Navoiy viloyatida mahallabay ishlash va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi yuzasidan press-tur tadbirlari tashkil etildi
16/07/2022 - 12:21 2694
Joriy yilning 13–14-iyul kunlari davomida Navoiy viloyatida mahallabay ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi, o‘tgan 5 oy davomida erishilgan natijalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida ikki kunlik press-tur tadbirlari tashkil etildi.

Tadbirning ochilish marosimi Navoiy viloyati mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasida bo‘lib, hokim yordamchilari tomonidan 1-yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar ko‘rsatkichlari bilan tanishishdan boshlandi. Xususan, xonadonlarda o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijalari bo‘yicha “hokim yordamchilari” tomonidan aholi xonadonlaridan 71 ming 764 ta turli muammo hamda talab va istaklar aniqlangan.
Viloyatdagi 330 ta hokim yordamchilari tomonidan shu kunga qadar mehnatga layoqatli, ishlash istagi mavjud 56 628 nafar fuqarolar korxona va tashkilot hamda tadbirkorlik subyektlariga ishga joylashtirib, bandligi ta’minlandi. Bundan:
- 11 305 nafar fuqaro doimiy hamda tadbirkorlik subyektlariga ishga joylashtirildi;
- 41 668 nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qildi;
- 3 655 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi.
Bundan tashqari, shahar va tuman hokimliklari, hokim yordamchilari va lider tadbirkorlar tomonidan viloyat bo‘yicha jami 382 959 dona parranda, qo‘y, echki, quyon, va asalari uyasi aholi xonadonlariga tarqatildi. Jumladan,
- 1-yarim yillikda 351 657 ta parranda tarqatish belgilangan bo‘lib, amalda 334 234 ta, ya’ni 95,0 foiz;
- 1-yarim yillikda 16 007 ta qo‘y va echki tarqatish belgilangan bo‘lib, amalda 29 742 ta, ya’ni 185,8 foiz;
- 1-yarim yillikda 7 569 ta quyon tarqatish belgilangan bo‘lib, amalda 8 799 ta, ya’ni 116,2 foiz;
- 1-yarim yillikda 13 300 ta asalari uyasi tarqatish belgilangan bo‘lib, amalda 10 184 ta, ya’ni 76,6 foiz tarqatilgan.
Press-turning 1-kunida ishtirokchilar Navoiy shahri, Nurota va G‘azg‘on tumanlarida hokim yordamchilarining tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari, aholini ish bilan band qilish va doimiy daromadga ega bo‘lishidagi yordami bilan tanishdilar.


Dastlab, tadbir ishtirokchilari Navoiy shahridagi “Baxt tekstil” aksiyadorlik jamiyatida tayyor mahsulot ishlab chiqarish faoliyati, hokim yordamchisining hamkorligi hamda ushbu davrga qadar amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, mazkur korxonaga joriy yilda hokim yordamchisi tavsiyasiga asosan, ushbu MFYdagi 9 nafar “Yoshlar daftari”da, 6 nafar “Ayollar daftari”da turuvchi hamda 7 nafar boshqa toifadagi ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlangan.
Press-tur qatnashchilarining keying manzili “Bunyodkor” mahallasida tashkil etilgan filtr ishlab chiqaruvchi “Navqironletmash” MCHJda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.

Korxona rahbari Ibroxim Fayziyevning ta’kidlashicha, ushbu loyihaning yillik ishlab chiqarish quvvati 500 dan ortiq har xil turdagi, konchilik sanoati, energetika va kimyo sanoatida ishlatiladigan nostandart uskuna va uskuna butlovchi qismlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, loyihani amalga oshirish natijasida 70 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etishi hamda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning 30 foizini MDH va boshqa davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan.


Shundan so‘ng ishtirokchilar “Kimyogar” mahallasi hududidagi “Chados-2009” MCHJ faoliyati bilan tanishdilar. Ushbu korxonada 20 ta ishchi o‘rin yaratilib sovg‘abop buyumlar va yumshoq o‘yinchoqlar ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari hozirgi kunga qadar 12 ta ishsiz xotin-qizlarga subsidiya asosida tikuv mashinalari olib berilib, o‘zini o‘zi band qilingan holda boshqa hududlarda alohida faoliyatini amalga oshirib kelmoqdalar. Shuningdek, mazkur MCHJda kasbga tayyorlash uchun sertifikatlar berish ham yo‘lga qo‘yilgan.



Press-turning keyingi manzili Nurota tumani bo‘ldi. Ushbu tumanda 1-iyul holatiga hokim yordamchilarining sa’y-harakatlari bilan 5381 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi, shundan, 1183 nafari doimiy ish joylariga, 465 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga qabul qilingan bo‘lsa, 3895 nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qilish tamoyili asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Bundan tashqari, 721 nafar ishsiz fuqarolar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan bo‘lib, bugungi kunda 125 nafar fuqarolar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda 24,1 ming bosh parranda, 625 dona quyon, 510 ta asalari uyasi, 5 949 bosh qo‘y va echkilar oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tijorat banklari kreditlari hisobiga hamda loyiha tashabbuskorlarini o‘z mablag‘lari hisobiga aholi xonadonlariga ta’minotchi korxonalar tomonidan yetkazib berildi.


Mazkur tumandagi salohiyatli “Avazsoy Chorva Poliz” fermer xo‘jaligi “A.Temur” MFYga “Lider tadbirkor” sifatida tanlab olinib, ushbu tadbirkorga hokim yordamchisi tavsiyasiga asosan 1,4 mlrd so‘m kredit ajratildi hamda Nurota tumanining “A.Temur” MFYsiga 60 ta, “Yangi hayot” MFYda 30 ta va “Mustaqillik” MFYga 30 ta, jami 120 dona yengil tipdagi issiqxonalar boshqa mahalladagi hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan qurib berilmoqda. Bugungi kunda “A.Temur” MFYdagi 25 ta xonadonda 1-2 sotixlik kichik ixcham issiqxonalar faoliyati bo‘yicha kooperatsiya tashkil qilindi.

Shu bilan birga, Nurota tumanidagi “Dehibaland” MFYda turizm bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan press-tur ishtirokchilari yaqindan tanishdilar. Ma’lumotlarga asosan, bugungi kunda “KO‘HNA NUROTA BOG‘LARI” MCHJ tomonidan turizm xizmatlari, umumiy ovqatlanish, savdo va dam olish maskanini tashkil etish uchun umumiy qiymati 5,2 mlrd so‘m, shundan o‘z mablag‘i 3,0 mlrd so‘m, hokim yordamchisining tavsiyasiga asosan 2,2 mlrd so‘mlik bank kreditlari ajratilib mahalladagi 15 nafarga yaqin ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlandi.


Navbatdagi manzil G‘azg‘on tumanida joylashgan “Marmarobod” MFY hududidagi “Marmarobod” MCHJ bo‘ldi. Korxonada 213 ta doimiy 17 ta mavsumiy ishchi xodimlar ishlaydi. Shundan 64 tasi hokim yordamchilari tavsiyasi asosida ishga joylashtirilib, o‘rtacha 3 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha oylik maosh olib kelmoqdalar.


Birinchi kunning so‘nggi manzili “Tumar” MFY hududida joylashgan “G‘ozg‘on chevar qizlari” korxonasi bo‘lib, ushbu korxonada kooperatsiya asosida kashtachilik bilan shug‘ullaniladi. Hozirda “Ayollar” daftari”, “Yoshlar daftari” va ishsiz ehtiyojmand 50 ta ayollar bandligi ta’minlangan.


Tadbirning 2-kuni Konimex va Qiziltepa tumanlarida davom ettirildi.
Xususan, Konimex tuman “To‘qqiztepa” MFYdagi “MALIKA LEATHAR INDUSTRY” xususiy korxonasi tomonidan terini qayta ishlash va mahsi tikish kooperatsiyasi loyhasi yo‘lga qo‘yilgan. Korxonada 20 ta doimiy 15 ta mavsumiy ishchi xodimlar ishlaydi. Shundan 25 tasi hokim yordamchilari tavsiyasi asosida ishga joylashtirilgan bo‘lib, ishchi xodimlar o‘rtacha 2,4 mln so‘mdan 2,8 mln so‘mgacha oylik maosh olib kelmoqdalar.


Keyingi manzil, “Sho‘rtepa” MFYdagi ayollar daftariga kiritilgan ishsiz fuqaro Fozilbekova Ibodatning xonadoni bo‘ldi. Hokim yordamchisi tomonidan qurib berilgan 1 sotixli issiqxonasida ekilgan bodring va tomorqadan yig‘ib olingan sarimsoq piyoz hamda kartoshka hosilini sotib daromad ko‘rilgan, takrori ekin ekish uchun yer tayyorlab qo‘yilganligi ta’kidlandi. Olingan daromad hisobidan uy sharoitida boqiladigan mayda shoxli mollarni ko‘paytirib, qo‘shimcha daromad olish rejalashtirgan.


Ushbu tumandagi so‘nggi manzil “Sho‘rtepa” MFYdagi ishsiz fuqaro Asadov Yusufning qo‘shimcha dala yer maydonida parrandalichilik, o‘rdakchilik va inkubatsiya asosida tuxumdan jo‘ja ochib chiqarish bilan shug‘ullanib kelishi bilan tanishish bo‘ldi. Hokim yordamchisi tomonidan 30 mln so‘m miqdorda imtiyozli kredit olish uchun tavsiyanoma berilib, kredit olib berilgan.





Press-tur so‘ngida qatnashchilar Qiziltepa tumanidagi “Toshrabot tekstil” MCHJ tomonidan tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.



Jumladan, mazkur korxonaga joriy yilda “Uzilishkent” MFY hokim yordamchisi tavsiyasiga asosan, MFYdagi 5 nafar “Yoshlar daftari”da, 12 nafar “Ayollar daftari”da turuvchi hamda 22 nafar boshqa toifadagi ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlangan.


Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati