali Vazirlikning korrupsiyaga qarshi komplaens tizimini takomillashtirish;
Vazirlikning korrupsiyaga qarshi ichki normativ hujjatlari va tartib-taomillariga rioya qilinishini tahlil qilish;
Vazirlik faoliyatida korrupsiya xavf-xatarlar indikatorlarini aniqlash;
manfaatlar toʻqnashuvini oʻz vaqtida aniqlash va tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini tahlil qilish;
Vazirlikning korrupsiya xavf-xatarlarini kamaytirishga qaratilgan boshqa tartib-taomillarining bajarilmaganligini aniqlash;
Vazirlikda avvalgi oʻtkazilgan monitoring natijalari va korrupsiyaga qarshi kurashish tartib-taomillari, xizmat tekshiruvlari, ichki audit tekshiruvlari, boshqa nazorat choralari va ular doirasida taqdim etilgan tavsiyalarga rioya qilinishi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish rejasida tasdiqlangan boshqa tadbirlarning amalga oshirilishini nazorat qilish.
- Ushbu Uslubiyot maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
kontragent (shartnomaviy sherik) – Vazirlik bilan shartnomaviy munosabatlarga (mehnat munosabatlari bundan mustasno) kirishgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs;
korrupsiyaviy xarakatlar – xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora beruvchi manfaatlari yoʻlida harakat yoki harakatsizlik uchun moddiy manfaatdor boʻlishi, shu jumladan pul, qimmatbaho qogʻoz, boshqa koʻrinishdagi mulk va mulkiy huquqlar, mulkiy xarakterdagi xizmatlar olish, talab qilish, undirish, taklif qilish yoki berish, pora berish va/yoki olish yoki bunda vositachilik qilishda, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun toʻlovlar undirish (pora olish) va boshqa noqonuniy maqsadlarda oʻz xizmat vazifalaridan noqonuniy foydalanish;
korrupsiya – shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;
korrupsiyaga qarshi tizim – korrupsiyaviy harakatlarning, Oʻzbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchiligi va Vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga doir ichki hujjatlari buzilishining oldini olish, Vazirlik xodimlari tomonidan oʻz faoliyatini professional va xulq-atvor jihatdan yuksak darajada amalga oshirilishini ta’minlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar;
relevant xabar – Vazirlikdagi korrupsiyaviy xatti-harakatlar va (yoki) manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi axborotdan iborat boʻlgan axborot;
xodim – Vazirlik bilan mehnat munosabatlariga kirishgan shaxs.
2-bob. Monitoring va nazorat oʻtkazish yoʻnalishlari va tadbirlari
- Vazirlikda quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha korrupsiyaga qarshi monitoring oʻtkaziladi:
idoraviy korrupsiyaga qarshi tizim tizimining aktualligi va uning Qonunchilik talablari, shu jumladan, xalqaro standartlar talablariga muvofiqligi monitoringi;
ommaviy axborot vositalarida Vazirlik xodimlarining yoki uning kontragentlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlari toʻgʻrisidagi axborot mavjudligi monitoringi;
Vazirlik xodimlarining korrupsiyaga qarshi asosiy tamoyil va talablardan xabardorligi monitoringi.
- Vazirlikdagi korrupsiyaga qarshi tizimning nazorati quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi:
korrupsiyaga qarshi dasturlar, yoʻl xaritalari ijrosi ustidan nazorat;
Vazirlikdagi korrupsiyaga qarshi talablar va tartib-taomillarga rioya etilishi ustidan nazorat.
3-bob. Idoraviy korrupsiyaga qarshi tizim monitoringini oʻtkazish tartibi
- Idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining aktualligi va uning Qonunchilik talablari, shu jumladan, xalqaro standartlar talablariga muvofiqligi monitoringi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi (keyingi oʻrinlarda – Ichki nazorat boʻlimi) tomonidan doimiy ravishda Oʻzbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashga oid qonunchiligi va boshqa korrupsiyaga oid talablarni (masalan, Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi qarorlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining koʻrsatmalari, xalqaro va chet el Vazirliklari tavsiyalari) kuzatib borish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Bunda, zarurat tugʻilganda Ichki nazorat boʻlimi monitoring yakunlari boʻyicha Vazirlikdagi korrupsiyaga qarshi tizimini takomillashtirish, ichki idoraviy hujjatlarni oʻzgartirish yoki yangi hujjatlar, chora-tadbirlar loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirning birinchi oʻrinbosariga kiritadi.
- Ommaviy axborot vositalarida Vazirlik xodimlarining korrupsiyaviy hatti-harakatlari toʻgʻrisidagi axborot mavjudligi monitoringi, Vazirlik axborot xizmati tomonidan doimiy ravishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish orqali amalga oshiriladi.
Monitoring natijasida xodimga aloqador relevant xabar aniqlanganda Vazirlikdagi xodimlarining korrupsiyaviy xatti-xarakatlari va odob-axloq qoidalarini buzish holatlari ustidan xizmat tekshiruvlari oʻtkazish boʻyicha ichki idoraviy hujjatda belgilangan tartibda harakat qilinadi.
- Vazirlik xodimlarining asosiy korrupsiyaga qarshi tamoyillar va talablar toʻgʻrisida xabardorligini tekshirish Ichki nazorat boʻlimi tomonidan yarim yilda bir marta amalga oshiriladi.
Xodimlarning xabardorligi mazkur uslubiyotga 1-ilovada keltirilgan xodimlarining korrupsiyaga qarshi tamoyillar va talablardan xabardorligini tekshirish tizimiga muvofiq oʻtkazilib, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tanlov asosida Vazirlik xodimlarining tekshiruvda ishtirokini aniqlash (soʻrovda qatnashadigan xodimlarning minimal soni Vazirlikning turli tuzilmalaridan turli lavozimlarni egallagan 6 kishi);
korrupsiyaga qarshi kurashish tamoyillari va Vazirlik talablariga muvofiq savollar roʻyxatini tuzish (vaziyatli topshiriqlar - keyslarni yechish bilan) savollarning minimal soni 10 ta, test, ochiq savollar yoki boshqa shaklda tuzilishi mumkin);
javob/yechimlarni taqdim qilish uchun tanlangan xodimlarga nazorat savollarini yuborish;
natijalarni tahlil qilish va korrupsiyaga qarshi kurashish talablari va tartib-taomillarini tushunish va ularga rioya qilishdagi qiyinchiliklarni xodimlar bilan muhokama qilish.
- Oʻtkazilgan monitoring va uning natijalari toʻgʻrisidagi axborot
2-ilovaga muvofiq shaklda jurnalga kiritiladi.
4-bob. Vazirlikdagi korrupsiyaga qarshi tizimning nazoratini amalga oshirish
- Vazirlikning korrupsiyaga qarshi dasturlar, yoʻl xaritalari ijrosi ustidan nazorat korrupsiyaga qarshi kurash tizimining holati toʻgʻrisidagi hisobotni shakllantirish va taqdim etish boʻyicha ichki idoraviy hujjatga muvofiq hisobot tuzish davomida amalga oshiriladi.
- Korrupsiyaga qarshi talablar va tartib-taomillarga rioya etilishi ustidan nazorat Vazirlikdagi korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tashkil qiladigan funksiya, tartib-taomillar, korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida korrupsiyaviy xavf-xatarlarga eng koʻp moyil boʻlgan munosabatlarga nisbatan Vazirlikda joriy etiladigan va amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga nisbatan amalga oshiriladi.
- Vazirlik faoliyatining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda korrupsiyaga qarshi talablar va tartib-taomillarga rioya etilishi ustidan nazorat perimetriga quyidagi xavfli jarayonlar kiritilishi mumkin:
xaridlar boʻyicha faoliyat;
sovgʻalar, xizmat safarlari xarajatlari;
faoliyati nazorat qilinuvchi vazirliklar bilan oʻzaro hamkorlik;
moliyaviy mablagʻlarni sarflanishi;
personalni boshqarish (kadrlarni tanlash, tayinlash, lavozimini xizmat) oshirish, mukofotlash va boshqa koʻrinishdagi ragʻbatlantirish).
- Korrupsiyaga qarshi talablar va tartib-taomillarga rioya etilishi ustidan nazorat olib boriladigan faoliyat jarayonlarining koʻrsatilgan roʻyxati har yili korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash natijalariga koʻra ichki nazorat boʻlimi tomonidan koʻrib chiqiladi va agar lozim boʻlsa, korrupsiya nuqtai nazaridan xavfli boʻlgan yoki Vazirlik uchun dolzarb boʻlmagan jarayonlar nuqtai-nazaridan, Vazirning birinchi oʻrinbosari va Vazirlikning tegishli boʻlimlari bilan kelishilgan holda, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish orqali tuzatish kiritiladi.
- Bir yoki bir nechta xavfli jarayonlarga nisbatan korrupsiyaga qarshi nazorat davriy oraliqda, lekin Vazirlikning korrupsiyaga qarshi monitoring va nazorat rejasiga muvofiq har chorakda kamida 1 (bir) marta amalga oshiriladi.
- Korrupsiyaga qarshi talablar va tartib-taomillarga rioya etilishi ustidan nazorat rejasi ikki kalendar yilga moʻljallab Ichki nazorat boʻlimi tomonidan joriy yilning 15- yanvariga qadar shakllantiriladi va ushbu Uslubiyotda koʻrsatilgan (15 va 16-bandlar) Vazirlikning barcha jarayonlarini, tekshiriladigan davri va tekshiruv muddatlarini oʻz ichiga olishi kerak. Shu bilan birga, tegishli chorakda tekshirilishi kerak boʻlgan xavf-xatar jarayonlarining ketma-ketligi va taqsimlanish jarayoni Vazirlikning korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash boʻyicha ichki idoraviy hujjatida koʻrsatilgan, mehnat resurslari bilan ta’minlagan holda qonunbuzarliklar toʻgʻrisida xabar berish kanallari yoki boshqa usullar orqali, rahbariyatdan olingan joriy koʻrsatmalarga koʻra Ichki nazorat boʻlimi tomonidan belgilangan tartibda xavf-xatarlarni baholash natijalari boʻyicha jarayonlarning qoldiq xavf darajasiga qarab amalga oshiriladi.
- Tayyorlangan Korrupsiyaga qarshi talablar va tartib-taomillarga rioya etilishi ustidan nazorat rejasi 31-yanvarga qadar Vazirning birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanishi kerak.
- Vazirlikda rejadan tashqari korrupsiyaga qarshi talablar va tartib-taomillarga rioya etilishi ustidan nazorat choralari quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin:
agar Vazirning yoki uning birinchi oʻrinbosarining tegishli buyrugʻi mavjud boʻlsa;
Vazirlikda oʻtkazilgan boshqa tekshiruvlar (shu jumladan rasmiy tekshiruvlar, ichki auditorlik tekshiruvlari va boshqalar) davomida korrupsiya xatarlari aniqlanganda;
Vazirlikning aloqa kanallari orqali tegishli xabar olingan taqdirda.
- Nazorat tadbirlari tekshiruv shaklida oʻtkazilib, shu jumladan, korrupsiyaviy harakatlarning indikatorlarini aniqlashga qaratilgan boʻlishi kerak, ular doirasida quyidagi tartib-taomillar ham amalga oshirilishi mumkin:
Vazirlik tomonidan tuzilgan shartnomalar ma’lumotlarini tovarlarni qabul qilish va topshirish hujjatlari yoki xizmatlar koʻrsatish, ishlarni bajarish hujjatlari bilan solishtirish;
tovarlarni haqiqiy sotib olish va ulardan foydalanish yoki xizmatlar koʻrsatish, ishlarning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni ularning miqdori va sifati bilan tegishli shartnoma va hujjatlarda belgilangan tartibda solishtirish;
Kontragentni yoki Vazirlikda ishlashga nomzodni tekshirish natijalariga asoslangan xulosada aks ettirishning toʻliqligini, tahlil qilish uchun taqdim etilgan va axborot manbasining mazmunini qayd qiluvchi hujjatlar tarkibidagi ma’lumotlarning toʻliqligini tekshirish, shuningdek, kontragent yoki ishlashga nomzodning shartnomada koʻrsatilgan ma’lumotlari va tekshiruvdan oʻtgan shaxsning ma’lumotlarining muvofiqligini tekshirish;
kontragent va Vazirlik, shu jumladan, muvofiqlashtiruvchi shaxslar tomonidan shartnoma boshqa ma’muriy hujjatlar imzolovchilarining vakolatlari mavjudligini tekshirish, taqdim etilgan hujjatlarni vakolatli shaxslarning imzolari bilan vizual ravishda mosligini solishtirish;
kontragentning rekvizitlarini va tegishli shartnoma boʻyicha summani buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bilan solishtirish;
Vazirlik yoki kontragent xodimlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarida tuzatish, oʻchirish, soxtalashtirish belgilari yoʻqligini tekshirish;
Qonunchilik hujjatlariga va Vazirlikning ichki hujjatlariga muvofiq talab etiladigan ommaviy axborot manbalarida e’lonlarning mavjudligini tekshirish (raqobatlashuv xarid qilish tartib-taomillarining e’lon qilinganligi toʻgʻrisida ma’lumot va boshqalar.);
paydo boʻlayotgan masalalar boʻyicha qoʻshimcha ma’lumot va izohlar olish uchun Vazirlik xodimlari bilan suhbat.
- Nazorat tadbirlari yakunida ma’lumotnoma tuziladi (keyingi oʻrinlarda – Ma’lumotnoma deb yuritiladi), u kirish, tavsiflovchi va yakuniy qismlarni oʻz ichiga olishi lozim va ularda, odatda, quyidagilar koʻrsatiladi:
Kirish qismida:
Har bir vazifa va tartib-taomillar uchun nazoratning boshlanish va tugallanish sanalari;
nazorat oʻtkazilgan vazifa va tartib-taomillar roʻyxati;
nazorat oʻtkazilgan vazifa va tartib-taomillarni bajarishga mas'ul boʻlgan boʻlimlar va shaxslar roʻyxati;
Hisobotni tuzish uchun mas’ul xodimning F.I.SH.
Tavsiflovchi qismida:
nazorat oʻtkazilgan har bir vazifa va tartib-taomillar boʻyicha tanlov amalga oshirilishi usuli va tanlash hajmi;
Vazirlik korrupsiyaga qarshi tizimining aniqlangan qoidabuzilishlari va kamchiliklari, shu jumladan, kamchiliklarning paydo boʻlishi yoki rivojlanishiga hissa qoʻshgan sabablar va sharoitlar.
Yakuniy qismida:
nazorat oʻtkazilgan har bir vazifa va tartib-taomillarda korrupsiya xatarlarining mavjudligi yoki mavjud emasligi haqida xulosa;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilgan normalari, Vazirlikning ichki hujjatlari koʻrsatilgan asosiy qoidabuzarliklar;
nazorat oʻtkazish vaqtida aniqlangan qoidabuzarlik yoki kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar;
- Ma’lumotnomaga kiritilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar, havolalar va koʻchirmalar nusxalari(iloji boʻlsa) ilova qilinishi kerak.
- Ma’lumotnoma Vazirning birinchi oʻrinbosariga taqdim etiladi hamda oʻtkazilgan nazorat toʻgʻrisidagi ma’lumot 1-ilovaga muvofiq shaklda Jurnalga kiritiladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
- Monitoring va nazorat yakunlari boʻyicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish dasturiga kiritiladi.
- Monitoring va nazorat yakunlari boʻyicha ishlab chiqilgan tavsiyalarni bajarish, amalga oshirilgan ishlar haqida Ichki nazorat boʻlimiga tegishli ma’lumotlar taqdim etilishi uchun Vazirlik tegishli departament, mustaqil boshqarma va boʻlim rahbarlari shaxsan javobgardir.