“MEDEF International” – Fransiya Korxonalari harakati delegatsiyasi bilan uchrashuv
05/07/2022 - 18:15 3165
Joriy yilning 5-iyul kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov “MEDEF International” – Fransiya Korxonalari harakati ishbilarmonlar kengashi raisi Klod Imovin boshchiligidagi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.

Ma’lumot uchun: “MEDEF International” – Fransiya Korxonalari harakati – 1998-yilda tashkil etilgan Fransiyadagi eng yirik ish beruvchilar federatsiyasi hisoblanadi. A’zolarning umumiy soni 800 mingdan ortiq kompaniyalarni tashkil etadi. Mahalliy, mintaqaviy, milliy darajalarda va Yevropa Ittifoqi hududida lobbichilikda faol ishtirok etadi. Har yili Harakat delegatsiyalari qator mamlakatlarga, ayniqsa, biznes loyihalarini amalga oshirish maqsadida rivojlanayotgan mamlakatlarga tashrif buyuradi. “Barqaror rivojlanish” va ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv)larni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Delegatsiya tarkibiga Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushez xonim, “MEDEF International” – Fransiya Korxonalari harakati bosh direktorining oʻrinbosari Jeraldin Lamble, “Alstom” kompaniyasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha katta vitse-prezidenti Filipp Dellyur, Airbusning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo strategiyasi bo‘yicha vitse-prezidenti Jak Garrig va boshqa vakillar kirdi.

Kun tartibiga ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini yanada kengaytirish masalalari kiritildi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston tomoni mehmonlarni O‘zbekistonda iqtisodiyotning ayrim yo‘nalishlarini liberallashtirish, xususiylashtirish, “yashil” iqtisodiyot, transport va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirdi.
Bundan tashqari, mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, “yashil” iqtisodiyot, davlat korxonalarini xususiylashtirish, hududlarni rivojlantirish, shuningdek, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qildilar. (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi 101-son qarori) .
Bundan tashqari, uchrashuvda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va mis klasterini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv ishtirokchilari xususiylashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, “UzAirways” va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Bundan tashqari, hududlarni rivojlantirish master rejalarini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar “UzAirways” AK va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJni xususiylashtirish, yashil loyihalarni amalga oshirish, hududlarni rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Axborot xizmati
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi